Mashhur yozuvchilarning stolidagi kitoblar

19:46 18 Iyun 2021 Madaniyat
1633 0

Hech oʻylab koʻrganmisiz, butun dunyoga dongʻi ketgan yozuvchilarning oʻzi kimning, qaysi kitobini sevib mutolaa qilishgan. Masalan, Dostoyevskiy “Jinoyat va jazo”ni yozayotganida qaysi asarni oʻqiyotgandi? Yohud Tolstoy Yasnaya Polyanada tushlikdan keyin qaysi kitobni mutolaa qilgan? Xyemingueyning adabiyotga qarashlarini butkul oʻzgartirib yuborgan kitob qaysi edi?

Bu sizga qiziqmi, bu maqolada sizga shunday yozuvchilarning bir nechtasini taqdim etamiz.

Lev Tostoy — Viktor Gyugoning “Xoʻrlanganlar” romani

Lev Tolstoy Viktor Gyugoning ijodiga yuksak baho berar va juda qadrlardi. Fransuz yozuvchisining “Xoʻrlanganlar” asarini esa alohida yaxshi koʻrardi. Oʻquvchi diqqat bilan bu asarni oʻqigan boʻlsa “Urush va tinchlik” orasidagi — aynan kibor insonlar tasvirida muayyan oʻxshashliklarni topa oladi.

Tolstoy bu asar haqida shunday degandi: «Viktor Gyugo ulkan quvvatga ega yozuvchi... Haqiqatdan ham, uning barcha yozganlari uydirma, biroq men baribir uni yaxshi koʻraman, uning oʻziga xos ruhini yaxshi koʻraman».

Fyodor Dostoyevskiy — Migel de Servantesning «Don Kixot» romani

Dostoyevskiyning taʼkidlashicha, Servantesning, aynan «Don Kixot» asari uning ijodiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Adabiyot muhibi bu qarashdan hayratga tushishi tabiiy.

Satira va kinoyaga toʻla Servantes pessimist va gʻamgin Dostoyevskiyni qanday taʼsirlantirishi mumkin? Javob juda oddiy. Yaʼnikim, Don Kixot, har doim qahramonlik orzusi bilan yashagan, ruhan baquvvat va oʻta irodali bir odamning obrazidir.

Ernest Xyeminguey — Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romani

Bir qarashda bu ikki yozuvchi orasida boʻlgan yaqinlik oʻquvchiga hayratomuz koʻrinishi mumkin. Tolstoy “Urush va tinchlik” asarida Xyemingueyni ijtimoiy muammolarga qarshi boʻlgan juda qattiq va beshafqat xarakteri bilan lol qoldiradi. Shu jihatdan ularning dunyoqarashlari bir-biriga mos tushgan.

Xeminguey mutolaa jarayonini boksga mengzab shunday degandi: «Men avvalboshda ehtiyotkorlik bilan janob Turgenevni qulatdim. Keyin esa koʻp qiyinchiliklar bilan boʻlsada janob Mopassan sutidan gʻolib keldim. Janob Stendal bilan ilk jangimiz “0:0” bilan tugadi. Unga soʻnggi raundda yaxshigina zarbalar bergan esam-da, baribir... Biroq hech qachon, hech narsa meni Tolstoy bilan ringga chiqishga majbur qilolmaydi».

Sergey Dovlatov — Anton Chexovning qissa va hikoyalari

Hayotining koʻp qismi xorijda kechgan Sergey Dovlatovning asarlari bugun, asosan, yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan mutolaa qilinadi. Yozuvchining asarlarida murakkablik yoʻq. Yaʼniki, uning yozganlarida boʻy koʻrsatgan yumor va ochiqlik qanchalik sodda va ravon boʻlsa ham, baribir oʻziga xos edi.

Dovlatov butun umri davomida oʻziga Anton Chexovning ijodini oʻrnak bilgan. U yaratgan qahramonlarning real va qiziqarli chiqishida Chexovning qissa va hikoyalari katta taʼsir qilgan.

Stiven King — Uilyam Goldingning “Pashshalar hukmdori” romani

Zamondoshimiz Stiven King sevgan kitoblari orasida Goldingning “Pashshalar hukmdori”ni hamisha alohida qadrlaydi. Hatto baʼzi asarlarida bu romandan iqtiboslar ham keltirgan. Yozuvchi koʻpgina suhbatlarda “Pashshalar hukmdori” kabi bir roman yozish orzusida ekanini aytib oʻtadi.

Toʻplovchi va tarjimon:
Rahmat Bobojon

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?