Mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi

18:22 06 Iyul 2022 Siyosat
875 0

Davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yigʻilishi davom etmoqda.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, xorijiy ekspertlarning tahlillariga koʻra, “genplan”lar ishlab chiqilmasa, 2030-yilga kelib infratuzilma xarajatlari 2 baravarga oshadi hamda qishloq xoʻjaligi yerlari 30 ming gektarga kamayib ketadi.

“Umuman, qurilish bilan boʻlib, arxitektura orqada qolib ketdi. Shu bois, mahalla, tuman (shahar), viloyat va respublika darajasida qurilish va loyihalash ishlarini tartibga solish boʻyicha yangi tizim joriy qilinadi”, dedi davlatimiz rahbari.

Hududlarning bosh rejalari va master rejalarini ishlab chiqish boʻyicha Respublika kengashi tuziladi.

Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi oʻrinbosari maqomi beriladi.

Shuningdek, tuman va shahar qurilish boʻlimiga arxitektor rahbarlik qiladi va hududning bosh arxitektori boʻladi.

Respublika kengashiga Qurilish vazirligi Bosh arxitektori va Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi birinchi oʻrinbosari rahbarlik qiladi.

Viloyatlarda loyiha ofislari ochilib, ularga hokimning birinchi oʻrinbosari va viloyat bosh arxitektori bosh-qosh boʻladi.

Bosh va master rejalarni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 ta bosqichdan iborat boʻladi.

Birinchi bosqichda Respublika kengashi hududning ixtisoslashuvi, transport-logistika, sanoat va xizmat loyihalarini joylashtirish uchun yer va infratuzilmaga ehtiyoji va chegaralarini belgilaydigan Bosh sxemasini ishlab chiqadi.

Bunda yaqin (5 yillik), oʻrta (10 yillik) va uzoq (20 yillik) muddatlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik mezonlar asosida viloyatning rivojlanish koʻrsatkichlari belgilanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?