Meningit nega kuzda avj oladi — mutaxassis javob berdi

12:23 30 Oktyabr 2022 Jamiyat
463 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Kunlar sovib, havo haroratining sezilarli darajada oʻzgarishi aholi orasida turli yuqumli kasalliklarning avj olishiga zamin yaratadi. Ulardan biri meningitdir.

Xoʻsh, u qanday kasallik? Meningitning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori Muhayyo Asilova javob berdi.

— Meningit — oʻta yuqumli kasallik boʻlib, bosh va orqa miyaning yalligʻlanishi hamda umumiy intoksikatsiya belgilari bilan kechadi, — deydi mutaxassis. — Bunda yuqori tana harorati, miya shishishi, bosh chanogʻi ichida bosim koʻtarilishi kuzatilib, orqa miya suyuqligining likvori oʻzgaradi. Aksariyat hollarda kasallikka virus, baʼzida bakteriya, zamburugʻlar yoki oddiy mikroorganizmlar ham sababchi boʻladi.

Hatto, bakteriya va virus birgalikda ham kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Meningit juda tez avj oladi. Agar bemor tana harorati toʻsatdan koʻtarilgan vaqt unga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmasa, bu holat oʻlim bilan tugaydi.

Ushbu kasallik asosan havo haroratining oʻzgarishi, ovqat ratsionidagi cheklashlar va vitamin yetishmasligi sababli kelib chiqadi. Qolaversa, immunitet pastligi, pnevmoniya, faringit, otit, gripp, tuberkulyoz, sifilis, OITS, jigar sirrozi, kuchli stress, nevroz, bosh miya chayqalishi, sovuq qotish, antibiotiklarni palapartish qabul qilish hamda kuchli diyeta kabilar ham meningitni chaqirishi mumkin.

Xastalik qoʻzgʻatuvchisi odamdan odamga yuqqani bois ushbu infeksiyaga faqat insonlar chalinadi. Uning manbai infeksiyani tashuvchilar hisoblanadi. Bu xastalik yil davomida kuzatilishi mumkin, ammo uni koʻproq mavsumiy (kuz-qish va bahor) dard, desak toʻgʻri boʻladi.

Bu virus tashqi muhitga chidamsiz boʻlib, odam organizmidan tashqarida 30 daqiqadan soʻng nobud boʻladi. Mikrob burun, halqum, orqa miya suyuqligi, qon va terida koʻpayadi. Shu bois unga chalingan bemor infeksiya manbai hisoblanadi. Meningit istalgan yoshda uchrashi mumkin.

Biroq soʻnggi yillardagi tahlillarga koʻra, kasallik 70-80 foiz holatda 14 yoshgacha boʻlgan bolalarda kuzatilmoqda. U, ayniqsa, bir yoshli oʻgʻil-qizlarda ogʻir kechadi. Chunki ularda immunitet tizimi yaxshi shakllanmagan boʻladi.

Kasallikka chalingan insonning tana harorati 40 darajagacha koʻtariladi. Bemor bosh ogʻrishi, bosh aylanishi, tomoq achishishi, yutinishdagi ogʻriq, burun bitishi, koʻngil aynishi, qusish, eshitish qobiliyatining buzilishi kabilardan shikoyat qiladi. Qolaversa, holsizlik, halqum orqa devorining shishi, qaltirash va sudirgi kuzatiladi.

Ogʻir hollarda hushni yoʻqotish, bolalarda talvasalar, kam hollarda esa gallyutsinatsiya yuzaga kelishi mumkin. Barcha klinik belgilar 1-2 kun ichida kuchayib boradi. Birinchi kun oxiri, ikkinchi kun boshlarida terida toshmalar tosha boshlaydi. Ular bir vaqtning oʻzida terining barcha yuzalarida, ayniqsa, oyoqlarda paydo boʻladi. Baʼzida barmoqlarning uchi, tovon, quloq supralarida ham rivojlanishi mumkin.

Bunday paytda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Sababi ushbu holatda xastalikka chalingan inson uy sharoitida emas, balki yuqumli kasalliklar shifoxonasida tibbiyot xodimlari nazorati ostida davolanishi lozim. Qolaversa, bemor xonadoni dezinfeksiya qilinishi va uning yaqinlari mutaxassis kuzatuvida boʻlishi maqsadga muvofiq.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?