Laziz Kudratov Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokaralar oʻtkazdi
Foto: Халқ сўзи
Joriy yilning 9-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Sloveniya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokaralar oʻtkazdi. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sloveniya tomoni Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar samaradorligi va ikki tomonlama sheriklikni faollashtirishning strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Shu nuqtayi nazardan, bir kun avval imzolangan Oʻzbekiston va Sloveniya oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning muhimligi hamda ushbu hujjat ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos boʻlib qolishi alohida taʼkidlandi.
Boshqa ijobiy omillar qatorida Oʻzbekiston tomonidan Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimi benefitsiar maqomidan faol foydalanilayotgani sababli 2022-yilda 40 foizga oshgan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oʻsishining ijobiy dinamikasi haqida fikr almashildi. Tomonlar ushbu maqomni uzaytirish doirasida chora-tadbirlar koʻrish va undan samarali foydalanish boʻyicha oʻzbek eksportyorlariga zarur yordam koʻrsatish orqali ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Doimiy ravishda qoʻshma biznes-forumlari va “Oʻzbekiston va Sloveniyada ishlab chiqarilgan” koʻrgazmalarini oʻtkazish orqali investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shu nuqtayi nazardan, energetika, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va farmatsevtika sanoati, infratuzilma qurilishi va IT-texnologiyalari sohalari qoʻshma loyihalarni amalga oshirishning eng ustuvor yoʻnalishlari sifatida belgilandi.
Transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi. Xususan, Sloveniya delegatsiyasi rahbari ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida charter va muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Tomonlar ushbu yoʻnalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari oʻrtasida onlayn maslahatlashuvlar oʻtkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Sloveniya Hukumatlararo komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surishga tayyorliklarini bildirdilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring