Maktab darsliklarini tayyorlashning bugungi holati yuzasidan Bosh vazir oʻrinbosariga parlament soʻrovi yuboriladi

11:03 28 Fevral 2019 Jamiyat
1464 0

Illyustrativ foto

Xalq soʻzi online. Munisxon Karimova. “Yana bir achinarli holat shundaki, taʼlim davlat tilidan boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda oʻzbek adabiyotini alohida fan sifatida oʻqitish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilgan”, - dedi Senat raisi oʻz maʼruzasida.

Unda aytilishicha, taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarning 10 va 11-sinf adabiyot darsliklarida oʻzbek adabiyotini oʻzlashtirishga butun boshli oʻquv yili uchun bor-yoʻgʻi 4-8 soat ajratilgan,xolos.

“Mazkur maktablarda davlat tilining haftasiga bor-yoʻgʻi 2 soat oʻqitilayotgani taajjubli holdir.

Savol tugʻiladi:Qanday qilib bunday ahvolda yoshlarda oʻz Vataniga muhabbat, el-yurtiga hurmat va sadoqat tuygʻularini shakllantirish mumkin?!

Agar rus tilida tahsil olayotgan 581 ming nafardan ortiq bolaning aksariyati oʻzbek farzandlari ekanligini inobatga olsak, bu savollarning naqadar ogʻriqliligini,ularga javobni uzoq yillar afsuslanib izlashga toʻgʻri kelishini his qilish qiyin emas,deb hisoblaymiz.

Yuqorida tilga olingan hamda darsliklar bilan bogʻliq koʻplab muammolar, tabiiyki, taʼlim sifatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Birgina misol: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2017-18 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 8, 9-sinf oʻquvchilari orasida ona tili va matematika fanlaridan oʻtkazilgan yozma ish natijalari oʻquvchilarning ushbu fanlar boʻyicha oʻzlashtirishi talab darajasida emasligini yaqqol koʻrsatdi.

8-sinf oʻquvchilarining ona tilidan oʻzlashtirish darajasi mamlakat boʻyicha 72 foizni, 9-sinf oʻquvchilarining matematikadan oʻzlashtirishi esa, 54 foizni tashkil etgan,xolos.

Ayniqsa, ona tilidan oʻzlashtirish Toshkent shahrida 58 foizni, Namangan viloyatida 32 foizni, matematikadan oʻzlashtirish Qoraqalpogʻistonda 26 foiz, Namangan viloyatida 23 foiz, Toshkent shahrida bor-yoʻgʻi 13 foizni tashkil etgani tashvishli holdir.

Biz taʼlim sifati, pirovardida butun millat kelajagiga daxldor boʻlgan mazkur masalalar va muammolar koʻlamining gʻoyat kengligi, ular yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar, olim va amaliyotchilar, ekspertlar, qolaversa, keng jamoatchilik munosabati muhim ekanligini inobatga olib, umumtaʼlim maktablari darsliklarini tayyorlashning bugungi holati yuzasidan bir qator savollar bayon etilgan parlament soʻrovini Bosh vazir oʻrinbosariga yoʻllashni lozim topdik”, - deya alohida qayd etib oʻtdi Senat raisi.

Senat yalpi majlisini saytimiz orqali onlayn tarzda yoritib boramiz. Bizni kuzatishda davom eting.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?