Luo Xong sanʼat muzeyi Pekinning sayyohlik maskanlari roʻyxatida

21:11 21 Aprel 2024 Dunyo
330 0

Pekinga tashrif buyurganingizda mahoratli fotograf Luo Xongning sanʼat muzeyiga borishni unutmang. Bu maskanga kirishdan oldin tabiat sizni oʻziga maftun etadi. Muzeyga kiraverishda 199 ta qaragʻay daraxtlari koʻrk toʻkib turadi. Sanʼat muzeyi 2200 kvadrat metr maydonni egallaydi. Pekinning Shunʼyi tumanidagi oltinchi Julin yoʻlida joylashgan Luo Xong sanʼat muzeyi taniqli fotograf Luo Xongning mashhur asarlarini doimiy ravishda namoyish etadi. Bu suratlarda dunyoning turli burchaklaridan olingan ajabtovur tabiat manzaralari va yovvoyi tabiat tasvirlangan. Muzeyga kirishdan oldin bugʻli sunʼiy tepaliklar, suv va qoyalar sizni bir zumda yer olamidan osmonga olib chiqadi. Odatda, tashrif buyuruvchilarga Luo Xongning oʻzi haqida hikoya qiladigan qisqa hujjatli film namoyish etiladi. Bizga ham ushbu filmni namoyish etishdi. Bu bizga muzeyga kirishdan oldin u yerda saqlanayotgan fotosuratlar haqida tasavvur uygʻonishiga yordam berdi. Tashrif buyuruvchi hujjatli filmda koʻrsatilgan manzaralarning ulugʻvorligiga tan bermay, zavqlanmay iloji yoʻq. Ichkaridagi fotosuratlar sizni tabiatga boʻlgan muhabbatingizni oshiradi. Muzeydagi rang-barang chiroqlar, yumshoq va mayin musiqa dili bahringizni ochadi.

Luo Xong chinakam rassom va tadbirkor. 1967-yilda Xenduan togʻlarining janubi-sharqiy etaklarida joylashgan Sichuan provinsiyasidagi kichik shaharchada tugʻilgan Luo Xong togʻli hududda oʻsgan va oʻsmirlik chogʻida tabiatning goʻzal lahzalarini abadiylikka muhrlash uchun fotograf boʻlishni orzu qilgan. 17 yoshida u Chengdu shahriga fotografiya boʻyicha oʻqishga kirib, oʻz aravasini oʻzi tortadi. Keyinroq u 25 yoshida onasining tugʻilgan kuniga oʻzi istagan tort xarid qila olmagani uchun “Holiland” brendi ostida qandolatchilik tarmogʻiga asos solgan.

1995-yilda Luo Xong fotosuratchi boʻlish haqidagi orzularini oʻzining tugʻilgan shahri Sichuan shahridan boshlab, butun gʻarbiy Xitoyni sayohat qilib chiqadi, yuzlab tabiavt manzaralarini tasvirga oladi. 2001-yilda birinchi marta Janubiy Afrikaga tashrif buyuradi. Yovvoyi hayvonlar bilan yaqin oshnolikda boʻlib, chuqur taʼsirlanadi. “Faqat Afrikada boʻlganimdan keyin odamlar, hayvonlar va tabiat uygʻunlikda yashashi mumkin boʻlgan sahnani koʻrdim, tushunib yetdimki, tabiat hayotsiz toʻkis emas ekan”, degan edi keyinchalik Luo Xong. Shuning uchun Afrikaning yovvoyi tabiatiga oshiq boʻlib, keyingi 20-yil mobaynida Afrikada 53-marta boʻladi. Afrikadan tashqari, Luo Xong Antarktida, Arktika, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Shimoliy Yevropada katta miqdorda tabiiy landshaftlar va yovvoyi hayvonot olamini suratlarga muhrladi. “Avvaliga fotosuratchilik mening orzuim boʻlgan, - deyli Luo Xong, - ammo keyinchalik u eʼtiqodimga aylandi. Odamlarning qalbida tabiatning buyuk goʻzalligiga muhabbatni uygʻotish uchun Yer va samoning noyob jozibasidan foydalandim”. Aynan mana shu eʼtiqod janob Luo Xongni keyingi 20-yildan koʻproq vaqt mobaynida sayyoramizning odam oyogʻi yetmagan nuqtalarida tinimsiz boʻlishga, tabiatning odamlarga uncha tanish boʻlmagan goʻzalliklarini suratga muhrlashiga sabab boʻldi.

2020-yil 15-sentyabrda janob Luo Xongning oʻn besh yillik orzusi nihoyat amalga oshdi – u oʻz mamlakatini aerofotosuratga oldi. Oʻzining qadrdon Sichuan provinsiyasidagi Gonga togʻidan boshlab, Xitoyning gʻarbiy qismidagi Xenduan togʻlari hamda Tibet janubi-sharqidagi mashhur muqaddas togʻlar va qorli choʻqqilarni suratga oldi. Suratga olish vaqtida bel umurtqasining eski jarohati alangalanib, qattiq ogʻriq paydo boʻldi. Ertasi kuni suratga olishni davom ettirishdan oldin kuniga ikki marta, ertalab va kechqurun ortopedik davolanishga majbur boʻldi. Vatanining qoyilmaqom manzaralari uni ogʻriqqa chidashga majbur etdi. Fotografning vatanparvarligiga gap yoʻq. “Bu mening hayotimdagi eng ogʻir va gʻururga loyiq yaratuvchanlik boʻldi, dunyodagi eng goʻzal qor bilan qoplangan togʻlar Xitoyda joylashgan ekan, bu mening eʼtiqodimni mustahkamladi, men oʻz obyektivimni bizning buyuk mamlakatimiz va buyuk goʻzalligini dunyoga koʻrsatish uchun ishlatmoqchiman!”.

2010-yildan boshlab Luo Xong oʻz umrining 6-yilini “Luo Xong fotosanʼati galereyasi”ni yaratishga bagʻishladi. Maqsad oʻz suratlarini jamlash orqali odamlarga Yer sayyorasi goʻzalligini panorama koʻrinishida namoyish etish. Yetuk suratkashning ishonishicha, sanʼat Muzeyi nafaqat odamlarning qalbi va ongini alangalatadigan, balki bolalarni sanʼatga oshufta qiladigan, kelajak avlodga meros boʻlib qoladigan maʼnaviy xazina boʻlib qoladi. Luoning tadbirkorlik instinkti Xitoyda qandolatchilik va non mahsulotlari ishlab chiqarish sohasidagi boʻshliqni toʻldirishga ham xizmat qilyapti. Bugungi kunda Luo butun Xitoyning 79 shahrida 1000 dan ortiq doʻkonlar tarmogʻiga ega va bozor ulushining 80 foizdan ortigʻini qamrab olgan. Fotografiyaga boʻlgan muhabbatini non pishirish bilan uygʻunlashtirib, noyob va mazali pishiriqlar, tortlar va boshqa qandolatchilik mahsulotlarini yaratdi va “Xolilend” brendini biznes imperiyasiga aylantirdi.

Luo fotografiya sanʼatining hujjatli filmi baʼzan xavfli va hayotga xavf tugʻdiruvchi vaziyatlarda, vertolyotlar zinasida, yovvoyi hayvonlar bilan yuzma-yuz turish asnosida, ekstremal ob-havo sharoitida olingan. Buning uchun bir necha oylar va baʼzan yillab tayyorgarlik koʻrgan. Hatto kasbi ortidan jiddiy jarohatlar olgan. Mehnati oʻz samarasini berdi. Pekindagi muzeyga Afrika va butun dunyoning yetakchilari, davlat arboblari, nufuzli prezidentlari tashrif buyurishdi. Luo oʻz faoliyati uchun koʻplab mukofotlar va maqtovlarga sazovor boʻlgan, jumladan, Global iqlim qahramoni, ekolog va tabiatni muhofaza qiluvchi inson sifatida tan olingan. Luo Xong muzeyi bugun Buyuk Xitoy devori va Taqiqlangan shahar kabi Pekinga tashrif buyurgan har bir sayyoh koʻrishi kerak boʻlgan turistik maskanga aylanmoqda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер