Margʻilonda “Otabek va Kumush uyi” qachon quriladi?

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Margʻilon shahrida xalqimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qodiriyning mashhur “Oʻtkan kunlar” romani qahramonlari bilan bogʻliq xotiralar hamon saqlanib qolmoqda. Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan bunday taassurotlar adib ijodi abadiyatga daxldorligidan dalolat beradi.
Darhaqiqat, Margʻilon deganda “Oʻtkan kunlar” romanidagi Otabek va Kumush pokiza tuygʻulari, ibo va hayosi, kulgisi oʻziga yarashgan dilbar qizning maʼsuma qarashlari, oshiq yigitning bedor qalbi, mumtoz navolar sehri koʻz oldimizga keladi. Shirin xayollar bizni bir zumda yettinchi osmonda sayr qildiradi. Bir lahzada oʻsha sevimli qahramonlarimiz qalbimizni oʻziga mahliyo etadi.
Bundan toʻrt-besh yil oldin boshlangan ezgu tashabbusga koʻra, Margʻilonda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Otabek va Kumush, Mirzakarim qutidorning ramziy uyi, oʻzbekona hovlisini barpo etish rejalashtirilgandi. Ammo baʼzi sabablar bilan ushbu tashabbus amalga oshmay qoldi. Toʻgʻrirogʻi, shoirona ibora bilan aytganda, tugʻildi-yu shu on boʻgʻildi...
Haqiqatan ham bu koʻhna kentda ziyorat turizmini jadal rivojlantirish uchun barcha qulaylik mavjud. Boisi bugungi kunda shaharda 40 dan ziyod madaniy meros obyektida sayyohlar tashrif buyurishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Keyingi yillarda turizm rivojiga qaratilgan eʼtibor va ragʻbat tufayli Margʻilonda mehmonxonalar soni 10 dan oshdi. Uy mehmonxonalari, xostellar qurildi.
Atlas, Buyuk ipak yoʻli folklor festivallari oʻtkazilishi doimiy anʼanaga aylanib, tadbirlar doirasida xorijdan va mahalliy sayyohlar oqimi tobora koʻpayib borayotir. Hozir viloyatda Qoʻqon va Margʻilon shahri, Rishton tumani sayyohlar eng koʻp keladigan hududlar sirasiga kiradi.
Ayni yoʻnalishda viloyat turizm boshqarmasi, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda mamlakatimizning turli hududlari, xususan, vohadan vodiyga kelayotgan sayyohlar sonini tahlil qilish orqali sayyohlik agentliklari bilan hamkorlikda 5 kunlik sayohat paketi, yangi marshrutlar tashkil etish doimiy eʼtiborda. Shu maqsadda Margʻilondan boshlanadigan sayyohlik yoʻnalishi Toshkent, Samarqand va Buxoro boʻylab davom etishi koʻzda tutilgan.
Yaqin yillarda Margʻilon Jahon hunarmandlari shahri maqomiga ega boʻlgani, bugungi kunda hunarmandlar tomonidan tayyorlanayotgan oʻnlab turdagi noyob ipak matolar, atlas va adraslar dunyoning 100 dan ziyod mamlakatiga yetkazib berilayotgani ham sayyohlar eʼtiborini jalb etuvchi yana bir jihat hisoblanadi.
Margʻilondagi Uzunhovuz degan tarixiy joyda eski mahalla bor. Dastlab Otabek va Kumushning uyini aynan shu yerdan qurish niyat qilingandi. Bu boʻyicha turizm marshruti ham ishlab chiqilib, loysuvoqli uylardan iborat eski mahalla bunyod etish, sayyohlar maroqli hordiq chiqarishi uchun milliy qadriyatlarga xos hovlilar, ayvonlar, oʻrindiqlar tashkil qilish rejalashtirilgandi. Afsuski, qandaydir sabablar bilan mazkur tashabbus toʻxtab qoldi. Ammo hali loyihadan butkul voz kechilgani ham yoʻq,
— Oʻtgan yili davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shahrimizda “Yangi Oʻzbekiston” massivi qurilishiga kirishildi, — deydi Margʻilon shahar hokimi oʻrinbosari Toʻlanboy Beknazarov. — Zamonaviy va muhtasham qiyofaga ega boʻladigan yangi massivda koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha muassasalari, yashil xiyobonlar bilan birga Burhoniddin Margʻinoniy majmuasi ham bunyod etiladi. Otabek va Kumush uyini ham aynan ushbu hududda joylashtirish maqsad qilingan.
Xalqimizda holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi, degan ibora bor. Shu maʼnoda, yashni niyat yaxshi, lekin turli sabablar bilan paysalga solavermay, uning ijobati tezroq toʻliq taʼminlansa, yanada maʼqul boʻlar edi.
Ishonamizki, bu safar ezgu niyat yana vaʼdalar soyasida, puch xayolligicha qolib ketmaydi. Zamonaviy shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qad rostlayotgan yangi massivda Otabek va Kumush uyi qurib bitkaziladi hamda ushbu tabarruk maskan Margʻilonning oʻziga xos turizm brendlaridan biriga aylanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- “Bilmak Navoiyni — zoʻr maʼrifat nishoni...”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring