Mahalla — jamiyat tayanchi, ezgulik maskani

20:06 30 Yanvar 2026 Jamiyat
274 0

Mahalla asrlar davomida xalqimiz hayotida muhim ijtimoiy institut sifatida shakllanib, aholi oʻrtasida hamjihatlik, oʻzaro yordam, mehr-oqibat va insonparvarlik tuygʻularini mustahkamlab kelmoqda. Bugungi kunda mahalla faqatgina yashash hududi emas, balki jamiyat taraqqiyoti, ijtimoiy barqarorlik va aholi farovonligini taʼminlashda hal qiluvchi boʻgʻinga aylanmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mahalla institutini rivojlantirish, uning vakolat va imkoniyatlarini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyasini mahalla orqali samarali tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Davlat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va dasturlar mahallaning jamiyat hayotidagi oʻrnini yanada mustahkamlamoqda.

Ana shu jarayonlarda “Mahalla” xayriya jamoat fondi mahalla institutini qoʻllab-quvvatlash, uning ijtimoiy imkoniyatlarini oshirish va aholini ijtimoiy muhofaza qilishda muhim oʻrin tutib kelmoqda. Fond oʻz faoliyatini mahalla tizimi bilan uzviy bogʻlagan holda, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda.

Birgina oʻtgan yili “Mahalla” xayriya jamoat fondi oʻz ish rejasi va Ustavida belgilangan vazifalar asosida qator maʼnaviy-maʼrifiy hamda ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarni hayotga tatbiq etdi. Bu ishlar mahallalarda aholining turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy adolatni taʼminlash va inson qadrini ulugʻlashga xizmat qildi.

Hisobot davrida fond tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va tabiiy ofatdan jabr koʻrgan 4 680 nafar fuqaroga xayriya yordamlari koʻrsatildi. Shu bilan birga, mahallalar orqali aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan amaliy ishlar ham olib borildi. Xususan, 16 nafar fuqaroga 77 mln. soʻmlik nogironlik aravachalari yetkazib berildi, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 58 nafar talabaga 481,85 mln. soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Sogʻligʻini tiklashga muhtoj 297 nafar shaxsga 1 mlrd. soʻmlik moddiy yordam va mahsulotlar taqdim etildi.

Bundan tashqari, mahallalarda ehtiyojmand aholi uchun, yaʼni 2 257 nafar fuqaroga 893 mln. soʻmlik kiyim-kechak mahsulotlari, 949 nafar shaxsga 631 mln. soʻmlik oziq-ovqat va xoʻjalik mollari toʻplamlari begʻaraz ravishda tarqatildi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mahalla institutining jamiyatdagi oʻrni va nufuzini yanada oshirishga, aholining davlat va jamiyatga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bu ezgu saʼy-harakatlar mahallada inson qadrini ulugʻlash, ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlash va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?