Margʻilondagi koʻp qavatli uylarda issiqlik taʼminoti nega kechikmoqda?

15:48 01 Dekabr 2022 Jamiyat
445 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, mamlakatimizda har yili kuz-qish mavsumi tayyorgarligi uchun alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, shu asosda keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshiriladi. Bu borada tegishli mutasaddi idoralar tomonidan bajarilgan ishlar haqida qator hisobotlar tayyorlanadi.

Ammo sovuq kunlar boshlangach, aholining kundalik zaruriy ehtiyojlari – tabiiy gaz, elektr energiyasi, issiqlik taʼminoti bilan bogʻliq muammolar yuzaga chiqaveradi. Sayyor qabullar, sektor rahbarlari bilan uchrashuvlar jarayonida va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada murojaatlar koʻpayadi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Margʻilon shahrida boʻlib, “Guliston”, “Zuhro”, “Miltiqsoz”, “Chilonzor” mahallalarida a joylashgan 130 ta koʻp qavatli uylarning markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan tanishdi hamda hudud aholisi bilan yuzma-yuz muloqotda boʻldi.

Taʼkidlash oʻrinliki, Fargʻona viloyatining issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqilgan. Ayni paytda hayotga tatbiq etilayotgan qiymati 30 milliard soʻmga teng boʻlgan loyiha doirasida “Fargʻona issiqlik manbai” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 5 ming 711 ta xonadonni markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan toʻliq taʼminlash koʻzda tutilgan.

Ammo oʻrganishlar davomida maʼlum boʻlishicha, bu yoʻnalishdagi ish jarayoni sust ketmoqda. Viloyat hokimi mazkur holatni keskin tanqid qilib, Margʻilon shahar hokimi, Fargʻona viloyati qurilish sohasi masʼullarini belgilangan yumushlarni sifatli yakunlash zarurligi boʻyicha jiddiy ogohlantirdi.

Shu yerning oʻzida loyihani qisqa muddatda yakunlash uchun kunlik reja-jadval ishlab chiqish, mutasaddi tashkilotlar masʼullari ishtirokida doimiy shtab tashkil qilish hamda belgilangan ishni oʻz muddatida yakunlash boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?