Mahalliy aviaqatnovlar terminalining old qismi rekonstruksiyadan soʻng yana ochildi

08:07 02 Sentyabr 2023 Jamiyat
508 0

1-sentabr kuni “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali oldida ikki hafta oldin boshlangan rekonstruksiya qilish ishlaridan soʻng qurilgan yoʻlak ochilishi boʻlib oʻtdi.

Endi transport vositalarining terminal oldiga kelishi soddalashtirildi. Shunday qilib, uchta alohida yoʻlaklar paydo boʻldi: rasmiy aeroport taksi xizmatlari, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar, shuningdek, kuzatuvchi va kutib oluvchilar avtomobillari, shu jumladan agregatorlar bilan ishlaydigan taksilar uchun.

Hududga barcha yengil avtomobillar, sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar uchun 10 daqiqagacha muddatga qisqa muddatli kirishga ruxsat beriladi. Avtomobilning yoʻlakda oʻtkazgan vaqti 10 daqiqadan oshib ketgan taqdirda, oʻrnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashtirilgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarima soladi. Shuningdek, kelishning oʻng va chap yoʻlaklarini ajratib turuvchi sariq chiziqda toʻxtash taqiqlanadi va qoidabuzarlik hisoblanadi, buning uchun jarima ham nazarda tutiladi.

“Bugungacha maʼlum bir xavfsizlik talablaridan kelib chiqqan holda avtomototransport vositalari terminal oldiga kira olmas edi. Endilikda biz haydovchilar uchun xalqaro standartlarga muvofiq, yoʻlovchilarni terminalda qoldirib, olib ketishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berdik”, — deyiladi “Uzbekistan Airports” AJ Aviatsiya xavfsizligi xizmati xabarida.

Vokzal maydonini rekonstruksiya qilish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 17-apreldagi 159-sonli “Aeroportlar, temir yoʻl va avtovokzallarda xizmat koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning 1-yanvariga qadar Oʻzbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarda ham terminal oldi hududlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер