Mehmon joyi koʻz ustida. Yoxud ichki turizmga bir nazar

10:35 29 Iyun 2020 Welcome to uzbekistan
3816 0

Yoz kelib, chekka hududlardagi salqin goʻshalarning “qozoni” qaynaydi. Andijon viloyati, Xoʻjaobod tumanida Imom ota nomli ziyoratgoh va sihatgoh ham ana shunday togʻli, xushhavo maskan boʻlib, vodiyda maʼlum va mashhurdir. Togʻning bir tarafi Oʻzbekiston, ikkinchi tarafidan esa Qirgʻiziston hududi boshlanadi. Imom ota gʻorlar, shifobaxsh oʻsimliklarga moʻl-koʻl. Shuningdek, sirli afsonalarga, muqaddas qadamjolarga boyligi, qolaversa, ayrim noqulayliklarga qaramay, mahalliy aholining bogʻdorchilik, chorvachilik bilan shugʻullanishi, ichki va tashqi turizm uchun yuzlab arzon va shinam dam olish zonalari barpo etib, faoliyat olib borishi hududning oʻziga xosligini anglatadi. Havo almashtirish, hordiq chiqarishga yaxshi, ammo doimiy yashash uchun maʼlum qadar mushkul tuyilgan qishloq bilan yaqindan tanishishga harakat qildik. Kuzatuvlarimiz mobaynida yigʻilgan fikr-mulohazalarni eʼtiboringizga havola etamiz.
 

Imom ota aslida kim boʻlgan?

Manbalar shunday xabar beradiki, ziyoratgoh qadimdan Islom olamida munosib oʻrin tutgan Imom Muhammad Hanafiya nomi bilan atab kelingan. Tadqiqotchilar N.Abdulahatov hamda V.Azimovlarning “Oltiariq ziyoratgohlari”, «Nasibanomayi Muhammad Hanafiya» kitoblarida keltirishicha, islom lashkarboshisi Hazrati Alining oʻgʻli Muhammad Hanafiya Xurosonni zabt etib, aholining islomga kirishida xizmatlari katta boʻlganligi uchun shu oʻlkada Bobo Xuroson, Imom ota nomlari bilan bogʻliq diqqatga sazovor joylar mavjud. XVIII asrga oid ziyoratxona-xonaqoh XIX asr oxirlarida andijonlik Mahmudaliboy tomonidan qayta tiklangan. Ushbu obyekt 1982-yilda meʼmoriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.

– Rivoyatlarda aytilishicha, Imom ota hazratlari balogʻat yoshiga yetganlarida diniy safarga chiqib ketgan otalari (Hazrat Ali Karomulloh)ni axtarib topish uchun yoʻlga chiqadi, – deydi Tursunboy Sobirov. – Kunlardan bir kun otalari bilan koʻrishadilar, ammo bir-birlarini tanimaydilar hamda oʻzlari bilmagan holda birga kurash tushadilar, oʻgʻil otani yengadi. Otalari shu paytgacha kuragi yerga tegmagan bahodir inson boʻlib tanilgan va Imom ota uning oʻgʻli ekanini bilganlar u kishiga bu haqiqatni darhol oshkor etadi. Imom ota esa oʻz otamga qoʻl koʻtardim, deya chidolmay gʻorga kirib ketadilar. Shundan soʻng ul zotni hech kim koʻrmaydi, gʻordan qaytib chiqmagan deb ham taxmin qilinadi. Ushbu gʻor bugun muzeyga aylantirilgan. Gʻor yonida esa qishloq aholisi uchun toʻrt yuz kishilik namozxona barpo etilgan.
 

Tandir ustida soʻfi azon aytadi

Togʻdan ortga qayta turib, yoʻl-yoʻlakay bir mashina toʻxtatdik. Mashinaga minar ekanmiz, unda toʻrtta 25 litrlik idishda suv borligiga koʻzimiz tushdi. Haydovchi uyga suv tashiy turib, yoʻl-yoʻlakay odam ham olib ketayotganini tushuntirganidan soʻng vaziyatni angladik. Bildikki, qishloqda shifobaxsh buloq bor va u hududning asosiy suv manbai hisoblanadi. Odamlar mashinada, eshak aravada oʻsha joydan suv tashiydi. Ayrimlar esa buloqdan oʻz uylarigacha minglab metrlik shlanglar, quvurlar olib oʻtgan. Buloq yonida kichik sharshara ham bor boʻlib, u togʻning ichidan sirqirab oqadi. Bir qarashda insonning koʻz yoshiga ham oʻxshaydi goʻyo — ayrim joylarida kiprikdan tomgan yoshday suvlar tomchilaydi, sirqirab oqadi...

Aytishlaricha, buloq suvi oyoq ogʻrigʻiga, turli ichki kasalliklarga shifo ekan. Yana shu suvni biror niyat qilib ichsa oʻsha niyat amalga oshishiga odamlar qattiq ishonadi...
 

