Metapnevmovirus: Oʻzbekistonda ham aniqlangan “yangi” kasallik qanchalik xavfli?
Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar va OAVda dunyoning qator mamlakatlarida metapnevmovirus infeksiyasining tarqalishi va uning “COVID-19”dan xavfliroq ekanligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Rustam Ikramov mazkur holat boʻyicha oʻz javobini maʼlum qildi.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, metapnevmovirus avvaldan maʼlum boʻlgan infeksiya boʻlib, u 2001-yilda aniqlangan. Metapnevmovirus asosan havo-tomchi yoʻli yoki ifloslangan yuzalar orqali yuqadi. Har yili ushbu virus bilan kasallanish holatlari dunyoning barcha mintaqalarida qayd etiladi. Qoʻshni Qozogʻistonda ham mazkur virus mavjud boʻlib, uning mavsumiy oʻsishi kuz-qish oylarida qayd etilgan.
Bildirilishicha, metapnevmovirus asosan burun oqishi, yoʻtal va isitma kabi simptomlar bilan namoyon boʻladi. Ayrim hollarda bronxiolit yoki pnevmoniyani keltirib chiqarishi mumkin. Shunga qaramasdan, aksariyat hollarda bemorlar asoratlarsiz sogʻayib ketadi va kasallikni davolash odatda uy sharoitida amalga oshiriladi.
Oʻzbekistonda ham mavsumiy oʻtkir respirator infeksiyalar koʻtarilishi kuzatilmoqda. Laboratoriya tekshiruvlariga koʻra, 39,9 foizida gripp virusi, 32,2 foizida rinovirus, 30,6 foizida respirator-sinsitial virus va 1,2 foizida metapnevmovirus aniqlangan. Shu bois aholidan kasallik belgilari boʻlgan fuqarolar bilan muloqotni cheklash va profilaktika choralariga rioya qilish soʻralmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi aholini ortiqcha xavotirga tushmaslikka va oʻz salomatligiga ehtiyot boʻlishga chaqiradi. “Metapnevmovirus yangi xatar emas, balki mavsumiy infeksiya ekanligini unutmaslik kerak”, deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring