Marhamat, vorislik qilavering, bizni tinch qoʻying! — Kusherbayev “Milliy tiklanish” partiyasining oxirgi chiqishlari haqida 

12:45 06 May 2021 Jamiyat
5858 0

Toʻgʻrisi, oxirgi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasining chiqishlariga eʼtibor qilmaslikka urinyapman. Chunki ular negadir muammolarni sunʼiy yaratish, odamlarni urishtirish, nizo chiqarish, oddiy aytganda, fitna qoʻzgʻashga oʻxshash harakatlar qilayotganga oʻxshaydi. Balki adashgandirman, biroq bu soʻnggi paytlardagi shaxsiy kuzatuvlarim.

Shu bois har bir ishi, chiqishiga eʼtibor qilaversam, men ham ayirmachiga aylanib qolaman. Men esa oʻzbek, qirgʻiz, tojik, rus, koreys, tatar, qozoq, uygʻur va boshqa doʻstlarim, qadrdonlarim bilan “Sen ariqning u tomonida ekansan”, deb urishishni istamayman.

Biroq ushbu partiya nashrining 5-may 15-sonida jimjimador qilib ishlangan kollaj ostida bosilgan “Janob Liberallar, sukut alomati rizomi?” sarlavhali maqolada negadir yana sunʼiy ravishda tadbirkorlarga men, Doniyor Gʻaniyev va biz aʼzo boʻlgan partiyani yomon koʻrsatishga urinishibdi. Bunaqa “bozorbop” chiqish uchun eng munosib javob aslida eʼtibor bermaslik edi. Lekin andishaning oti ham qoʻrqoqmas, indamasak boʻlmasligini tushundik.

“Milliy tiklanish” partiyasi gazetasi bahonasida ularga bir narsani eslatib oʻtmoqchiman: OʻzLiDeP fraksiyasidagi har bir deputat alohida individual shaxs va har birining oʻz mustaqil fikri bor. Fikrlar doim ham bir joydan chiqmasligi mumkin. Chunki liberallik, avvalo, erkinlik va yangilikka intilish degani.

Hammani birdek, bir qolipda fikrlashga oʻrgatish va ayttirish sobiq ittifoq mafkurasiga xos ish. Bu mafkura koʻproq “Milliy tiklanish”ga yoqqan koʻrinadi. Yoqsa, marhamat, vorislik qilavering, biroq bizni tinch qoʻying!

Yana bir gap. Maqolada iddao qilingan mavzu, yaʼni koʻchalardagi reklama masalasida men oʻz fikrimni aytdim: yoqadimi-yoʻqmi, bunisi qiziqmas. Yoʻllar, avvalo, haydovchi va yoʻlovchiga qulay boʻlishini istayman, yoʻl reklama maydoni yoki bozor emas. Yoʻl, bu oʻz nomi bilan yoʻl axir. Yoʻl boʻylariga har qanday boʻlar-boʻlmas reklama vositalari qoʻyilishiga shaxsan men qarshiman. Bu gapim yoqmasa yoqmas, biroq sunʼiylik qilib, yoqmagan gapni yoqdi, deb aytolmayman-ku! Xullas, reklama qilishga yoʻldan boshqa joy topish kerak.

Darvoqe, soʻnggi vaqtlar “Milliy tiklanish” partiyasi millat taqdiri, tarbiya, bilim degan gaplarni bot-bot takrorlamoqda. Agar rostdan ham shunday boʻlsa, nima uchun kuni kecha minglab, kerak boʻlsa, millionlab yurtdoshlarimiz koʻz tikib turgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilish jarayonida aynan “Milliy tiklanish” partiyasi vakillari diniy taʼlim muassasasida taʼlimni kengaytirish masalasiga qarshi chiqdi? Diniy bilim, shu jumladan, muqaddas Islom dini haqida taʼlim olish faqat diniy soha xodimlari uchun emas, aholi, shu jumladan, ota- onalar uchun ham erkin boʻlishi zarurligini taʼkidlagan Doniyor Gʻaniyev va meni nima uchun qoʻllab-quvvatlashmadi? Aksincha, ular buni terrorizm, radikalizm bilan bogʻladi, yurtdoshlarimizga bu masalada ishonishga erta, degan qarash bilan diniy taʼlimda erkinlik berilishiga qarshi chiqdi, faqat diniy idora xodimlari uchun diniy taʼlim olish mumkin, degan eskirgan qolipni yoqladi.

Ushbu pozitsiyangizdan keyin ham Sizlarni kim deb atashimiz kerak, “Milliy tiklanish”mi yoki? Men atayin maqoladagi ayrim chalkashlik va oddiy savodxonlik masalasidagi qoʻpol xatoliklarga ham koʻz yumdim.

Oʻylaymanki, “Milliy tiklanish”ning mendan boshqa tashvishi, muammolari ham koʻp va yaxshisi, bizni tinch qoʻyib, har xil fitna, gʻiybatlar bilan emas, partiya oldida turgan jiddiyroq ishlari bilan shugʻullanishsin.

Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy MajlisQonunchilik palatasidagi
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?