Mehnat kodeksida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilmoqda

12:10 25 Yanvar 2025 Siyosat
503 0

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlash va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat majmuida  elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan ta’til davomiyligini belgilash tartibini va xodimning o‘rtacha ish haqini hisoblash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi ta’lim shaklida o‘qishi mumkin bo‘lgan ta’lim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Shuningdek homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan bo‘shatishga taqiq joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, ishga qabul qilish chog‘ida shaxsning pasporti yoki ID-kartasini, mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni talab qilmasdan, davlat organlari va tashkilotlari mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali so‘rab olishi belgilanmoqda.

Mazkur Qonun fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari, mehnat sohasidagi munosabatlarning elektron tizimga o‘tishi ta’minlanishiga, davlat organlari va tashkilotlarida xodimni ishga qabul qilishda noqonuniy rad etish holatlari kamayishiga, shuningdek, ishga kirayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilish kabi byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Akmal Muhammadov, Haqberdi Asqarov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?