Limonchilik faqat daraxt ekish emas, balki iqtisodiy va madaniy qiymat yaratish jarayonidir

17:05 05 Noyabr 2025 Jamiyat
228 0

Limonchilik bogʻdorchilikda iqtisodiyotning yangi – sanoatlashgan tarmogʻi sifatida soʻnggi yillarda Namangan viloyatida ham shiddat bilan rivojlanmoqda. Hududda u ishsiz aholi uchun daromad manbai, mahalliy iqtisodiyot uchun yangi eksportbop tarmoq sifatida shakllanib borayotir.

Viloyatning Uchqoʻrgʻon, Norin va Pop tumanlarida limonchilik oddiy bogʻdorchilikdan sanoat darajasiga koʻtarilib, limonni qayta ishlab, ulardan ikkinchi va uchinchi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Umuman bugungi kunda viloyatda 4 300 nafar tashabbuskor limon yetishtirish bilan shugʻullanayotir. Ularning faoliyati 386,3 gektar maydonni qamrab olgan boʻlib, shundan 3 957 nafari aholi tomorqalarida, 353 nafari esa tadbirkorlik subyektlari tarkibida faoliyat yuritmoqda. Ushbu koʻrsatkich limonchilikning ommaviylashib borayotganidan, aholi oʻrtasida sohaga boʻlgan ishonch va qiziqish ortib borayotganidan dalolatdir.

Bu, albatta, viloyatda limonchilikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash maqsadida aniq chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani bilan bogʻliqdir. Xususan, mahalliy hokimiyat hamda tijorat banklari hamkorligida aholiga 20 ming tup limon koʻchati yetkazib berish rejalashtirilgan boʻlib, bugunga qadar 7 ta tumandagi 11 ta mahallada yashovchi 280 ta xonadonga 8 mingdan ortiq koʻchat tarqatildi. Mazkur jarayonda “Turonbank” ATB Namangan filiali alohida faollik koʻrsatmoqda. Moliya muassasasi koʻmagida 233 nafar tadbirkorning loyihalari moliyalashtirilib, 76,5 gektar yangi limonzorlar tashkil etildi. Bu esa qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratib, viloyat iqtisodiyotining tarkibiy diversifikatsiyasiga ham hissa qoʻshmoqda.

Uchqoʻrgʻon tumanidagi “ZILOL SITRUS ASL MEVALARI” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati limonchilikda zamonaviy yondashuvning yorqin namunasidir. Javohir Bekmuradov rahbarligidagi ushbu jamiyat 6,7 gektarlik issiqxona tashkil etgan boʻlib, u yerda 6 200 tup limon daraxti parvarishlanmoqda. Joriy yil 100 tonna hosil olinishi kutilmoqda.

Issiqxonaning 4,5 gektari yirik ishlab chiqarish miqyosida, 2,2 gektari esa kooperatsiya asosida 11 nafar tadbirkor ishtirokida yoʻlga qoʻyilgan. Bu esa kichik tadbirkorlarni yirik ishlab chiqarish zanjiriga bogʻlash orqali umumiy iqtisodiy faollikni oshirishning samarali modeli hisoblanadi.

Bundan tashqari, jamiyat tomonidan 100 tonna sigʻimli energotejamkor omborxona qurilib, limonni erta bahorgacha saqlash imkoniyati yaratilgan. Koʻrilayotgan mana shunday choralar mahsulotni qayta ishlash, eksportga tayyorlash jarayonlarini uzluksiz davom ettirish imkonini beradi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Namanganda limonchilik bilan shugʻullanuvchi 11 nafar yetakchi tadbirkor xalqaro “Global GAP” va “ISO 22000” sertifikatlarini olish ustida ish olib bormoqda. Mana shunday yumushlar, tinimsiz izlanishlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozoriga chiqishga tayyorlanayotganini anglatadi.

Shular qatorida Yangiqoʻrgʻon tumanidagi “Radivon Citrus mevasi tomorqa xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Boʻron Asrayev “ISO 22000” sertifikatini qoʻlga kiritgani bilan sohada ilgʻorlar qatoriga kirdi. Uning fikricha, sertifikat olish mahsulot sifatini yuqori ekanini koʻrsatish barobarida uning ishlab chiqarish madaniyatiga ham taʼsir koʻrsatadi.

Mulohazalarni bayon etar ekan tadbirkor quyidagi fikrlarini ham qoʻshimcha qildi: “ISO 22000” xalqaro standartini joriy etish orqali biz mahsulot sifatini nazorat qilish, tuproq va suvning ekologik holatini aniq baholash, ishlab chiqarishda xavfsizlikni taʼminlash imkoniga ega boʻldik. Bugun limon yetishtirish – faqat bogʻdorchilik emas, u bir butun texnologik jarayon. Hozirgi paytda Namangandagi iqlim va suv resurslari limonchilik uchun juda mos. Eng muhimi sohaga yoshlar qiziqyapti. Bu esa kelajakda limonchilikni eksportbop, yuksak daromadli tarmoqqa aylantiradi”.

Tadbirkorning soʻzlari limonchilik sohasidagi taraqqiyotning mohiyatini ochib beradi. Yaʼni, zamonaviy texnologiya, xalqaro standart va tajriba asosida ish yuritish ichki bozor uchun ham, tashqi bozor uchun ham raqobatdosh mahsulot yetishtirishning asosiy shartidir.

Ayni paytda soha ishlab chiqarish bilangina bogʻlanib qolmay, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya bilan ham yanada rivojlanmoqda. Xitoyda tajriba almashib qaytgan mahalliy tadbirkorlar limonni qayta ishlash, sharbat, xushboʻy yogʻ va quruq mahsulot ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarda yangi loyihalar ustida ish boshlagan. Shu bilan birga, limon yetishtiruvchilarning oʻzaro muloqot maydoni sifatida “Oʻzbek limoni” telegram kanali ishga tushirilgan. Hozirgi kunda qariyb 15 mingga yaqin aʼzo ushbu platformadan foydalanib, mutaxassislardan doimiy tavsiyalar olib turishmoqda. Bu axborot maydoni aholi va tadbirkorlar oʻrtasida bilim va tajriba almashishga xizmat qilmoqda.

Yil boshidan buyon Namanganda yetishtirilgan 50 tonna limon Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Rossiya davlatlariga eksport qilindi. Buning umumiy qiymati 115 ming AQSH dollarini tashkil etdi. Natija hozircha umumiy hajmda kichik boʻlsa-da, kelgusidagi eksport salohiyati uchun mustahkam asos yaratib bermoqda.

Eksport faoliyatining yanada kengayishi uchun mahalliy tadbirkorlar xalqaro savdo platformalarida ishtirok etish, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash va brendlash kabi qoʻshimcha loyihalarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

Namanganda limonchilik sohasi rivoji asosida ikki omil yotadi: mirishkor dehqon mehnati va zamonaviy agrotexnologiyalarning joriy etilishi. Bu ikki omil birlashganda, natija hosildorlikda ham, iqtisodiy samaradorlikda ham koʻrinadi. Tadbirkor B. Asrayev taʼkidlaganidek, “limonchilik faqat daraxt ekish emas, balki iqtisodiy va madaniy qiymat yaratish jarayonidir”.

Shu maʼnoda Namanganda limonchilikning tomorqadan sanoatga aylanishi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va milliy agrar salohiyatni oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlmoqda.

Ulugʻbek ROʻZIMATOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер