Kurash va belbogʻli kurash: mutlaq gʻoliblarga avtomobil sovgʻa qilindi

08:42 16 May 2022 Sport
1014 0

Joriy yilning 13-14-may kunlari Jizzax viloyati Zarbdor tumanida kurash va belbogʻli kurash boʻyicha yoshlar hamda kattalar oʻrtasida anʼanaviy xalqaro turnir boʻlib oʻtdi.

“Polvonlari koʻp yurt — qudratli boʻlur” shiori ostida oʻtgan ushbu turnirda mamlakatimizning barcha hududlari hamda qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikistondan kelgan 500 nafardan ortiq polvonlar gʻoliblik uchun bahslarga kirishdi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur turnir Jizzax viloyati hokimligi, Jizzax viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan hamda Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi va bir qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazildi.

Turnirning tantanali ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, Jizzax viloyati prokurori, viloyat kurash federatsiyasi raisi Islomjon Ergashxodjayev, Osiyo belbogʻli kurash konfedratsiyasi raisi Moʻmin Muratov, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi bosh kotibi Alisher Eshonqulov va boshqalar ishtirok etishdi. Taniqli sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada fayz bagʻishladi.

Turnirda kurash boʻyicha erkaklar -60 kg., -66 kg., -73 kg., -81 kg., -90 kg. hamda +90 kg. vaznda kuch sinashgan boʻlishsa, belbogʻli kurash boʻyicha erkaklar -55 kg., -60 kg., -66 kg., -73 kg., -81 kg., -90 kg., -100 kg. va +100 kg. vazn toifalarida oʻzaro bellashdi. Ayollar esa kurash boʻyicha -48 kg., -52 kg. va -57 kg. vazn toifalarida gilamga chiqishdi. Shuningdek, har ikkala sport turi boʻyicha erkaklar oʻrtasida mutlaq vaznda ham kuchlilar aniqlandi.

Kurash va belbogʻli kurash boʻyicha har bir vazn toifasida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan polvonlar 5 million soʻmdan, 2-oʻrin sohiblari 3 million soʻmdan, 3-oʻrinni egallagan ikki nafardan polvonlar esa 1,5 million soʻmdan pul mukofotlari bilan taqdirlanishdi.

Mutlaq vaznda kurashning har ikki yoʻnalishida gʻolib boʻlgan sportchilarning har biriga “Nexia-3” rusumli yangi avtomobil, 2-oʻrinni qoʻlga kiritgan polvonlarga 30 million soʻmdan hamda 3-oʻrinni band etgan kurashchilar 10 million soʻmdan pul mukofotlariga ega boʻlishdi.

Qizgʻin va murosasiz bahslarga boy tarzda kechgan mutlaq vazn toifasida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan Muhsin Hisomiddinov (kurash) hamda Nodir Ahadjonovga (belbogʻli kurash) “Nexia-3” rusumli avtomobillar topshirildi. 

Taqdirlash marosimida gʻolib polvonlarga sovgʻalarni Jizzax viloyati prokurori, viloyat kurash federatsiyasi raisi I.Ergashxodjayev, Zarbdor tumani hokimi Z.Roʻziyev, Osiyo belbogʻli kurash konfedratsiyasi raisi M.Muratov va boshqalar topshirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?