Millatning oʻz tili bor ekan, demak, uning dunyoga aytar soʻzi ham bordir!
Har bir millatning mavjudligini, yashayotganini namoyon etadigan omillar boʻladi. Til ana shunday mavjudlik hodisasidir. Til shunchaki soʻzlashish vositasi emas, millat maʼnaviyati va madaniyatining toshoynasidir. Millatning oʻz tili bor ekan, demak, uning dunyoga aytar soʻzi ham bordir.
Ushbu sana, shubhasiz, mamlakatimiz oʻtmishidagi eng qutlugʻ sanalardan biri. Zero, bu kunda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinib, mustabid tuzum hukmronligi davridayoq xalqimizning oʻziga xos jasorati timsoliga aylangan edi. Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, bu hujjat oʻz vaqtida xalqimizning istiqlolga boʻlgan umid-ishonchini, milliy gʻurur tuygʻusini kuchaytirdi. Mustaqilligimizning oʻziga xos poydevori vazifasini bajardi desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.
Biroq, oʻtgan davr mobaynida “Davlat tili haqida”gi qonunga ham nomigagina amal qildik. Uzoqqa bormay, yon-atrofimiz, koʻcha-koʻyga bir nazar solaylik. Shunda amaldagi qonunning qaysi bandiga qay darajada rioya qilayotganimiz koʻrinadi. Mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun esa keng jamoatchilik saʼy-harakatiga ehtiyoj sezila boshladi. Bu borada davlatimiz rahbarining oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir” deya bildirgan fikr-mulohazalaridan tegishli xulosa chiqarishimiz kerak.
Shu maqsadda, yurtimizda davlat tilini rivojlantirish, uning xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi mavqeyini oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019-yil 21-oktyabrda imzolangan «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni asosida 21-oktyabr – “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilishi oʻzbek tilining ahamiyati, qadr-qimmati va nufuzini oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.
Shunday ekan tiriklik dunyosining bir qismi oʻlaroq asrlar osha butun jahonga oʻz soʻzimizni aytib keldik. Ona tilimizni yoʻl-yoʻlakay ne-ne ulugʻ zotlar tengsiz zakovati va fidoyiligi bilan asrab keldilar, sayqalladilar. Zero, Vatan chegaralari qay darajada himoyaga muhtoj boʻlsa, uning maʼnaviy boyliklari ham shu qadar himoyaga muhtojdir. Shu maʼnoda, milliy tilimiz qarshisida har doim masʼuliyatli boʻlish majburiyatidamiz.
Farhod ZAYNIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring