Kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyildi

14:06 18 Iyun 2025 Jamiyat
296 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi samaradorligini oshirish, aholining koʻmakka muhtoj qatlamini qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Samarqand shahri, Urgut va Toyloq tumanlarida “Parvarish xizmati” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyildi. Bu yangi xizmatning koʻrsatilishi nafaqat bolalarning munosib taʼlim-tarbiya olishiga, balki ularning ota-onalariga ham katta ijtimoiy yordam boʻladi.

— Samarqand shahrida ochilgan maskan “Sabrina saxovati” deb nomlandi. Unda 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalarni parvarish qilish va tarbiyalash, tengdoshlari bilan muloqotda boʻlishi, reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun barcha sharoit va qulaylik bor, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov. — Muassasa 18 oʻringa moʻljallangan, malakali mutaxassislar tomonidan gidrovanna, massaj, logoped, surdo pedagog, defektolog, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish, umumiy mehnat va musiqa darslari, ipoterapiya kabi 12 turdagi faoliyat olib boriladi. Bu esa bolajonlarning tezroq sogʻayishi va yaxshi natijalarga erishilishini taʼminlaydi.

Urgut tumanidagi Mustaqillik mahallasi hududida tashkil etilgan shunday muassasada ham nogironligi boʻlgan bolalarni parvarish qilish va tarbiyalash uchun qulay sharoit yaratildi. Bu maskan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda 3 yoshdan 18 yoshgacha nogironligi bor 36 nafar bolalarni parvarishlayotgan ota-onalarga mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etish va oila aʼzolariga mehnat qilishiga sharoit yaratish, shuningdek, nogironligi boʻlgan bolalarning oila qaramogʻida qolishini taʼminlash imkonini beradi.

Toyloq tumanidagi Chorogʻbon mahallasida ham tadbirkor Xursanoy Ashurova tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati tashkil etildi.

— Ushbu muassasamizda bolajonlarga reabilitatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun barcha sharoit va qulaylik yaratilgan, — deydi X. Ashurova. — Kelgusida bu kabi yangi loyihalarning koʻlami yanada kengayib, aholining turmush sharoitini oshirish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada yaxshilash uchun xizmat qiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi, tuman hokimligi masʼul xodimlari, mahallalar faollari, kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanish xohishini bildirgan ota-onalar farzandlari bilan birga kelib, ushbu maskanlardagi shart-sharoitlarni koʻzdan kechirishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер