“Lolazor”ning yarmi boʻston, yarmi...
Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Qalovni topsang qor yonadi. Buning haqiqatligini Zafarobod tumanidagi “Lolazor” mahallasida yashab kelayotgan Erboʻta Joʻrayev misolida ham koʻrish mumkin. U ishsiz yurganda mahallasidan 0,25 gektardan yer ajratilayotganini eshitib, yaxshi niyat bilan tomorqa oldi. Tomorqasida yoz-u qish tinim bilmay, shinamgina uy koʻtardi. Turmush oʻrtogʻi Rahima opa yoniga kirib, koʻmaklashib turli. “Mening hovlim, mening xonadonim” degan tushunchani peshona terisi bilan hovlisini boʻstonga aylantirgandan keyin angladi. Shu hovli etagida moʻjazgina bogʻ yaratib, mevali daraxtlar ekdi. Toklari soya solib, hovli koʻrkiga-koʻrk qoʻshdi.
— Ostonada tilla bor. Ishonmasangiz, bir tup daraxt eking, qishin-yozin mevasidan bahramand boʻlasiz, — deydi Erboʻta Joʻrayev. — Samarqand gilosi, zardoli, shaftolining eng yaxshi navlaridan oʻtqazganman. Har bahor gullaganda koʻchadan oʻtganlar havas bilan qaraydi. Bu goʻzallikdan ular ham oʻz uylarida bahramand boʻlishi uchun daraxt koʻchatlarini koʻpaytirib sotishni yoʻlga qoʻyganmiz. Qoʻli kalta, roʻzgʻorida yetishmovchilik boʻlib turgan qoʻshnilarga savob uchun tekingayam beramiz.
Albatta, bir tup nihol zabardast daraxtga aylanib hosilga kirguncha qancha vaqt kerak. Erboʻta aka mehnatdan qochmaydi, har bir daraxtni mehr bilan parvarishlaydi. Bahorda tanasini ohaklab, barvaqt hosilga kirishga tayyor qilib qoʻyadi.
— Menga ish topib bering, deb mahallaga kelganlarni Erboʻta Joʻrayevning xonadoniga olib kelaman, — deydi “Lolazor” mahalla raisi Olim Toʻgʻilov. —Mahallamizda aksariyat aholining tomorqasi 0,25 gektardan. Koʻpi bekor yotibdi, uyda uch-toʻrt kishi ishsiz boʻlsada, tomorqaga qaramaydi. Ularga Erboʻta aka erinmasdan bogʻ qilib, sabzavot yetishtirishni oʻrgatmoqda.
Bogʻdorchilik, dehqonchilik odamdan cheksiz sabrni talab qiladi. Chunki bugun daraxt ekib, birdan boyib ketish qiyin. Bugun ekilgan daraxtlar bir necha yildan keyin mevaga kiradi. Erboʻta akaning ushbu tajribasi ham koʻpchilikka oʻrnak. Har yili daraxtlar oraligʻida joʻyaklar tortib, erta bahorda kartoshka ekadi. Keyin makkajoʻxorining hosilini oladi. Soʻngra sarimsoq piyozga navbat keladi. Sarimsoq piyoz bozorga chiqqach, oʻrniga koʻkat, ismaloq bosh koʻtaradi. Xullas, yilida tomorqadan toʻrt marta hosil olmasa Erboʻta akaning koʻngli joyiga tushmaydi.
— Bu ishlarda menga turmush oʻrtogʻim Rahimaxon bilan kelinim yordam beradi. Ikki oʻgʻlim usta. Ular oʻz hunari bilan band, — deydi Erboʻta bogʻbon. —Tomorqamda boʻsh joy boʻlganida issiqxona qurardi. Oʻtgan yili bozorga 700 kilo uzum chiqardik. Olma, oʻrik, olxoʻridan ham yaxshi hosil olayapmiz. Ammo eng katta muammo mahallamizda suv yoʻq.
— Oʻzingiz tomorqangizga suv olib kelibsizku, bunga qanday erishdingiz, — deb soʻraymiz bogʻbondan.
— Daraxt nihollarini ekib qoʻygach, dastlabki yilda bakalashkalarga suv toʻldirib, tomchilatib sugʻordik. Nihollar ulgʻaygan sari koʻproq suv talab qila boshladi. Noiloj plastmassa quvurlarga oqar suvlardan olib keldik.
Bogʻbon hovlisidan chiqib mahallani aylanamiz. Koʻpchilikning hovlisi 0,25 gektardan. Ammo aksariyat tomorqalar boʻsh yotibdi, qolganlarida nomigagina 3-4 tup daraxt ekilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda tomorqalardan foydalanib, issiqxona qurgan va foydasini olayotganlar minglab topiladi. Bozorni toʻldirib turgan sitrus mevalar, pomidor, bodringlar viloyatimiz tumanlaridagi issiqxonalarda yetishtirilmoqda. Yerning qanchalar serdaromad neʼmatligini bilganlar ortiqcha 0,10 gektar yer soʻrab mahallaga kelmoqda. Ammo xonadonida shuncha yer turib, aholini bundan foydalanishga bosh-qosh boʻlmayotgan “Lolazor” mahallasi yettiligiga qoyil qolmadik. Axir tadbirkor boʻlaman deganga banklar kredit ajratmoqda. Kambagʻallikni qisqartirish uchun davlat tomonidan subsidiyalar berilmoqda. Nahotki, uch-toʻrt nafar qoʻshnini kelishtirib, Erboʻta Joʻrayevga oʻxshab polietilen quvurlarda suv olib kelib, tomorqalarni navbat bilan sugʻorishni yoʻlga qoʻyish qiyin boʻlsa?! Mahallaning ogʻir hududga tushib qolishida aholining aybi yoʻq. Buning sababi masʼullarning aholi bilan “til” topshirib, biror natijaga erishmayotganida deb bilamiz.
Mana, doim suv muammo boʻlgan mahallada Erboʻta Joʻrayev har yili 100-150 million soʻm daromad qilmoqda. “Damas« avtomobili sotib olibdi. Haloli boʻlsin, buyam xoʻjalikka kerak. Endi «Lolazor” mahallasining yetakchilari doʻppini bir chetga qoʻyib, qatʼiy ishga kiradigan vaqti keldi. Zero, “Mahalla yettiligi” faqat kimgadir moddiy yordam berish uchunmas, aynan, aholi muammolariga yechim topish uchun tashkil etilgan. Shuni unutmaylik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring