Maduroning qoʻlga olinishi noyob operatsiyami?
AQSh hujumidan keyin Karakasdagi harbiy bazaning sun'iy yo'ldoshdan olingan surati.
AQSH armiyasi va harbiy-dengiz kuchlarining Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olish boʻyicha oʻtkazgan operatsiyasi toʻliq muvaffaqiyat bilan va yoʻqotishlarsiz yakunlandi. Bu nafaqat uzoq va sinchkovlik bilan olib borilgan rejalashtirish, balki operatsiyaning nisbatan cheklangan siyosiy maqsadlari bilan ham bogʻliq edi: Donald Tramp maʼmuriyati hozircha “chavistlar” rejimini butunlay agʻdarish yoki mamlakat hududini vaqtincha boʻlsada bosib olishga qaror qilmagan.
Aynan shu jihat — yaʼni toʻliq bosib olishdan voz kechilgani — Karakasdagi reydni klassik umumqoʻshin operatsiyalaridan ajratib turadi. Bu uni AQSHning Karib havzasidagi yoki dunyoning boshqa mintaqalaridagi urushlari, shuningdek, Sovet Ittifoqi va Rossiyaning Afgʻoniston hamda Ukrainadagi harbiy harakatlaridan farqlaydi. Taqqoslash uchun eng yaqin misollar — AQSHning “Al-Qoida” yetakchisi Usama bin Laden va ISHID “xalifasi” Abu Bakr al-Bagʻdodiyni yoʻq qilish boʻyicha oʻtkazgan maxsus operatsiyalaridir. Ammo muhim farq shundaki, Maduro dushman yoki betaraf hududda emas, balki oʻz poytaxtidagi harbiy baza ichida boʻlgan.
Hududni bosib olmaslik va rejimni zudlik bilan almashtirishga urinishdan tiyilish operatsiyaning siyosiy va strategik qiymatini pasaytiradi. Tramp maʼmuriyati, ehtimol, Maduroning yoʻqligi va uning taqdirini takrorlash xavfi ostida Venesuela hokimiyati Vashingtonga boʻysunadi, degan hisobga tayangan. Ammo bu hisob qanchalik oʻzini oqlashi hozircha nomaʼlum.
Operatsiya qanday kechdi?
Operatsiyaning borishi haqida maʼlumotlar juda cheklangan. Asosiy manbalar — AQSH Qurolli kuchlari Birlashgan shtab boshliqlari qoʻmitasi rahbari general Den Keynning qisqa bayonoti, Amerika OAVlarida chiqqan parchali xabarlar va Karakas aholisi tomonidan olingan bir nechta videolardir.
Tungi soat birlar atrofida Karakasning ayrim hududlarida elektr taʼminoti uzildi. Soat ikki atrofida shaharda ilk portlashlar eshitildi. El-Vulkano togʻidagi radarlar va aloqa tizimlari, La-Guayra porti va unga tutash harbiy-dengiz akademiyasi, aviabaza hamda ikki aeroport zarbaga uchradi. Foto va videolardan koʻrinishicha, asosiy nishonlar poytaxt atrofidagi havo hujumidan mudofaa obyektlari boʻlgan, xususan oʻrta masofali “Buk-M2E” zenit-raketa majmualari. Ehtimol, AQSH kuchlari kuchli radioelektron bostirish vositalaridan ham foydalangan, natijada PVO va boshqaruv tizimlari izdan chiqqan.
Keyingi havo hujumlari Karakas janubidagi Fuerte-Tiuna harbiy bazasiga qaratildi. Avval poytaxtni himoya qiluvchi mexanizatsiyalashgan batalyon joylashgan hudud bombardimon qilindi (bu yerda siyosiy va harbiy elitaning ayrim vakillari uchun boshpanalar ham bor edi), soʻng zarbali vertolyotlar hujumga oʻtdi. Venesuela harbiylarining bir qismi vahimaga tushib, bazani tark etdi.
Koʻp oʻtmay, shahar ustida past balandlikda uchayotgan CH-47 Chinook va CH-53 Sea Stallion vertolyotlari paydo boʻldi. Ular AQSH maxsus operatsiyalar aviatsiya polkiga tegishli boʻlib, Karakasdan qariyb 230 kilometr uzoqlikda Karib dengizida turgan “Ivodzima” desant kemasidan koʻtarilgan edi. Tungi soat ikki atrofida vertolyotlar Maduroning boshpanasi yoniga “Delta” maxsus boʻlinmasining jangchilarini tushirdi. Qisqa — yarim soatdan oshmagan — jangdan soʻng (bu paytda bir vertolyot shikastlangan), maxsus kuchlar binoga bostirib kirib, Maduroni va uning rafiqasini qoʻlga oldi. Ular darhol vertolyotda “Ivodzima” kemasiga olib ketildi, shundan keyin AQSH uchish apparatlari Venesuela havo hududini tark etdi.
Ehtimol, AQSH tomonida murakkab vaziyat yuzaga kelishi ehtimoliga qarshi zaxira kuchlar ham tayyor turgan: operatsiyaga qoʻshimcha maxsus kuchlarni tushirish uchun CV-22 Osprey konvertoplanlari jalb qilingan. Ammo bunga ehtiyoj tugʻilmadi.
Bu haqiqatan ham noyob operatsiyami?
AQSH tarixda bir necha bor oʻziga maʼqul boʻlmagan siyosiy yetakchilarni agʻdarish yoki qoʻlga olish bilan shugʻullangan. Jumladan, Karib mintaqasida ham. 1983-yilda AQSH Grenadani bosib olgan, 1989–1990-yillarda esa Panamaning amaldagi diktatori Manuel Noryegani agʻdarib, qoʻlga olgan. Har ikkala holatda ham keng koʻlamli harbiy operatsiyalar, koʻcha janglari, harbiylar va tinch aholi orasida qurbonlar, katta vayronagarchiliklar boʻlgan. Oʻn minglab askarlar jalb etilgan va yakunda hokimiyat zoʻravonlik bilan almashtirilgan.
Karakasdagi amaliyot esa koʻlami va siyosiy maqsadi bilan farq qiladi. Bu — kuchli aviatsiya yordami bilan taʼminlangan maxsus boʻlinma reydi boʻlib, asosiy vazifa Maduroni himoyalayotgan PVO va harbiy bazadagi qarshilikni bartaraf etish edi. Shunga oʻxshash, lekin kichikroq reydlar AQSH tomonidan ilgari ham oʻtkazilgan.
2011-yilda Pokistonda Usama bin Laden yoʻq qilingan, 2019-yilda Suriyada Abu Bakr al-Bagʻdodiy bartaraf etilgan. Ammo Venesuelada bu safar reydni kengroq havo operatsiyasi bilan birlashtirishga toʻgʻri keldi.
Nega Venesuela armiyasi qarshilik koʻrsatmadi?
“Hammasi sotib olingan” degan taxminlar darhol paydo boʻldi, ammo hozircha bunga dalil yoʻq. Aksincha, mavjud maʼlumotlar Venesuela tomoni imkon darajasida qarshilik koʻrsatganini koʻrsatadi.
Harbiylar Karakasga desant tushirilishining oldini olishga uringan, uchish-qoʻnish yoʻlaklarini toʻsishga harakat qilgan. Mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopesning aytishicha, Maduroni qoʻriqlayotgan harbiylar jang qilgan va ularning aksariyati halok boʻlgan. Ular bir vertolyotni shikastlashga va bir nechta amerikalik maxsus kuch askarlarini yaralashga muvaffaq boʻlgan.
Shaharga zudlik bilan qoʻshin va bronetexnika kiritilgan, ammo bu paytga kelib AQSH operatsiyasi allaqachon yakunlangan edi. Poytaxtning PVO tizimi ilk daqiqalardayoq ishdan chiqarilgan, radarlar yoʻq qilingan, “Buk” majmualarining kamida ikkita qurilmasi yakson etilgan.
AQSH nimaga erishdi?
Asosiy maqsad — Maduroni qoʻlga olish — toʻliq amalga oshirildi. Ammo Tramp keyinchalik yanada kengroq siyosiy maqsadlarni ham eʼlon qildi: Venesuelada hokimiyat tranziti va neft aktivlarining bir qismini AQSH kompaniyalariga berish. Bu, uning fikricha, nafaqat “adolatsizlikni tiklash”, balki harbiy xarajatlarni ham qoplashga xizmat qilishi kerak.
Ammo aynan shu maqsadlarga erishilgan-erishilmagani hozircha ochiq savol. Tramp Maduroning atrofidagilar, xususan vitse-prezident Delsi Rodriges endi “buyruqlarga boʻysunishga majbur” deya taʼkidlaydi. Biroq amaldagi bayonotlar bunga zid: Maduro tarafdorlari uning ozod etilishini talab qilmoqda va Venesuela “yana hech qachon mustamlakaga aylanmasligini” eʼlon qilmoqda.
Keng koʻlamli harbiy aralashuvsiz bu siyosiy maqsadlarga erishish qiyin boʻlishi mumkin. Bunday operatsiya esa AQSH uchun butunlay boshqa darajadagi resurslar va ichki siyosiy xavflarni talab qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- “Oʻzbekiston –2030” strategiyasining yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring