Maradonaning oʻlimida sakkiz nafar shifokor qotillikda ayblanmoqda: ular 25 yilgacha qamalishi mumkin

01:33 16 Aprel 2022 Sport
914 0

Arxiv surat

Oʻtgan asrning yorqin futbol yulduzlaridan biri Diyego Armando Maradonaning oʻlimida sakkiz nafar shifokor qotillikda ayblanmoqda.

Argentinalik hujumchi Diyego Maradonaning oʻlimi bilan bogʻliq yangi tafsilotlar maʼlum boʻldi.

Prokuratura 2020-yilning noyabr oyida fojiali hayotdan koʻz yumgan 60 yoshli sobiq futbolchiga nisbatan sakkiz nafar shifokorga harakatsizlik va oʻz vazifasini suiisteʼmol qilgani uchun uzoq muddatli qamoq jazosi berishni talab qilmoqda. Agar ularning aybi isbotlansa, sud shifokorlarni 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etishi mumkin.

Argentina prokuraturasining xulosasiga koʻra, Maradona himoyasiz vaqtda harakatsizlik qilingan va qoʻpol bilan munosabatda oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Ayblovda uning kasalxonaga yotqizish oʻrniga uyda davolanganini “gʻalati holat” deya baholangan. Shifokorlar bunday xatti-harakati bilan insonning oʻlimiga olib kelishini anglab yetgan holda beparvolik qilgani sifatida qotillik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Ayblanuvchilar roʻyxatida neyroxirurg va oilaviy shifokor Leopoldo Luke, psixiatr Agustina Kosachov va psixolog Karlos Diasning ismlari bor. Ularni aybdor deb topsa, 8 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Diyego Maradona 2020-yil 25-noyabrda vafot etgan edi. Oʻsha yilning 3-noyabr kuni sobiq sportchiga miyaning subdural gematomasi tashxisi qoʻyilgan. Ertasi kuni u jarrohlik amaliyotini boshidan oʻtkazgan va 12-noyabr kuni kasalxonadan chiqarilgan.

Advokat va Maradonaning shaxsiy huquqshunosi Matias Morla sud jarayonida tergov xulosalarini tasdiqladi.

“Koʻp xatolarga yoʻl qoʻyildi, buning oqibatida Diyego vafot etdi”, deydi Morla.

Advokatning qayd etishicha, Maradona oʻlimidan uch hafta oldin, oʻtkazgan jarrohlik amaliyotidan soʻng shifokorlar uni tibbiy xodimlar nazorati ostida qoldirishni tavsiya qilgan. Biroq sobiq futbolchining yaqinlari uni Buenos-Ayres chekkasidagi ijara uyiga koʻchirishgan.

“Bu oʻta ketgan ahmoqlik edi. Shifokorlar uni kasalxonada qolishi kerakligini aytishgandi”, deydi advokat.

2020-yilning 25-noyabr kuni Maradona uygʻonib, oʻzini yomon his qilgani haqida xabar berib, yana uxlashga yotib vafot etgan.

Jahon OAVlari tomonidan eʼlon qilingan tibbiy komissiya maʼlumotlariga koʻra, argentinalik futbolchi 25-noyabr kuni soat 4:00 — 6:00 lar oraligʻida uyqusida vafot etgan.

Biroq oʻsha kuni qoʻngʻiroqqa kelgan shifokorlar oʻlimni kechroq — soat 13:15 da qayd etgan. Undan oldin 45 daqiqa davomida reanimatsiya amaliyoti oʻtkazilgan.

Dafn marosimidan oldin shifokorlar sobiq sportchining tanasidan yurakni olib tashlashgan.

“Maradonaning yuragi yarim kilogramm ogʻirlikda, u juda katta edi. Odatda yurakning ogʻirligi 300 grammni tashkil qiladi. Garchi Diyego sportchi boʻlsa ham, odatda boshqalarga qaraganda atletlarda katta yurak boʻlsa ham, bu yagona sabab emas. Bu yurak yetishmovchiligi edi”, deydi yozuvchi va jurnalist Nelson Kastro “Marca” nashriga bergan intervyusida.

Futbolchilik faoliyati davomida “Argentinos Juniors”, “Boka Xuniors”, “Barselona”, “Napoli”, “Sevilya” va “Nyuells Old Boyz” klublari sharafini himoya qilgan Diyego Maradona Argentina terma jamoasi tarkibida 91 ta oʻyinda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga 34 ta gol kiritgan edi.

1986-yilgi jahon chempionatida u turnirning “Eng yaxshi futbolchisi” deb topilgan va ana shu musobaqada Argentina jahon chempionligini qoʻlga kiritgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?