Mashina olib qochgan oʻgʻri toʻrt yil ozodlikdan mahrum etildi

12:39 30 Oktyabr 2024 Jamiyat
180 0

Spirtli ichimliklarga ruju qoʻyish turli illatlar kelib chiqishiga, hatto jinoyat sodir etilishiga sabab boʻladi. Bu fikr isbotini Andijon shahrida yashovchi Sarvar Kattaxonov (ism-familiyasi oʻzgartirilgan) bilan bogʻliq holat misolida ham koʻrish mumkin. Gap shundaki, kunlarning birida shirakayf holda koʻchada yurgan Sarvar soat 22:00 lar chamasi oʻtkinchi “Damas”larning biriga qoʻl koʻtaradi. Haydovchi Omadbek Mallayev garchi ishini tamomlab, uyiga qaytayotgan boʻlsa-da, Sarvarni mashinasiga oʻtqazdi.

Bir kilometrcha yurishgach, haydovchi yoʻl boʻyidagi dorixonaga ishora qilib yoʻlovchiga yuzlandi:

– Ikki daqiqaga shu yerda toʻxtasak. Grippga qarshi dori olib ketishim kerak edi...

Sarvar bunga rozi boʻladi.

Haydovchi mashinadan tushgach, kalit ulovning oʻzida qolganini koʻrgan Sarvarning xayoli buzildi. Harakatlarining oqibatini oʻylab ham oʻtirmay, shartta rulga oʻtirdiyu, “Damas”ni minib qochdi.

Manzilga yetay deganda, mashinani ortga burib, haydovchi toʻxtagan manzil – dorixona tomon otlandi. Oradan yarim soat vaqt oʻtgan, tabiiyki, mashinaning egasi “Damas”ning olib qochilganligi haqida tegishli organlarga xabar berib ulgurgandi...

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruvlar, keyinchalik sud muhokamasi jarayonida Sarvar ichkilik taʼsirida nima qilayotganligini anglamay, transport vositasini oʻgʻirlash yoki talon-toroj qilish niyati boʻlmaganini aytadi.

Toʻgʻri, u Omadbekning mashinasini yashirib qoʻygani yoki talon-toroj qilgani yoʻq, biroq yuqoridagi xatti-harakatining oʻziyoq unga nisbatan jinoyat ishi ochishga sabab boʻldi. Transport vositasini olib qochish Jinoyat kodeksining 267-moddasiga koʻra, shaxsni javobgarlikka tortishga asos boʻladi.

Sud ushbu holatni atroflicha oʻrganib, sudlanuvchining aybiga qisman iqrorligi va pushaymonligini, jabrlanuvchining unga nisbatan hech qanday daʼvosi yoʻqligini eʼtiborga olib, Sarvar Kattaxonovga nisbatan toʻrt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Oʻylaymizki, bu muddat jinoyatchining oʻz qilmishidan xulosa chiqarishi uchun yetarli vaqt. U bilan bogʻliq holat tafsilotlari shum niyatda yurgan, jinoyatga moyil shaxslarga saboq boʻlsa neajab!

Elyor PIRMATOV,

jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudi sudyasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?