Chang koʻchalardagi koʻngli toza odamlar bilan dildan suhbatlashib borar ekansiz, togʻning eng tepa choʻqqisida tekis adir oʻrtasida Tandirtoshga koʻzingiz tushadi. Tandirtosh — uzoq oʻtmishda harsangdan yasalgan tandir hisoblanib, bugungacha unda olov qoldiqlari, non izlari saqlanib qolgan. Bu tandirning oʻziga xos jihatlari bisyor. Mahalliy aholining aytishicha, tandir ustida Ramazon kunlari soʻfi azon aytadi. Bu yerdan atrofni kuzatar ekansiz, butun qishloq kaftingizda namoyon boʻlib turganday yaqqol koʻrinadi. Yana ushbu tandir telefon antennasi juda yaxshi ishlovchi «tochka» ham sanalar ekan...

Togʻlar uzoqdangina chiroyli koʻrinadimi?

Ilgari ota-bobolarimiz togʻlardan boshpana sifatida foydalangan. Hatto namoz oʻqib, chilla saqlagan gʻorlarda. Shunday muqaddas maskan sifatida qadrlangan. Bugun esa ular allaqanday yozuvlar peshtaxtasiga aylanib qolganday...

Atrofni kuzatar ekanmiz, bu yerga tashrif buyuruvchi ayrim odamlarda ziyorat madaniyati hali-hanuz anchagina “oqsashiga” guvoh boʻldik... qizil, yashil, siyoh, qora, yana turli xil boʻyoqlarda birov ismini yozgan, birov yurak chizib ketgan, sevishganlar “sevgi tarixi”ni muhrlab ketgan... Togʻlar uzoqdan chiroyli koʻrinadi, degan maqol ilgari majoziy maʼnoda qoʻllanilar edi. Bugun esa chin maʼnoda ham togʻlar uzoqdangina chiroyli koʻrinadiganday... Shunday emasmi?
 

Bir yuz ellikta tosh zina eltuvchi gʻordan Qirgʻiziston kengliklari, Tyan-Shan togʻlaring choʻqqilari, boshqa bir tarafdan Andijon shahri, elas-elas koʻrinadi. Togʻ yonida hordiq chiqarish uchun kichik kafe, bolalar uchun oʻyingoh ham barpo etilgan. Bir soʻz bilan aytganda, barcha yoshdagi ziyoratchilar uchun sharoitlar muhayyo.

“Bir kelib keting qishlogʻimizga...”

Manzarali maskan bilan tanisha turib, togʻ atrofida yashovchi odamlarning turmush tarzini-da kuzatib bordik. Bunda, avvalo, transport masalasi qiyin degan xulosaga keldik. Mahalliy aholi uchun transport qatnovi kam. Ota-onalar bolalarini biror toʻgarakka berishi uchun markazga yuborishi kerak, mashinalar qatnovi siyrak, oʻtganda ham bolalarni olmaydi (pul koʻrsatib qoʻl silkib tursalar ham...) va shu sabab, ota-onalar bolalari bilan birga markazga qatnashiga toʻgʻri keladi. Bunga esa kimningdir imkoni bor, kimnikidir esa yoʻq. 12 sonli maktab qishloqdagi yagona maktab sanaladi va unga oʻquvchilar 2-3 kilometr masofani har kuni piyoda bosib oʻtib qatnaydilar... Yozda kunlar issiq va yorugʻ, ehtimol u qadar qiyinchilik tugʻdirmas. Ammo qishda-chi?.. Tez qorongʻu tushadi, yoʻllar sirpanchiq, havo esa togʻda boshqa joylarga nisbatan koʻproq sovuq boʻladi. Aholining maʼlum qilishicha, transport masalasida koʻp bor hokimiyat va boshqa idoralarga arizalar yozishgan. Ammo natija boʻlmagan.

Bundan tashqari, yoʻllar taʼmirtalab: toshloq, chuqurchalar ham qadamingiz ostida. Ehtimol transport kam oʻtishining sababi ham shundadir. Yana gazning asosiy manbai — oʻtin. Vaholanki, yurtimizda yangi neft konlari topilgan va topilayotgan hududlardan biri – vodiy. Shunga qaramay, mahalliy aholi gaz borasida hech kimga murojaat qilmagan, transport masalasi hal boʻlsa ham katta gap, deb umid bogʻlagan.

— Bu yerlar asosan dam olishga qulay joy. – deydi 83 yoshli Xanifa xola Noʻmonova. – Meva-cheva bisyor, toza havo, shifobaxsh buloq suvi, tinch joy... Yashashga kelsak, doim yashab, oʻrgangan odamga u qadar qiyin emas. Oʻrganmagan odamga esa ancha qiyin.
 

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Imom ota ziyoratgohi ichki va tashqi turizm uchun koʻp jihatdan qulay. Oromgohlarda kunlik toʻlov (turiga qarab) 15 mingdan 25 minggacha. Dam olish uchun ham, ziyorat uchun ham arzon va qulay sharoit. Inson ruhan va jismonan chin maʼnoda hordiq oladi, ich-ichidan tetiklikni tiklaydi. Ayrim koʻzga koʻrinar-koʻrinmas muammolar ham bartaraf etilsa, masʼul mutasaddilar jiddiy eʼtibor qaratsa, bundan ham yaxshi natijalarga erishish mumkin. Zero, mehmon joyi koʻz ustida, deb xalqimiz bejizga aytmaydi.

Shu oʻylar bilan safarimizga yakun yasadik. Ortga qaytar ekanmiz, mashina radiosidan tanish qoʻshiq yangradi: “Bir kelib keting qishlogʻimizga...”

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер