Mehr-muruvvat va yangilanish ayyomi

17:39 17 Mart 2023 Jamiyat
701 0

Foto: Xalq so‘zi

Mehr-muruvvat, milliy qadriyatlarimiz tantanasi boʻlgan Navroʻz umumxalq bayrami yaqinlashgani sari uning shukuhi tobora ortmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatidagi barcha tuman va shaharlarda sumalak bazmi, xalq sayli, turli sport musobaqalari bir-biriga ulanib, yasharish va yangilanish quvonchi dillardan dillarga koʻchmoqda. Bu tadbirlarda, albatta, viloyat «Mahalla» xayriya jamoat fondi vakillari faol tashabbus koʻrsatyapti.

Bayram arafasida Nurafshon shaharidagi «Oybek» MFYda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xayriya sovgʻalari topshirildi.

— Bunday udum va muruvvatpeshalikning men uchun dunyoda qiyosi yoʻq, — deydi ushbu MFYdagi Mirzo Ulugʻbek koʻchasida yashovchi 72 yoshli yolgʻiz qariya Klara Goncharenko. — Ayniqsa, nuroniy yoshda yolgʻizlanib qolganingda mehr toʻla qalblarga muhtojlik sezarkansan. Bahor bayrami oʻzidek goʻzal va maftunkor tuygʻularni ulashganidan mamnunman.

— Davlatimiz tomonidan biz, keksalarga koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrlikdan doimo baxtiyormiz. Yaratganga shukr, Navroʻz bahonasida ogʻzimiz koʻkka tegdi, sumalak tanovul qildik. Azaldan qadr topgan xalqimizning bir-biriga mehr-oqibati hech qachon oʻlmasin, — deydi yana bir 82 yoshli onaxon Gulsara Anorboyeva.

Tadbirlar davomida barcha ehtiyojmand kishilarga sovgʻalar ulashilib, moddiy ragʻbatlantirildi.

Chirchiqda esa Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tadbirlar boʻlib oʻtdi. Shahar mahallalaridan taklif etilgan yoshlar shaxmat-shashka, voleybol musobaqalarida mahorat va iqtidorini namoyon etdi. Gʻoliblarga «Mahalla» xayriya jamoat fondining esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ayni damda Piskent tumanidagi oʻzbek, tojik, qirgʻiz, qozoq, rus, tatar millatiga mansub aholi bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotgan «Istiqlol» MFYda Navroʻz tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Mahalla yoshlari oʻrtasida turli sport musobaqalari oʻtkazilmoqda. Shu bilan birga mahalla ahli yon-atrofga mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazishmoqda. Mahalla koʻchalari obodonlashtirilib, dov-daraxtlarga shakl berilayotir.

Shodiyor MUTAHAROV, «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?