Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarishda mustaqil institutsional mexanizmlar yaratilishi zarur

12:23 01 Iyul 2025 Jamiyat
207 0

Hozirgi iqlim oʻzgarishlari bogʻliq sharoitda suv zaxiralaridan foydalanish masalasi tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Yer yuzidagi jami suv zaxiralarining (taxminan 1400 mln. km3) 2,5 foizigina (taxminan 35 mln. km3) isteʼmol uchun yaroqli chuchuk suvlardir. Markaziy Osiyoda chuchuk suv resurslarning asosiy manbasi transchegaraviy daryolar hisoblanadi. Mavsumiy yomgʻirlar bilan toʻyinadigan Janubiy Osiyo mamlakatlarining daryolaridan farq qilib, Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv manbasi Oloy, Pomir-Tyanshan togʻ tizmalaridagi muzliklardir. Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining gidroklimatik xususiyatlaridan biri – daryolar suvi zaxiralarining 5-6 foizi bugʻlanish (vaporizatsiya) xususiyatiga ega.

Dunyo gidrolik xaritasida Yer sharidagi mavjud suv resurslarining dunyo mamlakatlari boʻylab notekis taqsimlanganini koʻrishimiz mumkin. Bunday notekislik Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham xos. Dunyoning 39 ta mamlakati isteʼmol va xalq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan suvning katta miqdorini oʻz hududlari tashqarisidan, yaʼni qoʻshni davlatlardan oladi. Markaziy Osiyoda Turkmanistonda mamlakat tashqarisidan olinayotgan suv miqdori isteʼmol qilinayotgan umumiy suv hajmining – 75 foizini, Oʻzbekistonda esa – 50 foizini tashkil etadi. Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolarning yuqori va quyi oqimidagi qirgʻoqboʻyi davlatlar orasida suv zaxiralari notekis taqsimlangan.

Markaziy Osiyo aholi soni tez oʻsib borayotgan va, ayni paytda, suv zaxiralari cheklangan mintaqadir. Bir yilda jon boshiga 1000 m3 dan kam (yaʼni, minimal ehtiyojlarni qondirish uchungina zarur) suv miqdori toʻgʻri keladigan davlatlar orasida Markaziy Osiyoning Turkmaniston (206 m3) va Oʻzbekiston (625 m3) kabi davlatlari bor. Jahon resurslari institutining tadqiqotlariga koʻra, Turkmaniston va Oʻzbekiston suv bilan eng kam taʼminlangan dunyodagi 13 ta mamlakat qatoriga kiradi.

Markaziy Osiyodagi suv zaxiralarining asosini transchegaraviy daryolar suvi tashkil qiladi. Dunyo boʻyicha bir necha davlatlar hududidan oqib oʻtadigan daryolar soni 276 ta boʻlsa, shulardan 9 tasi Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgandir. Ular Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chu, Talas, Ili, Murgʻob, Tejen, Irtish daryolaridir.

Amudaryo va Sirdaryo faqat oʻzining kattaligi va uzunligi bilangina emas, balki strategik ahamiyati nuqtayi nazaridan ham alohida eʼtiborni jalb qiladi. Chunki bu ikki daryo Markaziy Osiyodagi yirik tabiiy koʻl – Orol dengizini suv bilan taʼminlaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlarining qishloq xoʻjaligi, sanoati, maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida hamda shaharsozlikda ularning ahamiyati beqiyosdir.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv zaxiralaridan oqilona foydalanish va suv havzasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish, texnogen va tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish borasida Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi xalqaro hamkorlikka asos solingan hamda bu hamkorlikning xalqaro-huquqiy asoslari yaratilgan. Shu kunga qadar, transchegaraviy daryolarga oid 30 dan ortiq yirik hukumatlararo shartnomalar imzolangan.

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv zaxiralaridan oqilona foydalanish va suv havzasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish, texnogen va tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish borasida Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi xalqaro hamkorlikka asos solingan hamda bu hamkorlikning xalqaro-huquqiy asoslari yaratilgan. Shu kunga qadar, transchegaraviy daryolarga oid 30 dan ortiq yirik hukumatlararo shartnomalar imzolangan.

Shunga qaramay Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suvlaridan foydalanishni xalqaro-huquqiy tartibga solishda bir qator muammolar saqlanib qolmoqda. Buning bir qator obyektiv va subyektiv sabablari mavjud.

Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishni xalqaro-huquqiy tartibga solish suv muammolarini hal etishning asosiy vositalaridan biridir.

Birinchidan, Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishni xalqaro-huquqiy tartibga solishning asosi boʻlgan yaxlit huquqiy tartibot, yaxlit huquqiy makon, yoki juda boʻlmaganda, yakdil huquqiy yondashuvni shakllantirish lozim. Yuqorida taʼkidlanganidek, ochiq manbalarga tayangan holda bizning hisobimiz boʻyicha transchegaraviy daryolarga oid 30 dan ortiq yirik hukumatlararo shartnomalar imzolangan. Ularning aksariyati ikki tomonlama shartnomalardir. Uch yoki toʻrt tomonlama shartnomalar sanoqlidir. Ularning hech birida Markaziy Osiyoning tarkibiy qismi boʻlmish Afgʻoniston ishtirok etmaydi. Bizning nazarimizda, birinchi navbatda, transchegaraviy daryolarga oid xalqaro shartnomalarni inventarizatsiya qilish lozim. Mazkur shartnomalarni xalqaro-huquqiy ekspertizadan oʻtkazib, ulardagi normativ boʻshliqlarni aniqlash kerak. Shuni eʼtiborga olish joizki, shu paytgacha imzolangan shartnomalar oʻsha paytdagi joriy muammolarni hal etishga qaratilgan, biroq ertangi va istiqboldagi strategik muammolarga yechim berishga qaratilmagan edi. Shu bois, mavjud shartnomalardagi boʻshliqlarni toʻldirish yoki ularning oʻrniga bugungi muammolar yechimiga va istiqbolga qaratilgan yangi shartnomalar bazasini yaratish lozim boʻladi.

Ikkinchidan, bizning nazarimizda, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar, birinchi navbatda, Amudaryo va Sirdaryoning transchegaraviy daryo sifatida xalqaro-huquqiy maqomini belgilash lozim. BMT ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryoning xalqaro-huquqiy maqomi toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasini yakuniga yetkazish va ularni ratsional muddatda ratifikatsiya qilishning tezkor yuridik mexanizmlarini yaratishimiz zarur. Transchegaraviy daryolarning huquqiy maqomini belgilash mintaqada yaxlit huquqiy tartibotning shakllanishiga turtki beradi hamda qirgʻoqboʻyi davlatlarining huquq va majburiyatlarini aniqlashtirib olishga xizmat qiladi.

  • Uchinchidan, Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishni xalqaro-huquqiy tartibga solishning yechimi transchegaraviy daryolarning xalqaro-huquqiy maqomini belgilashgina emas, balki shartnomaviy majburiyatlarni bajarish yuzasidan monitoring yurituvchi mustaqil va kuchli institutsional tizim yaratishni talab etadi. Dunay, Reyn yoki Mekong boʻyicha xalqaro komissiyalar tipidagi hukumatlararo yoki mustaqil tuzilmalarni tashkil etish va ularning ishida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini taʼminlash, bizning nazarimizda, muhimdir.
  • Toʻrtinchidan, Markaziy Osiyoda transchegaraviy daryolar suvidan foydalanishni xalqaro-huquqiy tartibga solish fonida transchegaraviy daryolar suvi yoki har qanday suv manbasiga nisbatan milliy va xalqaro-huquqiy madaniyatni yuksaltirishimiz lozim. Mintaqamizga uzoq muddatli va shafqatsiz qurgʻoqchilik xavf solmoqda. Markaziy Osiyoda suv zaxiralarining cheklanganligi va kamayib borayotganligi, aksincha, suvga boʻlgan isteʼmol ehtiyojini oshib borayotganligi yaqin oʻn yilliklarda majburiy iqlim migratsiyasini bashorat qilmoqda. Mana shunday sharoitda tabiatning obyektiv qonuniyatlarni oʻzgartirishga ojizligimizni tan olgan holda oʻzimizning subyektiv irodamizni suvdan ratsional foydalanish va uni asrab-avaylash madaniyatiga boʻysundirishimiz taqozo etiladi. Suvga boʻlgan munosabat “huquqlardan majburiyatlar tomon” mazmunini olishi lozim. Suvdan oqilona foydalanish huquq emas, balki majburiyat sifatida har bir Markaziy Osiyo fuqarosi ongidan joy olishi zarur. Muqaddas Islom dinimizda ham uning majburiyat ekanligi taʼkidlangan. Transchegaraviy daryolarga bilvosita va bevosita daxldor boʻlgan xalqaro shartnomalarga nisbatan yakdil mintaqaviy yondashuvni shakllantirish xalqaro-huquqiy madaniyatni yuksalishiga xizmat qiladi, degan fikrdamiz. Xulosa qilib taʼkidlash joizki, bundan bir necha yillar oldin Markaziy Osiyoda “suv urushi”ning boshlanishini bashorat qiluvchilar koʻpayib ketgan edi, yuqori darajadagi minbarlardan shu mazmundagi maʼruzalar yangragan, nufuzli nashrlarda maqolalar chop etilgan. Afsuski, Markaziy Osiyoda hech qanday “suv urushlari” sodir boʻlmadi, aksincha, oxirgi yillarda suv sohasidagi mintaqaviy hamkorlik kuchayib bormoqda. Bularning barchasi mintaqaning har qanday muammolarini vazmin va oqilona hal etishga qodir aqliy va siyosiy salohiyat mavjudligidan dalolat beradi. Umid qilamizki, Markaziy Osiyolik huquqshunoslar, ayniqsa, xalqaro huquqshunoslar mazkur salohiyatni yuridik mazmun bilan yanada boyitadi, toʻldiradi va mintaqamiz taraqqiyotiga oʻz hissalarini qoʻshadi.

Shuhrat Raxmanov,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi mudiri,

yuridik fanlar doktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер