Migratsiya va mehnat oqimi: iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini huquqiy taʼminlash

14:10 23 Sentyabr 2025 Siyosat
84 0

Markaziy Osiyo davlatlarining III Parlamentlararo forumi doirasida migratsiya, mehnat oqimi, iqtisodiy barqarorlik va fuqarolar huquqlarini himoya qilish masalalariga bagʻishlangan mavzu bilan bogʻliq sessiya boʻlib oʻtdi.

Migratsiya mintaqa rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatadigan tabiiy ijtimoiy-iqtisodiy hodisa ekani qayd etildi. Bunda migratsiyani adolatli va xavfsiz boshqarish faqat mustahkam qonunchilik bazasi, samarali institutlar va siyosiy iroda mavjud boʻlgandagina mumkinligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Odiljon Mamatkarimov oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda mehnat migrantlari huquqlarini taʼminlash va ular faoliyati uchun xavfsiz sharoitlar yaratish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.

Mamlakatimizda 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, shuningdek, Migratsiya masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Migratsiya jamgʻarmasi va Migratsiya agentligi samarali faoliyat yuritayotgani taʼkidlandi. Oʻzbekiston qonuniy va uyushgan mehnat migratsiyasiga tizimli yondashuvni joriy etib, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda. Kadrlar tayyorlash markazlari tashkil etildi, fuqarolarni moliyaviy va huquqiy qoʻllab-quvvatlash choralari kengaytirildi, chet elda ishga joylashish geografiyasi kengaymoqda.

Fuqarolarning huquq va manfaatlari, ular qaysi mamlakatda boʻlishidan qatʼi nazar, himoya qilinishi kerak, degan prinsipial pozitsiyaga urgʻu berildi. 2020–2024-yillarda mehnat huquqlarining buzilishi holatlari boʻyicha Oʻzbekistondan 14 mingga yaqin migrant foydasiga 6 mln AQSH dollaridan ortiq mablagʻ undirilgan.

Sessiya doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha quyidagi tashabbuslar ham bildirildi: migratsiya qonunchiligini uygʻunlashtirish, xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish va implementatsiya qilish, kadrlar tayyorlash boʻyicha qoʻshma dasturlarni ishlab chiqish va xavfsiz mehnat migratsiyasi mexanizmlarini yaratish.

Ishtirokchilar ushbu sohada davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish mintaqada barqaror rivojlanish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashning muhim omili boʻlishi haqida yakdil fikr bildirdi.

Shuningdek, forum doirasida investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning shaffofligini oshirish boʻyicha qonunchilik chora-tadbirlari, shuningdek, raqamli suverenitet masalalariga bagʻishlangan mavzuga doir sessiyalar boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalar ustidan parlament nazorati, shuningdek, raqamli muhitni tartibga solish, kiberxavfsizlikni taʼminlash va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish masalalarini muhokama qildilar.

Sessiyalar ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Nodira Djanibekova va Odiljon Iminov ishtirok etdi. Ular Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, raqamli transformatsiya va jadal texnologik rivojlanish sharoitida milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan qonun ijodkorligi sohasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер