Mix urilgan, temir soʻqilgan daraxtlar... Bu ularga zugʻum emasmi?

13:43 26 Yanvar 2022 Jamiyat
584 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, daraxtning barg va shoxlari yozning jaziramasida quyoshdan tushayotgan issiqlik haroratining, nari borsa, 30 foizini oʻtkazadi. Binobarin, issiq iqlimli yurtimiz, xususan, toʻrt tomoni choʻlu sahrolar bilan qurshalgan Buxoro sharoitida har bir oʻsimlik, har bir daraxtning oʻz oʻrni, ahamiyati bor.

Afsuski, oramizda shu oddiy haqiqatni anglab yetmayotgan kishilar uchrab turibdi. Bunday deyishimizning boisi bor. Buxoro shahrida tabiat jonkuyarlari saʼy-harakati bilan bir paytlar ekilgan, yillar sinovidan omon-eson oʻtib, boʻy choʻzgan daraxtlarga “zugʻum qilish” hollari uchramoqda. Biz Bahouddin Naqshband koʻchasidagi 27-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti yonida qad rostlayotgan koʻp qavatli uy qurilishi jarayonida, xalq tili bilan aytganda, “Chevar” deb ataladigan bino oldida, Hofiz Tanish Buxoriy, Piridastgir koʻchalarida ana shunday achinarli manzaralar guvohi boʻldik.

-Mix urilgan, temir soʻqilgan daraxtlarni koʻrib, pichoqni avval oʻzingga ur, ogʻrimasa boshqaga, deging keladi. Axir bularning ham joni bor, tiriklik ramzi ular, - deydi buxorolik fotojurnalist Tohirjon Istatov.-Axir tabiatni asrab-avaylash, har bir daraxtni mehr berib parvarishlash hayotiy ehtiyojga aylandi. Buni ayrim fuqarolarimiz anglab yetishmayotganidan afsuslanasan, kishi.

Shu oʻrinda bu noxush manzarani koʻrib-koʻrmaslikka olayotgan tegishli mahalla faollari, shahar hokimligi, tabiatni muhofaza qilishga masʼul idoralar vakillari biz quyida eʼtiboringizga havola qilayotgan suratlarga tuzukroq razm solishlarini istar edik. Zero, daraxtlarning yagona “aybi”- ularning til-zaboni yoʻqligidir.

Istam Ibrohimov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер