Kutubxona va muzeyi bor xonadon

18:43 21 Noyabr 2024 Jamiyat
384 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Yangiyer shahridagi Navroʻzobod mahallasining Zebuniso koʻchasidagi 2/1-xonadon ostonasidan kun boʻyi odam uzilmaydi. Unga faqat shu mahalla yoki shaharda yashovchilargina emas, uzoq-yaqin manzillar — poytaxtu qoʻshni Tojikistondan ham tanish-notanish mehmonlar tez-tez kelib turadi.

Garchi ancha taajjublanarlidir, lekin aytish lozimki, ushbu xonadondan odam qadami bu qadar uzilmasligiga koronavirus pandemiyasi sabab boʻlgan. Gap shundaki, mehnat faxriysi Abduqul Mamatov turmush oʻrtogʻi Bonu opa bilan bundan 5-yil oldin umra ziyoratiga taraddud koʻrib turgan edi. Ammo pandemiya tufayli mazkur ibodat safari toʻxtatildi. Shunda ular bir reja qildilarki, zero, bu xayrli ishlari ham koʻp savobli edi. Yaʼni umra ziyoratiga atalgan mablagʻ hisobiga oʻz xonadonlarida maʼrifat maskani tashkil etishdi. Dastavval kutubxona uchun kitoblar va jihozlar xarid qilindi. Soʻngra mahalladagi nogironligi bor shaxslar kutubxonaning ilk foydalanuvchilari sifatida roʻyxatga olindi va ular oʻqishni istagan adabiyotlarni bevosita uyiga yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

— Hozir kutubxonamizning adabiyot fondi 3 mingdan oshiq, — deydi Abduqul Mamatov. — Bunda yurtdoshlarimiz va qoʻshni Tojikistondan kelayotgan mehmonlarning ham katta hissasi bor. Negaki, ziyo maskanimizni koʻrishga kelgan borki, qoʻlida kitob sovgʻasi boʻladi. Xususan, kitob javonlarimizda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, hokimliklar, turli tashkilotlar va yurtimizning oʻnlab taniqli kishilari hamda ijodkorlari tomonidan tuhfa qilingan kitoblar bor.

Mamatovlar xonadoni bugun “Bonu opa ziyo maskani” deb yuritiladi. Binobarin, mazkur uyda “Besh muhim tashabbus” asosida amalga oshirilgan madaniy-maʼrifiy loyihalar ayni nomga juda munosib. Masalan, muzey ham tashkil etilganki, uning osori atiqalari orasida juda noyoblari ham mavjud. Muzeyning mazmun-mohiyatida oʻzbek xonadoni turmushi, tarixi mavzulari ustuvor ekani eʼtiborga molik.

— Auksion orqali mahallamiz hududidan 6 sotix yerni sotib oldik, — deydi Bonu Mamatova. — Tez orada bu yerda oʻzbekona meʼmoriy uslubdagi imoratlarni qurib, unga muzeyni ham joylashtiramiz. Quriladigan uyimiz devorida tokchayu taxmonlar bilan birga xona sahnida haqiqiy sandal ham boʻladi. Shuningdek, “Onaxonlar maktabi”, “Nuroniylar bogʻi” ham tashkil qilish rejamiz bor.

Yangiyerda turli tadbirlarni oʻtkazish mumkin boʻlgan muhtasham binolar koʻp. Eʼtiborlisi, garchi oddiy xonadon boʻlsa-da, “Bonu opa ziyo maskani” ham ular bilan bir qatordan joy olgan. Yaʼni bu maʼrifat ziyosi ufurib turgan xonadonda tez-tez turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib turadi.

Mamatovlar oilasi tomonidan mahalladagi nogironligi bor bolalar uchun muntazam ravishda yiliga uch marta xayriya tadbiri oʻtkazib kelinayotgani ham tahsinga loyiq. Bu ibratli ishlarning birinchisi Yangi yil bayrami kunlari amalga oshiriladigan sayohat hisoblanadi. Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni — 1-iyunda esa mahalladagi nogironligi bor bolalar uchun bayram dasturxoni yoziladi. Soʻngra 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kunida Toshkent shahriga sayohat tashkil etiladi.

Maʼnaviy-maʼrifiy hayotdagi faol ishtiroki va olib borayotgan xayrli, ezgu ishlari uchun Abduqul Mamatov “Sirdaryo viloyatining 60-yilligi”, Bonu Mamatova “Moʻtabar ayol”, “Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan. Ular bosh boʻlgan oila esa “Eng ibratli oila”, “Eng ibratli xonadon” tanlovlari gʻolibi hamdir.

Amalga oshirayotgan neki ezgu ishlari bor, mehnat faxriylari — Abduqul Mamatov va Bonu Mamatova ularning hech biridan moddiy manfaat koʻzlamaydi. Hayotda oʻz oʻrnini topgan farzandlar — uch oʻgʻil va bir qizning ota-onasi boʻlmish bu juftlikning maqsadi yagona, koʻngillarni obod qilishdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер