Mehnat sohasidagi ahamiyatga molik masalalar muhokamasi

19:13 25 Dekabr 2023 Jamiyat
372 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni muhokama qilish uchun Hukumat, vazirliklar, idoralar, ish beruvchilar vakillari hamda kasaba uyushmalari faollari bilan bevosita ochiq muloqot va jamoatchilik eshituvi shaklida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzuidagi davra suhbati oʻtkazildi.

“Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 41-moddasiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, Savdo-sanoat palatasi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda kasaba uyushmalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlaganidek, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda barcha sohada inson manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli va tizimli islohotlar amalga oshirildi. Mazkur jarayonlarda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari ham faol ishtirok etmoqda. Amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar natijasida kasaba uyushmalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik yangi bosqichga koʻtarildi. Kasaba uyushmalarining xodimlar mehnat huquqlarini himoyalash, mehnat qonunchiligini takomillashtirish va Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini ratifikatsiya qilishda hamkorlik yoʻnalishlaridagi faoliyati sezilarli darajada oshdi.

Birgina joriy yilning oʻtgan 11 oyi davomida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 4 667 ta murojaati koʻrib chiqilib, jami 11 ming 47 nafar xodimning huquqlari tiklandi va ular foydasiga 40 mlrd. 371 mln. soʻmdan ziyod zarar pullari undirib berildi.

Shuningdek, tadbirda jamoa shartnomasi ish haqi miqdorini oshirishning samarali vositasiga aylanayotgani, qolaversa, mehnatga munosib haq toʻlanishini taʼminlash masalasi ham kasaba uyushmalarining doimiy diqqat markazida ekani qayd etildi. Xususan, ish haqi oʻz vaqtida toʻlanishi, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori standartlariga rioya etilishi, ish haqidan muddati oʻtgan qarzdorlikni bartaraf etish boʻyicha kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik monitoringi oʻtkazib kelinmoqda.

Mehnatkashlarning keng qatlamlari tomonidan ancha yillardan beri koʻtarib kelinayotgan qator muammolarning oxirgi yillarda oʻz yechimini topgani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan tub islohotlarning amaliy natijasidir. Masalan, ilgari ish haqini oʻz vaqtida toʻlash, banklardan ish haqi uchun naqd pul olish, plastik kartochka va naqd puldagi isteʼmol narxlari orasidagi farq, ishlarning texnologik turlari boʻyicha va tuman koeffitsiyentlarini oʻrnatish, ishlayotgan pensionerlarga pensiyani toʻliq miqdorda toʻlash borasida muammolar mavjud boʻlib, hal qilinmay kelinar edi.

Jamoatchilik eshituvi shaklida oʻtkazilgan davra suhbatida mehnat sohasida kelgusi yilda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan qator ijobiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida ham axborot berildi.

Shuningdek, byudjet tashkilotlarida ish haqi, ijtimoiy himoya hamda mehnat muhofazasi ishlarini moliyalashtirish, bandlik va mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilgan qulayliklar, ishlayotgan xodimlarning slomatligini muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida fikr almashildi.

Norasmiy iqtisodiyotdan rasmiy iqtisodiyotga oʻtish, norasmiy- nostandart tarzda band boʻlgan fuqarolarni rasmiy bandlikka oʻtkazish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatga haq toʻlash sohasida qarzdorlikka yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrish kabi masalalarga eʼtiborni yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Kasaba uyushmalari faollari tomonidan mehnatni muhofaza qilish, ish oʻrinlarini attestatsiyadan oʻtkazish, xodimlarni maxsus kiyim va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlash hamda mehnat huquqlariga rioya etilishi, homiladorlik va tugʻish taʼtili nafaqasi toʻlanishi, shuningdek, mehnat taʼtili kunlarini hamda toʻlanadigan haqni toʻgʻri hisoblash, ish xususiyati smena yoki navbatchilik bilan bogʻliq boʻlgan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va boshqa masalalarga oid koʻtarilgan savollarga vazirlik va idoralar vakillaridan aniq va batafsil javoblar olindi.

Kelgusida ushbu yoʻnalishlardagi masalalarni davlat organlari va kasaba uyushmalarining hamkorligida hal etish borasida tashkiliy chora-tadbirlar koʻrilishi maqsadga muvofiq ekanligi xususida kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?