“Man Siti” oʻz himoyachisini “Real Madrid”ga taklif qildi

“Manchester Siti” jamoasi yozgi transfer oynasi arafasida jamoani yangilash rejalari doirasida shveysariyalik himoyachi Manuel Akanjini “Real Madrid”ga taklif qildi. Bu haqda “90min” nashri xabar bermoqda. Garchi Akanjining “shaharliklar” bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha moʻljallangan boʻlsa-da, klub uni transferga qoʻyishga tayyor ekanini bildirgan.
Manbaga koʻra, “Siti” vakillari Madrid klubi bilan bogʻlanib, futbolchini rasmiy tarzda taklif qilgan. Biroq “Real Madrid” ushbu transferga katta qiziqish bildirgani yoʻq. 30 yoshga yaqinlashayotgan Akanji klubning uzoq muddatli rejalariga mos kelmayapti. Madridliklar ayni paytda yosh va istiqbolli futbolchilarga ustuvorlik berishni maqsad qilgan.
Bundan tashqari, Akanjining tez-tez jarohat olishi uning transferiga nisbatan shubhalarni kuchaytirgan. Bu esa “Real” rahbariyatining ehtiyotkor qaroriga olib kelgan. Shu bilan birga, Pep Gvardiola yozgi transfer oynasida jamoaning bir necha tajribali futbolchilari bilan xayrlashishini ochiq eʼlon qilgan.
“Manchester Siti” tarkibni yangilash jarayonini allaqachon boshlagan. Qishki transfer davrida klub markaziy himoyachilar Abduqodir Husanov va Vitor Reysni katta mablagʻ evaziga xarid qilgan. Bundan tashqari, yarim himoyachi Niko Gonsalesh va hujumchi Omar Marmush ham jamoaga qoʻshildi.
Klub hozirda Kevin De Bryuyne, Ederson, Jek Grilish, Mateo Kovachich, Natan Ake va Manuel Akanji kabi futbolchilarga yangi jamoa topishga harakat qilmoqda. Bu esa yozda “Etihad”da katta oʻzgarishlar boʻlishidan darak bermoqda.
Joriy mavsumda “Manchester Siti” kutilgan natijalarga erisha olmayapti. Klub Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida beshinchi oʻrinda bormoqda va peshqadam “Liverpul”dan 22 ochkoga ortda qolmoqda. Shuningdek, Chempionlar ligasi pley-off bosqichida ham aynan “Real Madrid”ga magʻlub boʻlib, musobaqani tark etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring