Maʼrifat ulashib yashash saodati
Ziyoli inson quyoshga mengzaladi. Bu bejiz emas, albatta. Quyosh beminnat nur taratib, olamga yorugʻlik baxsh etadi, atrof-javonibni isitib, Yer yuzida hayot bardavomligini taʼminlaydi. Ziyoli inson ham shunday. U oʻz bilim va aql nuri bilan qalblarni nurafshon qilib, odamlarni ezgulikka, bunyodkorlikka safarbar etadi. Ezgulik esa hayotning mehrigiyosidir.
Oʻz taqdirini Vatan va millat taqdiri bilan uzviy holda koʻruvchi vatanparvar, maʼrifatparvar, taʼlim va ilm-fan homiysi, yoshlarning mehridaryo ustozi, chin maʼnodagi ziyoli inson deganda, koʻz oldimizga beixtiyor Oqil Salimov keladi.
Ilm yoʻlini adolat yoʻli deb bilgan bu inson Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik, texnika fanlari doktori, professor, ayni paytda minglab shogirdlarning mehribon ustozidir. Fidoyi pedagog qanchadan-qancha yoshlarga murabbiylik qilib, isteʼdodlarga qanot boʻlgan, ilmiy izlanishlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, hatto akademiklarga ham ustozlik qilgan. Bugun ham Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasining Oʻzbekiston boʻlimi Prezidenti hamda Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi sifatida yosh iqtidorlarni izlab topish hamda ularni moddiy-maʼnaviy ragʻbatlantirishda oʻzining yuksak bilim va ulkan tajribasini hayotga tatbiq etib, koʻpchilikka namuna boʻlib kelmoqda.
Xalqimiz Oqil Salimovni davlat va jamoat arbobi sifatida ham yaxshi biladi. U kishining ilgʻor gʻoya va tashabbuslari mamlakatimiz taraqqiyoti, elimiz farovonligida muhim oʻrin tutib kelmoqda. Olimning “Saodat yoʻli”, “Yoshlarga donolar oʻgiti”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Yangi Oʻzbekistonning isteʼdodli yoshlari”, “Doʻstlik xamsasi”, “Aql innovatsiyasi”, “Yangi Oʻzbekiston davlati” kabi qator ommaviy-siyosiy va ilmiy-maʼrifiy asarlarida, turfa maqolalarida yurtimizni jahon andozalari darajasida hamda milliy qadriyatlarga asoslangan holda rivojlantirish, ilm-fanni taraqqiy ettirish, yoshlarni tarbiyalash boʻyicha ilgari surilgan ilgʻor gʻoyalar, nazariy va amaliy bilimlar, talqin va tajribalar nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi, ekspert va mutaxassislar tomonidan eʼtirof qilingan.
Oqil Umurzoqovichning gazeta oʻqimagan, yangiliklardan xabardor boʻlmagan kuni yoʻq. Doimo maʼnaviyat, maʼrifat haqida qaygʻuradi. Qachon huzuriga bormaylik, u kishining stollarida mamlakatimiz va xorijda nashr etiladigan matbuot nashrlarini koʻramiz. Ustoz gazetalarni shunchaki oʻqimaydi. Ulardagi tahliliy maqolalar boʻlsin yoki dolzarb mavzudagi bir sharh yoxud oddiy xabar boʻlsin — har birini sinchkovlik bilan mushohada qiladi, hayot haqiqati bilan taqqoslaydi, muayyan xulosalar chiqaradi. Maqolalarni oʻqiyotib, muhim joylarining tagiga chizib, sahifalar yoniga oʻzining qimmatli fikrlarini yozib qoʻyganiga bir necha bor guvoh boʻlganman.
Yana bir oʻziga xos fazilati borki, buni eslab oʻtmasak, ustoz haqida toʻla tasavvur hosil qilish mumkin emas. Bu inson maqolalarni katta qiziqish va eʼtibor bilan oʻqibgina qolmay, mualliflariga ham hurmatini bildirishni, ularni yaxshi gap bilan eʼtirof etish orqali ruhlantirishni kanda qilmaydi. Jumladan, kaminaning muallifligida qaysi gazetada qanday material chop etilishidan qatʼi nazar, ustoz oʻsha kuniyoq sim qoqadi. Yutuqlarni eʼtirof qilib, kamchiliklarini ham aytadi: “Oʻqidim, juda boplabsiz, lekin mana bu joylarini bunday yoʻsinda oʻzgartirganingizda yanada ajoyib boʻlardi”, deya oʻzining bebaho maslahatlarini beradi.
Bu haqda oʻylarkanman, faoliyatim davomida gazeta, jurnal, umuman, matbuotga, kitobga qiziqmaydigan ayrim katta-kichik rahbarlar bilan yuzma-yuz boʻlganim xayolimdan oʻtadi. Ularning orasida, hatto oʻzi yozganlarini ham oʻqimaydiganlar uchraydi...
Axir bilimlar manbai, tafakkur chirogʻi boʻlgan, el-yurt taqdiriga, jamiyatdagi oʻzgarishlarga daxldorlikning yorqin ifodasi hisoblangan ushbu vositalarga qiziqmagan, ularni hayotining bir boʻlagiga aylantirmagan insonni, ayniqsa, rahbarni qanday tushunish mumkin?! Ular maʼnaviyatda, maʼrifatda oddiy odamlarga, yoshlarga ibrat boʻla oladimi?! Bugun Prezidentimiz gʻoyasi va tashabbusi bilan umumxalq harakatiga aylangan yangi Oʻzbekistonni bunyod etish hamda uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulugʻvor ishga qay darajada hissa qoʻsha oladi?!
Ayonki, hozirgi kunda barcha sohada integratsiyalashuvning kuchayishi vayronkor gʻoyalar targʻibotini yanada osonlashtirmoqda. Shunday ekan, dunyoning geosiyosiy manzarasi tez-tez oʻzgarayotgan, notinchlik, davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlik hukm surayotgan, qolaversa, insonlar ongi va qalbi uchun keskin kurash ketayotgan hozirgi murakkab sharoitda tinchlik va osoyishtalikni saqlab qolish, tanlab olgan taraqqiyot yoʻlimizdan ildam odimlashda xalqning jipsligi, maʼnan uygʻoqligi, hushyor va ogohligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Tafakkurni oʻzgartirish hamda ong-u qalb mudofaasida beminnat va kuchli qurol hisoblangan gazeta-jurnallar imkoniyatlaridan samarali foydalanish esa har qachongidan-da dolzarb. Katta-kichik rahbarlar bu yoʻlda nafaqat jonbozlik koʻrsatishi, balki boshqalarga oʻrnak boʻlsa, xalqni ortidan ergashtirsa, nur ustiga nur.
Har bir kunini, avvalo, gazetalardagi soʻnggi yangiliklar, tahliliy chiqishlarni oʻqish, mamlakatimizning urib turgan “yuragi”ni his qilish bilan boshlaydigan Oqil aka kabi insonlar koʻpchilikka ibrat namunasidir. Bunday ziyoli yurtdoshlarimiz qanchalik koʻp boʻlsa, ezgu maqsad-muddaolarimiz roʻyobi shunchalik tezlashadi.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi... Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri — iqtisodiyot, biri — maʼnaviyat. Maʼnaviy buyuk xalq — iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi.
Aslida ham, komillik sari intilib yashash insonni saodatga eltadi. Maʼnaviyat sohasi dargʻalaridan boʻlgan Oqil Salimov bugun el-yurt eʼzozida, shogirdlar ardogʻida. Oʻz vaqtida yoshlarga bilim berish, mehr-muhabbat koʻrsatish, ularning hayotni anglashi va oʻz toʻgʻri yoʻlini topishiga koʻmaklashish — ulkan baxt. Atoqli pedagog bugun ana shu saodatdan bahramand, quvonch va shukronalik hissiga toʻlib, ehtirom ogʻushida umrguzaronlik qilmoqda. Shogirdlar esa bu insonning koʻnglini nurafshon etib, beliga quvvat, koʻziga nur boʻlayotir.
Mehridaryo ustoz, fidoyi olim, ilgʻor fikrli arbob bugun hayotining yangi bir dovonini bosib oʻtmoqda. Ulugʻ yoshda kishi umr lazzatini toʻlaqonli totishga intiladi, kelajakka ishonch ruhi bilan yashaydi. Tabobat olamining asoschisi, ulugʻ ajdodimiz Abu Ali ibn Sino aytganidek, “Dono boʻlib ulgʻayish — katta sanʼat, bolalikni qaytarmay turib, yoshlikdagi ilm-bilimni, hayotiy tajribani saqlab, davom ettirish — katta baxt”. Ustozga mana shu tole kulib boqqani bizga ulkan mamnuniyat bagʻishlaydi.
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring