Lopezga koʻrsatgan bagʻrikengligimizni dindor ayollarimizga ham koʻrsataylik — Alisher Qodirov
“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov ayollarni pasportga roʻmolini yechib tushishga majburlashni toʻxtatish kerakligini aytdi. Bu haqda deputat Toshkentda boʻlib oʻtgan Jennifer Lopez konsertidan soʻng Telegram'dagi kanalida yozib qoldirdi.
Siyosatchi “Milliy tiklanish” partiyasi har qanday taraqqiyotni qadriyatlarga tayanishi kerak degan gʻoyasida mustahkamligini eslatib oʻtgan.
“Jenifer Lopesni konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotik tarqatib, davlatga qarshi targʻibot qilmasa, oʻtkazadi, tanasini koʻrsatish uni tanlovi, koʻrish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu! Lekin, xuddi shunday oʻranib yurmoqchi boʻlgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilingan”, deb yozgan Alisher Qodirov.
Deputat, shuningdek, “yalangʻoch namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham daxl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik”, degan fikrni ilgari surgan.
“Lopezga qanday kiyinishni oʻrgatmaganimizdek, eʼtiqodli ayollarimizga roʻmolni qanday oʻrashni oʻrgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib eʼtiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga roʻmolini yechib tushishga majburlashni ham toʻxtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzni ochiq boʻlishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopezga koʻrsatgan bagʻrikengligimizni dindor ayollarimizga ham koʻrsataylik”, degan “Milliy tiklanish” partiyasi rahbari.
Uning qoʻshimcha qilishicha, dunyoviylik ishonganga ham, ishonmaganga ham teng boʻlaolish degani, zoʻrni zaifga hayotdan dars berishi emas.
Deputatning qayd etishicha, Oʻzbekistonning dunyoviy davlat ekanligi tortishilmaydi. Dunyoviy davlat koʻpchilik saylagan parlament tomonidan qabul qilinib, koʻpchilik saylagan prezident tomonidan maʼqullangan qonunlarni buzmagan holda, oʻzi istaganidek yashash imkonini beradi.
“Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi boʻlsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas. Alkogolni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkinmas, bu amaldagi qonunda belgilangan, albatta, parlament saylovlarini mutlaqo yutadigan biron siyosiy kuch qonunni oʻzgartirib alkogolni “milliy qadriyat”, bir jinslilarni oila qurish talabini esa erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin, bunga siz huquq berasiz…”, deydi u.
Qodirov Oʻzbekistonda barcha millat va dunyoqarashdagi vatandoshlar emin-erkin, qonunlarni buzmagan holda farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish ustuvor maqsad ekanligi mustahkam belgilanganini, hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlanganini qayd etdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring