“Liverpul” Italiyadan, “Barselona” Germaniyadan gʻalaba bilan qaytdi
Kecha, 9-dekabr kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining 6-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasida oʻrin olgan muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
“Liverpul” nihoyat gʻalaba qozondi
“Liverpul” jamoasi oʻtgan ikki oy mobaynida juda koʻp omadsiz oʻyinlar oʻtkazdi — Yevropa chempionlar ligasida ham, Angliya Premyer ligasida ham.
Bu natijalarga sabab sifatida jamoa muxlislari Arne Slotni ham, omadsiz transfer Alєksandr Isakni ham, jamoa yetakchisi Muhammad Salahni ham ayblab koʻrishdi. Hatto, Muhammad Salahning transferga qoʻyilishi haqida ham gap-soʻzlar koʻpaydi. Bir soʻz bilan aytganda, “mersasaydliklar” jiddiy inqiroz koʻchasiga kirib qoldi.
Shundan kelib chiqqan holda, ushbu oʻyinda koʻpchilik “Inter” klubidan gʻalaba kutgandi. Ammo, “Liverpul” oʻyinda qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. “Inter” jamoasi tashabbusni oʻz qoʻliga olishga harakat qildi. Ammo, ingliz klubi himoyada tartibli oʻynab, raqibning rejalarini chippakka chiqardi.
Ikkinchi boʻlim ham bir xil tempda davom etdi. 88-daqiqada mezbonlar darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrik jarima zarbasidan unumli foydalangan Dominik Soboslai “Liverpul”ga gʻalaba keltirgan golni kiritdi.
Shu tariqa oʻyin 0:1 hisobida “Liverpul”ning gʻalabasi bilan yakunlandi. Ushbu gʻalaba evaziga jamoa turnir jadvalida beshinchi oʻringa koʻtarilib oldi.
“Inter” — “Liverpul” 0:1
Gol: Soboslai, 88 (pen)
“Inter”: Zommer, Akanji, Acherbi (Bissek, 31), Bastoni, Luis Enrike, Barella, Chalhanogʻli (Ziyelinski, 11), Mxitaryan (Suchich, 82), Dimarko (Karlos Augusto, 82), Tyuram (Bonni, 82), Martines.
“Liverpul”: Alisson, Gomes (Bredli, 68), Van Deyk, Konate, Soboslai, Makallister, Jons, Robertson, Gravenberh, Ekitike, Isak (Virts, 68).
Ogohlantirishlar: Martines 13, Mxitaryan 57 – Ekitike 39, Jons 73
“Chelsi” magʻlubiyatga uchradi
Tahlillarimizda Angliya klublariga nisbatan “barqaror” degan soʻzni ishlatib boʻlmaydigan holatga kelib qolingani haqida koʻp gapirgandik. Bu gaplar eng koʻp “Chelsi” jamoasiga mos keladi.
London klubi Klublar oʻrtasida jahon chempioni boʻlishni uddalay oladi, ammo shu bilan birga APLning autsayder jamoalariga ham 3 ochko “sovgʻa qila oladi”.
Ana shu barqarorlik yoʻqligi yana namoyon boʻldi: jamoa Yevropa chempionlar ligasining 6-turi doirasida Italiyadan magʻlubiyat bilan qaytdi. Uning raqibi “Milan” yoki “Napoli” emas, A Seriyada 12-oʻrinni egallab turgan “Atalanta” edi.
Oldingi bahsda “Bornmut” bilan durang oʻynagan, undan avval esa “Lids”dan magʻlub boʻlgan “aristokratlar” uchun bu oʻyin juda muhim edi. Ammo, kutilgan natijaning teskarisi yuz berdi.
Oʻyinda hisob 25-daqiqada “Chelsi” aʼzosi Joao Pedro tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim 0:1 bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 55-daqiqasida Jianlugi Skamakka hisobni tenglashtirdi. Oʻyin yakunlanishiga 6 daqiqa qolganda esa “Atalanta” gʻalaba golini urdi — gol muallifi Sharl de Ketelare.
“Atalanta” — “Chelsi” 2:1
Gollar: Skamakka 55, de Ketelare 83 – Joao Pedro 25.
“Atalanta”: Karnezekki, Kossunu, Kolashinas (Axanor, 71), Jimsiti, Bellanova (Zappakosta, 17), de Ron, Ederson (Musa, 87), Bernaskoni, de Ketelare, Skamakka (Krstovich, 72), Lukman (Pashalich, 87).
“Chelsi”: Sanches, Chaloba (Fofana, 46; Adarabioyo, 76), Acheampong, Badiashvile, Kukureya, Kaysedo, Jeyms, Netu (Garnacho, 67), Fernandes (Gusto, 67), Gittens, Joao Pedro.
Ogohlantirish: Chaloba 29
“Bavariya” 4 ta gol urdi, hisob 3:1
Barqarorlik masalasida butun dunyo klublariga oʻrnak boʻla oladigan “Bavariya” jamoasi uchun mavsum juda omadli oʻtmoqda. Klub Germaniya chempionatida yetakchilikni hech kimga bermayapti. Chempionlar ligasida ham “Arsenal”ga qarshi omadsiz oʻyinni hisobga olmasa, hammasi joyida.
Klub 6-tur doirasida oʻz maydonida Portugaliyaning “Sporting” klubini qabul qildi.
Kutilmagan holda bahsning birinchi boʻlimida hisob ochilmadi. “Bavariya” klubining qator urinishlari besamar yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 54-daqiqasida Joshua Kimmix oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. Hisob — 0:1.
Shundan soʻng “Bavariya”ning gollar seriyasi boshlandi. 65-daqiqada Serj Gnabri hisobni tenglashtirdi. Oradan 4 daqiqa oʻtib Lennart Karl “myunxenliklar”ni hisobda oldinga olib chiqdi.
77-daqiqada Jonatan Ta jamoasining uchinchi golini kiritdi. Yakuniy hisob 3:1, “Bavariya” foydasiga.
“Bavariya” — “Sporting” 3:1
Gollar: Gnabri 65, Karl 69, Ta 77 – Kimmix 54 (avtogol).
“Bavariya”: Noyer, Upamekano, Ta, Stanishich (Ito, 88), Laymer, Kimmix, Pavlovich (Goreska, 88), Karl (Gerreyru, 76), Olise, Gnabri (Devis, 88), Keyn (Jekson, 90+2).
“Sporting”: Silva, Diomande, Fresneda, Arauxo, Kuarejma, Simoyes (Morita, 90+1), Yulmann, Reys, Katamo, Santos (Mangas, 66), Suares.
Ogohlantirishlar: Kimmix 71, Laymer 90+4 – Yulmann 71
Himoyachi qahramon boʻlgan bahs
“Barselona” klubi uchun La Liga musobaqasi juda omadli oʻtmoqda. Jamoa musobaqada yetakchi boʻlib turibdi va oʻzining asosiy taqibchisidan sezilarli holda oldinda bormoqda.
Ammo, klubning Yevropa chempionlar ligasidagi holati havas qilarli emas. “Barselona” dastlabki 5 ta oʻyinning 2 tasida “Chelsi” va PSJga magʻlub boʻldi, Belgiyaning “Bryugge” jamoasi bilan esa kutilmaganda durang oʻynadi. Lekin, bu turga kelib Hans Flik boshqaruvidagi jamoa safarda gʻalaba qozona oldi.
“Ayntraxt” jamoasiga qarshi kechgan oʻyinda hisob 21-daqiqada Knauff tomonidan ochildi. Birinchi boʻlim mezbonlarning 1:0 hisobidagi ustunligi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 50 va 53-daqiqalarida “Barselona” himoyachisi Jul Kunde katta sahnaga chiqdi. Futbolchi 2 ta gol kiritgan holda jamoasiga muhim gʻalaba keltirdi.
Ushbu bahsdagi gʻalaba evaziga “Barselona” klubi musobaqa jadvalida 14-oʻringa koʻtarilib oldi.
“Barselona” — “Ayntraxt” 2:1
Gollar: Kunde 50, 53 – Knauff 23.
“Barselona”: Joan Garsiya, Kunde, Kubarsi, Jerar Martin, Balde (Kristensen, 89), Erik Garsiya, Fermin Lopes (Reshford, 46), Pedri, Yamal (Bardji, 89), Levandovski (Torres, 66), Rafinya (De Yong, 66).
“Ayntraxt”: Setterer, Kox, Teat, Shaibi (Baoyya, 77), Knauff (Vaxi, 68), Kristensen, Sxiri, Larsson (Doud, 68), Doan, Braun, Gyotse (Uzun, 77).
Ogohlantirishlar: Yamal 56, Martin 61 – Knauff 28
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring