May oyida aholiga elektr energiyasi kam yetkazib berilganiga izoh berildi

13:24 27 Iyun 2024 Iqtisodiyot
372 0

Ijtimoiy tarmoqlarda may oyida elektr energiyasini ishlab chiqarish va tabiiy gaz qazib chiqarish kamaygani haqida xabarlar tarqaldi. Energetika vazirligi bunga munosabat bildirdi.

Unga koʻra, 2024-yil may oyida Oʻzbekistonda 6,1 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 337,9 million kVt/soat yoki 5,8 foiz koʻp.

Shuningdek, respublika isteʼmolchilariga 5 milliard kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu koʻrsatkich 2023-yilning shu davridagiga nisbatan 297,1 million kVt/soat yoki 5,7 foiz kam.

Shu jumladan, iqtisodiyot tarmoqlariga — 3,7 milliard kVt/soat (92,2 mln kVt/soat koʻp), aholi isteʼmolchilariga — 1,2 milliard kVt/soat (393,7 million kVt/soat kam) elektr energiyasi yetkazib berilgan. Yaʼni, aholi isteʼmolchilari tomonidan shuncha hajmdagi elektr energiyasi tejalgan.

Qolgan elektr energiyasi stansiyalarning oʻz ehtiyojlari va ishlab chiqarishdagi ehtiyoj hamda elektr energiyasini uzatishdagi sarf uchun ishlatilgan.

“Kam yetkazib berilganining asosiy sababi shundaki, may oyida tariflar oʻzgarishi fonida aholi isteʼmolchilari elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalangan. Sanoat korxonalari esa, yuqorida koʻrganingizdek, prognozga nisbatan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi isteʼmol qilgan”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, ortiqcha ishlab chiqarilgan mazkur elektr energiyasi qoʻshni davlatlarga eksport qilindi.

Shuningdek, maʼlum qilinishicha, hozirgi kunda Oʻzbekistonda 8 ta quyosh fotoelektr va bitta shamol elektr stansiyasi ishga tushirilgan boʻlib, ular kunduz kuni 2000 MVt (umumiy ishlab chiqarishning 20 foizi) gacha “yashil” energiya ishlab chiqarmoqda. Buning yordamida import hajmi keskin kamaydi.

“Shu bois, aytish mumkinki, bugungi kunda yurtimizda elektr energiya ishlab chiqarish bilan bogʻliq hech qanday muammo yoʻq. Aksincha, bundan buyon mamlakatimizda “yashil” elektr stansiyasilar quvvati oshirib borilaveradi va elektr energiyasi isteʼmolga (talabga) nisbatan koʻproq ishlab chiqarilishiga erishiladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, vazirlik tabiiy gaz qazib olish qisqarganini tan oldi. May oyida 3 554,8 million kub metr tabiiy gaz qazib olingan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 41 million kub metr kam.

Tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi Qandim gazni qayta ishlash zavodi va “Jarquduq” gazni kompleks tayyorlash qurilmasida rejaviy taʼmirlash ishlari va boshqa texnologik sabablarga koʻra yuzaga kelgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?