Madhiyamiz bastakorining memorial yodgorligi yangilandi

17:33 16 May 2019 Jamiyat
3480 0

Muqaddas Ramazon oyi kunlarida keksalaru ehtiyojmand oilalarga mehr – muruvvat koʻrsatish, el – yurtga sadoqat bilan xizmat qilgan marhum vatandoshlarimiz xotirasini yod etish xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Madhiyasi bastakori Mutal Burhonov ana shunday fidoyi insonlardan edi.

Musiqa sanʼatimiz rivojiga benihoya katta hissa qoʻshgan atoqli bastakor, Oʻzbekiston Xalq artisti M. Burhonov umrining oxirgi yillarini ona – shahri Buxoroda oʻtkazdi. Bu katta iqtidor egasining “Alisher Navoiyga qasida”, “Tabassum qilmading hech”asarlari,shuningdek, “Abu Ali ibn Sino”, “Maftuningman”, “Surayyo” kabi kinofilmlarga bastalagan musiqalari sanʼatimiz xazinasidan munosib oʻrin olgan.

- Mutal Burhonov umrining oxirgi yillarida “Abadiy xotira” deb nomlangan rekviyem – marsiya yozib, uni xalqimizning asl farzandlari – qatagʻon qurbonlari Fayzulla Xoʻjayev, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Choʻlpon, Usmon Nosir hamda oʻz sulolasi vakillarining porloq xotirasiga bagʻishlagandi, - deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Toshpoʻlat Ahmedov. - Buni qarangki, yuraklarni junbishga keltiradigan Madhiyamiz bastakorining oʻzi ham abadiy xotiraga aylanib qoldi.

Kompozitor tomonidan yaratilgan madhiyamiz yangraganida qalb junbishga keladi. Uning betakror ohangi yurak – yurakka kirib boradi. U oʻgʻil – qizlarimizni ona – Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash vositasiga aylangani ham sir emas.

Yaqinda Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev rahbarligidagi bir guruh davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, yoshlar vakillari Mutal Burhonov mangu qoʻnim topgan Hazrati Imom qadamjosiga toʻplandilar. Bu yerda Madhiyamiz bastakori, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Mutal Burhonov qabriga yangi yodgorlik monumenti oʻrnatilishi munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda atoqli sanʼatkorning murakkab taqdiri, yaratgan ajoyib asarlari, ibratli hayot yoʻli haqida soʻz bordi. Xotirasi yod olindi.

Yangilangan monumentda M. Burhonov taqdirlangan ordenlar aksi, shuningdek, Madhiyamizning vokal partiyasidan boshlangʻich uchta takt tasviri tushirilgan. Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, bastakor nomi bilan bogʻliq har bir ashyo buxoroliklar tomonida asralib, eʼzozlanib kelinmoqda. Jumladan, u yashagan xonadon uy – muzeyga aylantirilgan. Viloyat hokimi tashabbusi bilan bu goʻsha ayni damda taʼmirlanmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер