Maktabga telefonsiz kelayotgan bolalar

16:49 14 May 2025 Jamiyat
113 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yaponiya taʼlim tizimi butun dunyoda yuqori darajadagi sifat va intizom bilan tanilgan. Tokio shahrida joylashgan maktabning boshlangʻich taʼlim oʻqituvchisi Goto Mikako hamda robotexnika va aniq fanlar boʻyicha professor Koganezava Koichi Fargʻonada ish boshlagani ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Mazkur taʼlim muassasalarida 14 ming 149 nafar oʻquvchi qamrab olingan. Shundan 200 dan ortiq sinflarda taʼlim-tarbiya jarayoni yapon oʻqitish metodikasi asosida olib borilmoqda.

— Hozirda tanlab olingan umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflarida darslarni oʻqitish metodlari, matematika, informatika, robototexnika va sunʼiy intellekt yoʻnalishlarida oʻquvchilarga puxta bilim berilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Sherzod Dolimov. — Kunchiqar yurt tajribasi asosida taʼlim va tarbiya jarayoni oʻzaro uygʻun holda tashkil etilgan. Fargʻona shahridagi 26-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham Yapon taʼlim tizimi boʻyicha darslar oʻtiladi.

Mazkur muassasaga kirishingiz bilan maktab hovlisining saranjom-sarishtaligi eʼtiboringizni tortadi. Oʻqituvchilar xonasi hamda boshlangʻich sinf xonalari oʻzgacha dizaynda, zamon talablari asosida jihozlangan. Bilim dargohida 15 ta boshlangʻich sinf boʻlib, ularda 482 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Har bir dars elektron doskalar vositasida maʼnaviyat daqiqalari oʻtishdan boshlanadi. Oʻquv mashgʻulotlari videoroliklar, videodarslar orqali tashkil etiladi.

— Oʻquv binosiga kiraverishda maxsus quti oʻrnatilgan. Oʻquvchilar ertalab telefonini shu yerga qoʻyib, darsdan keyin olib ketadi, — deydi maktab direktorining oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosari Shamsiddin Siddiqov. — Bu tajribadan soʻng ota-onalar farzandlari tarbiyasida katta oʻzgarish boʻlayotganini taʼkidlamoqda. Chunki maktab hovlisi tozaligi, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga ham oʻquvchilarning oʻzi masʼul.

Hozir uyali aloqa vositalari va smartfonlar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Bu qulaylik tezkor axborot va maʼlumotlardan foydalanishda qulay, ammo farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini unutmasligimiz kerak. Bu ertadan kechgacha telefonga yopishib qolgan bolalarimizning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ruhiy muvozanatini buzadi. Jizzaki, doim kayfiyati tushkun va loqayd boʻlib qoladi.

— “Telefonsiz maktab” shiori ostidagi ezgu tashabbusimizni amalga oshirish uchun ota-onalar va keng jamoatchilikka murojaat qildik, — deydi Fargʻona tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Shavkatjon Yuldashev. — Kelajagimiz vorislarini telefon girdobidan qutqarish, kitobxonlikka oʻrgatish uchun ijtimoiy tarmoqlarda targʻibot ishlari kuchaytirildi. Natijada tumandagi 64 ta umumtaʼlim maktablarining barchasida telefonlarni saqlash uchun maxsus qutilar tashkil etildi. Oʻquvchilar ertalab maktabga kelganida telefonini shu qutiga joylaydi. Oʻqituvchilar ham darsga qoʻl telefonisiz kiradi. Qisqa fursatda oʻquvchilarda katta oʻzgarish kuzatilib, oʻzlashtirish koʻrsatkichi va kayfiyati koʻtarildi. Oʻz-oʻzidan telefonga qaramlikdan qutulish ishtiyoqi kuchaydi. Ayni paytda maxsus saqlov qutilarida telefonlar soni kun sayin kamayib bormoqda.

— Nabiralarim maktabga telefon olib bormaydigan boʻldi. Darsdan keyin faqat zarur hollardagina telefon ishlatishga odatlanishdi, — deydi mehnat faxriysi Sobirjon Dadaxoʻjayev. — Dars tayyorlashga koʻproq vaqt ajratishayotgani uchun baholari yaxshilandi. Xorijiy tillar, kasb-hunar oʻrganish maqsadida qoʻshimcha toʻgaraklarga ham qatnay boshlashdi. Oʻqituvchilarning ham uyali aloqa vositalaridan foydalanishiga barham berilgani dars sifati oshishini taʼminladi. Bu amaliyot yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikning kamayishi, kitobxonlikning ommalashishi, nooʻrin axborotlar tarqalishining oldini olishga xizmat qilayotgani quvonarlidir.

Bugungi globallashuv davrida uyali aloqa vositalarisiz yashash mumkin emasdek tuyuladi. Ammo oʻquvchilar taʼlim-tarbiyasi, xususan, maktabda telefondan foydalanish masalasini shunday ijobiy hal etish mumkin. Toki telefon oʻgʻil-qizlarimizning oltinga teng davri behuda isrof boʻlishining oldini olib, kelgusida toʻgʻri taqsimlangan vaqt ularning bilim va dunyoqarashi yuksalishiga xizmat qilsin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?