“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosi yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning axborotlari eshitildi

20:56 25 Dekabr 2024 Siyosat
674 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

2024 yil 25 dekabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investisiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha belgilangan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Tadbirda Senat a’zolari, Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashlari a’zolari, ekspertlar, viloyat hokimliklari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat tuzilmasi mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha normativ-huquqiy baza hamda tizim shakllantirilib, davlat xizmatlari ko‘rsatishni raqamlashtirish orqali inson omili minimal darajaga kamaytirildi. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ijobiy yutuqlarga erishildi.

Joriy yilda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi korrupsiyaviy omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning muhim mexanizmlarini belgilab berdi.

Mazkur Qonunning amaliyotga joriy etilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Prezidentning “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori bilan davlat organlari va tashkilotlari zimmasiga bir qator vazifalar yuklatildi.

Ushbu vazifalarning ijro etilishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarning axborotini qo‘mita majlislarida eshitish belgilangan.

Shu bois Tashqi ishlar vazirligi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Turizm qo‘mitasining mazkur Qonun ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha axborotlari eshitildi.

Xususan, korrupsiyaviy holatlar ichki nazorat tizimlari faoliyatini yetarli darajada amalga oshirilmayotganligi va buning natijasida qonun buzilishiga sharoitlar yaratib berilayotganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan qonunchilikka zid bo‘lgan bunday holatlar hududdagi har bir kengash a’zosidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tezkorlik bilan aniqlash va ularga chek qo‘yish, shuningdek, ularning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan samarali faoliyat olib borish zarurligini talab etishi ta’kidlandi.

Majlis yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatni yanada kuchaytirish, huquqbuzarlik holatlarini bartaraf etish hamda qonun ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan Qo‘mita qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq vazirlik va idoralar zimmasiga korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rish yuklatildi hamda tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер