Margʻilondagi 125-yillik meʼmoriy obida asrab qolinadi
Madaniy meros agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Tursunali Kuziyev fargʻonalik bir guruh fuqarolarni qabul qildi.
Fuqarolar Fargʻona viloyati Margʻilon tumanida joylashgan 125-yillik tarixga ega “Uzun hovuz” madaniy meros yodgorligi qarovsiz holga kelib qolgani va hududiy mutasaddi xodimlarning eʼtiborsizligi yuzasidan murojaat bilan kelgan. Qayd etilishicha, viloyatda joylashgan ushbu meʼmoriy obida 3-yildan buyon qarovsiz holatda qoldirilgan va tom qismi ochiqligi sababli bino avariya holatiga kelib qolgan. Viloyatda yashovchilar bir necha bor murojaat qilgan boʻlsada, muammo oʻz holiga tashlab qoʻyilgan.
Ushbu muammo Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari va Agentlik mutasaddilari bilan birgalikda oʻrganib chiqildi.
Maʼlum boʻlishicha, Margʻilon shahar, Uzun hovuz mahallasida joylashgan “Uzun hovuz” masjidi madaniy meros obyektini 2020-2021-yillar davomida taʼmirlash va tiklash uchun respublika byudjetidan 1 mlrd. 245 mln. soʻm pul mablagʻi ajratilgan. Madaniy meros departamenti va pudratchi tashkilot (“Madaniy meros obyektlarini tiklash” MCHJ) oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan obyektda 2020-2021-yillarda qisman taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilgan. Biroq, binoning xonaqoh hamda ayvon qismlarida olib borilayotgan taʼmirlash ishlari uchun alohida mablagʻ ajratilmaganligi sababli yakuniga yetkazilmay qolgan.
Tursunali Kuziyev viloyat boshqarmasi bilan telefon orqali muloqot qilib, vaziyatga befarq munosabat va muammo hozirgacha atroflicha oʻrganilmaganligini keskin tanqid qildi. Boshqarma boshliqlariga tarixiy obidani qish mavsumidagi yogʻingarchiliklardan himoya qilish uchun tezkor chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish topshirigʻini berdi.
Shu bilan birga Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari tomonidan Fargʻona viloyati Madaniy meros boshqarmasi boshligʻiga 2024-yildan boshlab har oyda bir marotaba hududiy maslahat kengashi aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazish lozimligi va viloyatda joylashgan madaniy meros obyektlarining bugungi kundagi holatini oʻrganib chiqish yuzasidan yoʻl xaritasi ishlab chiqish zarurligi aytildi.
“Biz kasbimizga masʼuliyatsizlik va sovuqqonlik bilan yondashsak tarix bizni kechirmaydi. Ota-bobolarimizdan qolgan merosni asrashga befarq boʻlsak, tarixni bir qismi sifatida ajdodlarimizdan yetib kelgan shonli oʻtmishimizdan soʻzlovchi osori atiqalarimiz, meʼmoriy obidalarimizni birin-ketin yoʻqotib qoʻyishimiz mumkin” — dedi Tursunali Kuziyev.
Binoni asrab qolish yuzasidan Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan “Uzun hovuz” meʼmoriy yodgorligini taʼmirlash va tiklash ishlarini yakuniga yetkazish uchun “2024-yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan madaniy meros obyektlarining manzilli roʻyxati”ga kiritish boʻyicha taklif berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring