Mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
2025 yil 24 aprel kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan va Toshkent viloyatlarida mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish hamda sport maydonchalaridan samarali foydalanish holati muhokama qilindi.
Majlisda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, mahalliy kengash deputatlari, sport tashkilotlari rahbarlari va Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Sport vazirligi mutasaddisining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, Sport vazirligi mablag‘lari hisobidan 2024 yilda Namangan viloyatida 22 ta, Toshkent viloyatida esa 42 ta yangi sport maydonchasi qurilib foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, Namanganda 10 366 ta ommaviy sport tadbiri o‘tkazilib, 1 mln 90 ming kishi qamrab olingan. Toshkent viloyatida esa 7 451 ta tadbir tashkil etilgan va ularda 1 mlndan ziyod fuqaro ishtirok etgan.
Namangan tajribasi sifatida har bir tuman va shaharda 5 tadan — jami 70 ta Ayollar sport salomatlik markazlari tashkil etilgan. Ularga 2 634 ayol jalb qilingan.
Mahallalarda sport infratuzilmasini aholi istaklari asosida tashkil etish uchun «tashabbus.sport.uz» platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, ovoz berish orqali ob’yektlar joylashuvi aniqlanmoqda.
Shu bilan birga, o‘rganishlar jarayonida qator muammolar ham aniqlangan. Jumladan, Namangan viloyatida 83 ta, Toshkent viloyatida 359 ta mahallada sport maydonchalari mavjud emas. Mavjud maydonchalarning ko‘pchiligi eskirgan va ulardan samarali foydalanish imkoniyati cheklangan.
Prezidentning 2023 yil 28 iyuldagi PQ-245-sonli qarorida har bir sport maydonchasi uchun shtat birligi ajratish belgilangan bo‘lsada, bu ishlar amalda to‘liq ta’minlanmagan. Bu esa ayrim maydonchalarning qarovsiz qolishi, tozalik va xavfsizlikka yetarlicha e’tibor berilmasligiga olib kelmoqda.
Yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlarining hamkorligi, sport maydonchalaridan maqsadli foydalanishni ta’minlashda yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi sport zallari yetishmasligi ham qayd etilgan — Namanganda 114 ta, Toshkentda esa 174 ta maktabda sport zali mavjud emas.
Maktablarda to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagani, jadvallar tasdiqlanmagani, jurnallar yuritilmagani kabi kamchiliklar ham alohida ta’kidlangan. Shuningdek, sport maydonchalarining imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mos emasligi va parasport turlariga shart-sharoit yo‘qligi ham dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Majlis yakunida ushbu muammolarni bartaraf etish va belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘mita qarori qabul qilindi.
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring