Mahalla raislarining mehnat taʼtili pullari undirib berildi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bugun mahallada bitmaydigan ishning oʻzi yoʻq. “Mahalla yettiligi” aholining bandligini taʼminlash, kredit va subsidiya olish, yoshlar muammolari, mehnat va oilaviy munosabatlardagi kelishmovchiliklar, yoʻqolgan hujjatlarni tiklash kabi ellikka yaqin masalalarda fuqarolarning eng yaqin koʻmakchisiga aylangan. Boshqacharoq aytsak, ilgarigidek, murojaatimni qaysi idora hal etib berarkan, deb tegishli tashkilotni izlab ovora boʻlmaysiz. Shundoqqina mahallaga borib, onlayn mahalla platformasiga bitta ariza tashlansa, kifoya.
Xullas shunday zamonlarga ham yetib keldik. Endi inson manfaati va huquqlari eng qoʻyi pogʻonada himoyalanib, taʼminlanadi. Afsuski, tabibimning oʻzi betob ekan, deganga oʻxshash holatlar ham uchrab turarkan. Shulardan biriga adliya idoralari masʼullari nuqta qoʻyishdi.
— Idoramizga Navoiy shahridagi “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolari yigʻini raisi Dilnoza Qurbonova murojaat etib, mehnat taʼtili pullarining toʻlab berilmayotganligidan shikoyat qildi, — deydi Navoiy shahar adliya boʻlimi bosh maslahatchisi Shirinbek Ochilov. — Fuqaroning murojaati atroflicha oʻrganilib, toʻplangan materiallar asosida fuqarolik ishlari boʻyicha Karmana tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.
Sudda daʼvo arizasi qanoatlantirilib, uning qaroriga koʻra, “Oʻzbekiston” mahalla fuqarolari yigʻini raisi Dilnoza Qurbonovaga yillik mehnat taʼtili uchun toʻlanmasdan qolgan 5.925.718 soʻm ish haqi undirilishi belgilandi.
Taʼkidlash joiz, oʻrganishlar jarayonida shaharda yana bir mahalla raisining xuddi shu kabi mehnat huquqlari buzilganligi aniqlanib, uning ham manfaatlari sud qarori orqali taʼminlandi.
Tabiiyki, Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimi oʻz xodimlarining yillik mehnat taʼtili uchun toʻlovlarni toʻlashni nega paysalga solishdi, degan haqli savol tugʻiladi.
— Murojaatlarni oʻrganishda aniqlandiki, Navoiy shahar Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tugatilib, MFY raislari yangidan tashkil etilgan tashkilot Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Navoiy shahar boʻlimiga qabul qilingan, — deya davom etadi Sh. Ochilov. — Har ikkala mahalla raislariga Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 233-moddasiga koʻra, har yilgi mehnat taʼtilida boʻlgan vaqti uchun xodimga ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq hisoblab chiqariladigan oʻrtacha ish haqining saqlanishi kafolatlanadi. Yangi tashkilot esa MFY raislariga yillik mehnat taʼtiliga chiqqan davri uchun ish haqi toʻlovlarini toʻlab berishga mablagʻlarni smetada rejalashtirilmagan.
Shunga qaramasdan sud qarori bilan mahalla raislariga “otpusknoy” pullari undirib berildi. Zero, huquqiy davlatda fuqaro manfaati har doim ustuvor tutiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring