Koreya Respublikasining Paran shahrida Fargʻona viloyati savdo-logistika markazi ish boshladi

16:59 21 Oktyabr 2025 Jamiyat
189 0

Fargʻona viloyati delegatsiyasi 13-18-oktyabr kunlari Koreya Respublikasida boʻldi. Tashrif doirasida tadbirkorlik, investitsiya, eksport va boshqa bir qator sohalarda kelishuvlarga erishilib, hamkorlik koʻlami yanada kengaytirildi.

Xususan, Paran shahrida yangi savdo-logistika markazi ishga tushirildi. Markazning ochilish marosimida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamda Oʻzbekistonning Koreya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov ishtirok etdi.

Logistika markazi fargʻonalik yosh tadbirkorlar — Abduvohid Qodirov, Javohir Valiyev va Muhammadsaid Xoʻjayev tashabbusi hamda 6 million dollarlik sarmoya hisobiga barpo qilindi.

Tadbirda soʻz olgan Xayrullo Bozorov mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va rivojlanish jarayonlari xorijdagi vatandoshlarimiz faoliyatini ham ragʻbatlantirayotganini taʼkidladi. Bu borada har qanday biznes kichik tashabbusdan boshlanishi, bunday loyihalar kelgusida yirik miqyosli kompaniyalarga aylanishiga ishonch bildirdi.

Fargʻonalik tadbirkorlarning xorijda faoliyat yuritishi, mahalliy bozor qonun-qoidalarini oʻrganib, milliy mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyishdagi saʼy-harakatlari yuqori baholandi. Yuksak bilim, tadbirkorlik va chet tillarini bilish muvaffaqiyat garovi ekanligi eʼtirof etildi.

Tadbirda ushbu loyiha tashabbuskori boʻlgan “Koreta Co., LTD” kompaniyasi faoliyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Kompaniya 10-yildan ortiq vaqt davomida oziq-ovqat va toʻqimachilik mahsulotlarini Janubiy Koreya boʻylab yetkazib berish bilan shugʻullanadi. Hozirda 1000 dan ziyod mijozlar bazasi mavjud.

Mahsulotlar Oʻzbekiston, shuningdek, Rossiya, Gruziya, Bolgariya, Italiya, Polsha va Niderlandiya kabi 20 ga yaqin davlatdan keltiriladi. Kompaniyaning Polshada ofislari, Qozogʻistonda sut mahsulotlari zavodi hamda Oʻzbekistonda toʻqimachilik fabrikalari faoliyat yuritmoqda.

Botir MADIYOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер