“Masofadan oʻqishga oʻtkazilsin”, deb qaror chiqarish oson, unga sharoit yaratish haqida hukumatda aniq reja boʻlishi zarur — XDP

02:32 28 Aprel 2021 Jamiyat
1260 0

Xalq demokratik partiyasi koronavirus pandemiyasi keng tarqalishini oldini olish maqsadida taʼlim muassasalarining onlayn shaklga oʻtkazilayotgan bir paytda onlayn darslarni samarali tashkil etish uchun internet bilan bogʻliq muammolar koʻpligidan tashvishda ekanligini maʼlum qildi.

XDP darslarni onlayn tartibda oʻtkazish uchun sharoit yaratilganmi, karantinga olingan maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlanganmi, degan savollarni oʻrtaga tashlamoqda.

Qayd etilishicha, rasmiy manbalarda xalq taʼlimi tizimidagi 9114 ta (91%) umumtaʼlim maktabi yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmogʻiga ulangani, 4715 ta umumtaʼlim muassasasi ichki lokal tarmoq uskunalari, Wi-Fi qurilmalari bilan taʼminlangani qayd etilgan. Biroq deputatlar tomonidan hududlarda nazorat-tahlil tartibida umumtaʼlim maktablarida axborot kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining ahvoli oʻrganilganda real holat yuqorida keltirilgan raqamlardan ancha uzoqdaligi maʼlum boʻldi.

«Mobil internet tezligi va narxi boʻyicha ham muammolar oz emas. Bu haqda juda koʻp gapirilgan, ammo qishloq joylarida muammo muammoligicha qolib ketmoqda. Endi oʻylab koʻraylik, shunday sharoitda onlayn tartibda dars oʻtib boʻladimi?

Haqiqatni aytadigan boʻlsak, pandemiya koʻplab kamchiliklarimiz, zaif tomonlarimizni roʻy-rost koʻrsatib qoʻydi. Xulosa chiqarishga turtki berdi. Jumladan, oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi sababli taʼlim tizimi ilk marta ommaviy ravishda onlayn tartibga oʻtkazilganda taʼlim muassasalarini axborot kommunikatsiyalari bilan taʼminlash sohasidagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqdi.

Bizningcha, maktablar toʻliq axborot kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlanishi, jumladan, optik tolali internet tarmogʻiga ulanishning haqiqiy holati oʻrganilishi, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hukumat doirasida chora-tadbirlar koʻrilishi kerak. Bunday koʻlamdagi ishni muayyan bir vazirlik yoki mahalliy hokimiyatlar kuchi bilan amalga oshirib boʻlmaydi.

Farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasi bilan bogʻliq tashkiliy ishlarni orqaga surish keyinchalik juda qimmatga tushishi mumkin. “Masofadan oʻqishga oʻtkazilsin”, deb qaror chiqarish oson, ayni paytda masofadan oʻqishga sharoit yaratish haqida hukumatda aniq reja boʻlishi zarur.

Internet, axborot zamonida sifatli, arzon internetsiz nafaqat taʼlim tizimida, balki boshqa sohalarda ham taraqqiyotga erishib boʻlmaydi», deya fikrlar bildirilgan partiya rasmiy saytida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер