Mamlakatimiz uchun ustuvor xalqaro reyting va indekslarning ro‘yxati tasdiqlandi va maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi

11:52 16 Avgust 2024 Siyosat
179 0

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi 4 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy-huquqiy sohalariga oid xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha Prezidentimizning bir qator farmon va qarorlari qabul qilingan. 
Ular orasida 2020 yil 2 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi PF-6003-sonli Farmoni yurtimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi.

O‘tgan davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarda olib borilgan islohotlar natijasida bir qator xalqaro reytinglarda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishildi. 
Xususan, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investisiya muhitining yaratilishi natijasida Iqtisodiy erkinlik indeksida mamlakatimiz o‘rni 5 pog‘onaga ko‘tarilib, 178 ta mamlakat orasida 109-o‘rinni egalladi. So‘nggi 7 yilda esa O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 57 pog‘onaga yaxshiladi. 

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan qishloq xo‘jaligi, energetika, qurilish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ko‘plab sohalarda olib borilgan innovasion va texnologik rivojlanish O‘zbekistonning Global innovatsiyalar indeksidagi ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga olib keldi. O‘zbekiston mazkur Indeksda 132 ta davlat orasida 93-o‘rindan 82-o‘ringa ko‘tarildi.
Davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, davlat organlari faoliyatiga elektron texnologiyalarning keng joriy qilinishi natijasida Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida respublikamiz o‘z ko‘rsatkichini 18 pog‘onaga yaxshilab, 193 ta davlat orasida 69-o‘rinni egalladi va bu borada “juda yuqori rivojlanayotgan” mamlakatlar qatoriga kirdi. 

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Korrupsiyani qabul qilish indeksidagi mamlakatimiz ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, ushbu Indeksda 180 ta davlat orasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini 2020 yilda 146-o‘rindan 2024 yilda 121-o‘ringa olib chiqishga erishildi. Umuman olganda, so‘nggi 7 yilda Indeksdagi mamlakatimiz o‘rni 36 pog‘onaga yaxshilandi.
Mamlakatimizda huquq ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilgan islohotlar natijasida Huquq ustuvorligi indeksida O‘zbekiston so‘nggi uch yilda o‘z ko‘rsatkichlarini 14 pog‘onaga yaxshilab, 142 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egalladi. 

Shu bilan birga, respublikamizning xalqaro maydondagi mavqeini yanada oshirish, xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ixcham va natijaga yo‘naltirilgan tizimni joriy qilish hamda parlament vakolatlarini kengaytirish maqsadida 2024 yil 19 iyunda “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda ushbu sohada parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezidentning PF–91-sonli Farmoni qabul qilindi. 
Farmon bilan Oliy Majlis Senati tomonidan ustuvor xalqaro reyting va indekslarning ro‘yxatini hamda samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlarini tasdiqlash belgilandi.  
Majlis davomida mamlakatimiz uchun 15 ta ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar va ularga mas’ul vazirlik va idoralar ro‘yxati hamda 2030 yilga qadar maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilganligi qayd etilib, O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani tayyorlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. 
Senatorlarning fikricha, xalqaro reyting va indekslar muayyan soha, yo‘nalish va tarmoqlarni turli yo‘llar bilan aniqlash vositasi hisoblanib, ular mamlakatlarning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va mavqeini belgilashda, olib borilayotgan islohotlarga xolis baho berishda muhim ahamiyat kasb etadi. 
Muhokamadan so‘ng Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер