Mikro GESlar: tabiiy, ekologik toza va tejamkor

14:16 18 Iyun 2025 Jamiyat
189 0

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Yaqingacha turarjoy binolariga elektr va issiqlik quvvati faqat elektr stansiyalaridan yetkazib berilardi. Elektr energiyasining asosiy qismi gaz va koʻmir yoqish hisobiga olinardi. Bugungi kunda energiya tejovchi texnologiyalar oʻrnatilib, elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejashga erishilmoqda. Bu muqobil energiya turlari asosan ekologik toza manbalardan foydalangan holda energiya ishlab chiqarmoqda. Ular umumiy tarmoqqa ulanmasdan, har bir hudud va mahalla kesimida aholini elektr bilan taʼminlayotgani aholiga ham, tadbirkorlarga ham katta qulaylik yaratmoqda. Bu elektr tannarxini boshqa manbalarga nisbatan arzonlashtirsa, gidroelektrostansiyalarning qulayligi ular suvi kam daryo yoki kanallarda ham muntazam elektr ishlab chiqaradi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni ­jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Samarqandda beshta mikrogidroelektr stansiya qurilmoqda. Ulardan biri — Pastdargʻom tumanida quvvati 760 kVt boʻlgan Mikro GES-3 foydalanishga topshirildi. Ayni paytda “Oʻzbekgidro­energo” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Samarqand GESlari kaskadi” filiali 8 ta katta GES, 10 ta mikro GESlardan iborat. Ularda 165 nafar malakali muhandis-xodimlar mehnat qilmoqda. Ishga tushirilgan 8 ta kichik gidroelektrostansiyalarning umumiy quvvati 69,9 megavattni tashkil etadi.

— Dargʻom kanalida qurilgan stansiyamizga oʻrnatilgan qurilmalar Xitoyning “JINLUN” kompaniyasi tomonidan olib kelingan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun qulay va samarali, — deydi MikroGES-3 boshligʻi Azimjon Isroilov. — Hozirda mazkur GES kuniga 15-18 ming kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Bu 400 ta xonadonni elektr energiya bilan taʼminlashga yetadi.

Viloyatda dastur boʻyicha 107 ta kichik GES qurish koʻzda tutilgan boʻlib, ulardan 16 tasining loyiha hujjatlari tasdiqlangan. Aksariyat mikro GESlar Dargʻom kanalida quriladi. Ularning elektr ishlab chiqarish hajmi oʻrtacha 2 million kVt/soatni tashkil etadi. Kanalning Urgut tumani hududida ham toʻrtta mikro GES qurilishi davom etmoqda.

— Keyingi toʻrt yilda 5 ta mikro GES qurilib, foyda­lanishga topshirilgan boʻlsa, joriy yilda 3 tasi oʻz faoliyatini boshladi, — deydi “Samarqand GESlar kaskadi” filiali direktori Baxtiyor Pirmuhammedov. — Ayni paytda 2 ta mikro GESda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Tez orada ular ham foydalanishga topshirilgach, gidroelektrostansiyalarimizning jami quvvati 5,1 megavattga yetadi. Belgilangan dasturlar asosida tasdiqlangan 16 ta loyihaning 11 tasini xususiy mablagʻlar hisobiga amalga oshirish rejalashtirilgan.

— Oʻtgan yilda Toyloq tumanining Galabotir mahallasi hududida “Shovdor” GES-3 qurildi, — deydi mazkur GESning malakali muhandisi U.Mamatov. — Quvvati 6,4 MVT boʻlgan gidrostansiyaning 2 ta kuchli qurilmalari Rossiyadan olib kelingan. Mazkur stansiya yiliga 32,5 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tumanning 10 dan ziyod mahallasida istiqomat qilayotgan 17 mingga yaqin aholi xonadonlarini charogʻon etmoqda. Avtomatlashtirilgan zamonaviy qurilma va gidrogeneratorlar ishlatishga juda qulay, eski GESlardan butunlay farq qiladi.

Mikro GESlar elektr energiyasi ishlab chiqarishda samaradorligi va sarflangan mablagʻni tezda qoplashi bilan oʻzini oqlagan. Shu sabab yurtimizda ularning sonini koʻpaytirish hamda ularga ketadigan qurilmalarni mahalliylashtirgan holda ishlab chiqarish uchun davlatimiz, xususan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan salmoqli mablagʻ sarflanmoqda. Bu ishlar amalga oshadigan boʻlsa, suv sarfi kam boʻlgan daryo va kanallarda ham bunday kichik loyihalarning soni koʻpayadi. Natijada aholini uzluksiz elektr bilan taʼminlashga imkoniyat yaratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер