Chang-toʻzonlar qurshovida qolayotgan shahar yoxud Toshkent havosi yaqin yillarda tabiiy ravishda yaxshilanishidan umid bormi?

Foto: «Xalq soʻzi»
Toshkent oxirgi yillarda jahon havo sifati reytingida dunyoning havosi eng iflos shahri sifatida tez-tez tilga tushmoqda. Oxirgi bir oy misolida aytganda, ikki marta — 22-sentyabr hamda 6-oktyabr kunlari poytaxtimiz havosi yomonligi boʻyicha dunyoda 1-oʻringa chiqdi.
Darhaqiqat, 6-oktyabr soat 10:00 holatiga koʻra, Toshkent shahri havosida mayda “RM-2,5” dispers zarralarining konsentratsiyasi 158 mkg/m3ni tashkil etdi. “PM-10” turidagi zararli zarrachalar miqdori esa 269,7 mkg/m3ga yetdi. Bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti belgilagan meʼyordan qariyb 6 barobar yuqori boʻlib, inson salomatligi uchun xavfli daraja hisoblanadi. Bundan anglashiladiki, mamlakat bosh kentining havosi ekologik muammo chizigʻini allaqachon kesib oʻtib, ijtimoiy-iqtisodiy masala darajasiga koʻtarilib ulgurdi.
Tizimli muammolar hosilasi
Xoʻsh, yaqin-yaqingacha oʻzining bahavo goʻshalari, soʻlim bogʻlari, yashil maskanlari bilan barchani maftun etgan Toshkent nega chang va toʻzonlar qurshoviga tushib qoldi? Shahar havosi bulgʻanishining asosiy sababi nima? Muammoning ildizi qayerda?
Iqlimshunoslarning fikricha, Toshkent dunyoning eng ifloslangan shaharlari qatorida yuqori oʻrinlarda turishi — bu tasodif emas, aksincha, iqlim oʻzgarishi, koʻp yillik shaharsozlik va ekologik siyosatdagi tizimli muammolarning hosilasidir.
— Soʻnggi yillarda Toshkent xalqaro havo sifati indeksi platformasida dunyoning havosi eng yomon 120 ta yirik shahri orasida 18 — 26-oʻrinlarni egallab turibdi, — deydi Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti Amaliy iqlimshunoslik laboratoriyasi mudiri Erkin Abdulahatov. — Oʻrganish va kuzatuvlar tahlillariga qaraganda, shahar havosi sifati, asosan, mayda “RM-2,5” zarrachasi hisobiga yomonlashmoqda. Ushbu ifloslantiruvchi zarracha kelib chiqishining beshta sababini keltirish mumkin.
Birinchisi, shamol rejimining buzilishi va havo aylanishiga toʻsqinlik qiluvchi sanoat zonalari hamda koʻp qavatli bino-inshootlarning shamol yoʻlaklari qoldirmasdan qad koʻtarilishi. Toshkentning janubiy va gʻarbiy tomonlarida joylashgan yirik zavodlar hamda aholi zich turarjoylaridan chiqadigan chiqindilar shamol yoʻnalishlari bilan shahar markaziga qayta yuzlanib, “smog effekti”ni kuchaytirmoqda.
Ikkinchisi, avtotransportlar ulushi kattaligicha qolmoqda. Toshkent shahrida havoga chiqadigan iflos “RM-2,5” moddalarining 16 foizdan ortigʻi aynan avtomobillar hissasiga toʻgʻri keladi. Transport tizimida yevro-meʼyorlarga mos kelmaydigan yonilgʻi turlari, dizel va gaz-dvigatelli mashinalarning koʻpligi, ayniqsa, kuz-qish oylarida havo sifati yomonlashishiga muntazam taʼsir koʻrsatmoqda.
Uchinchisi, relyef va urbanizatsiya zichligi. Toshkent ilgari nisbatan ochiq shamol vodiylariga ega boʻlgan. Suv obyektlari, kanallar, ariqlar, daryolardagi sharqiroq suvlar shamol harakatini muntazam kuchaytirib kelgan. Ammo keyingi oʻn yilliklarda qurilishlar haddan ziyod zichlashib, mikroiqlimiy havo aylanishi yoʻqoldi. Bu shahar ustidagi havo qatlamining “turib qolishi”ga olib kelmoqda.
Toʻrtinchisi, Janubiy Qozogʻistonda choʻllanish jarayoni tezlashib, uning Sharqqa tomon kuchayishi ortidan poytaxtga yil davomida Gʻarbiy shamollar orqali chang havo kirib kelishini koʻpaytirib yubordi.
Beshinchisi, Toshkent atrofidagi issiqxonalarda qish faslida koʻmir yoqilishi oqibatida havoga koʻtarilayotgan mayda zarrachalar miqdorining ortishi ham poytaxtda havo sifatini sovuq mavsumlarda yomonlashishida asosiy omilga aylandi.
Qonun ishlashi kerak
Havoning yomonlashib borayotgani haqida gap ketganda, shahar aholisi va jamoatchilik faollari muammoning ildizini shaharsozlik siyosatidagi kemtikliklar, pala-partish qurilishlar bilan bogʻlaydi. Ularning iddao qilishicha, poytaxtda bir qarich ham boʻsh yer qolmayapti. Hatto koʻp qavatli uylar oʻrtasidagi bolalar maydonchalariga ham mahalla idorasi qurish bahonasida ulkan inshootlar paydo boʻlib qolmoqda. Oqibatda shamol yoʻllari toʻsilib, havo aylanmayapti.
Bu gaplarda jon bor, albatta. Toshkent keyingi paytda eng yirik bunyodkorlik maydoniga aylangan. Qurilish ishlarida aynan poytaxt yetakchilikni qoʻldan bermasdan kelayotganini Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlari ham tasdiqlaydi. Unda keltirilishicha, Oʻzbekistonda 2025-yilning yanvar — avgust oylarida jami 188,5 trln. soʻmlik qurilish ishlari bajarilib, 2024-yilning mos davridagiga nisbatan 11,5 foiz oshgan. Ushbu koʻrsatkich hududlar kesimida tahlil qilinganda, Toshkent shahrida 56,2 trln. soʻmlik bunyodkorlik ishlari bajarilgani holda, mamlakatda birinchi oʻrinni egalladi.
Toʻgʻri, shahar obod boʻlgani, zamonaviy qiyofaga kirgani yaxshi. Bunga hech kimning qarshiligi yoʻq. Hamma eʼtiroz oʻsha qurilish maydonlarida chang koʻtarilmasligi uchun suv sepib, gard koʻtarilishining oldini olish, atrofni toʻrli vositalar yordamida oʻrab qoʻyish, transport vositalari koʻchaga chiqishidan oldin shinalarini loy va tuproqdan tozalash kabi oddiy va oʻta muhim talablarni bajarmasligiga borib taqalmoqda. Vaholanki, mustaqillikning dastlabki yillari, aniqrogʻi, 1996-yilda qabul qilingan “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun va boshqa hujjatlarda bular aks ettirilgan.
Ushbu qonunda aholi oʻz hayoti va sogʻligʻi uchun qulay atmosfera havosidan foydalanishi, atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalar va biologik organizmlar chiqarilishi hamda unga fizikaviy omillarning zararli taʼsir koʻrsatishi tufayli oʻz sogʻligʻiga va mol-mulkiga ziyon yetkazilgan hollarda zararning oʻrni qoplanishi fuqarolik huquqi ekanligi belgilab qoʻyilgan. Ammo ayrim qurilish kompaniyalari qonun talablarini chetlab oʻtishga urinayotgani-yu poytaxti azimning havosi yomonlashib borayotgani, avvalo, qonun ijrosida sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotganidan dalolat emasmi?!
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi masʼullari shahar havosi ifloslanishiga faqat antropogen (inson faoliyati bilan bogʻliq) omillar emas, balki tabiiy jarayonlar va iqlim sharoitlari ham kuchli taʼsir koʻrsatmoqda, degan fikrni ilgari surmoqda.
— Toshkent quruq kontinental iqlim mintaqasida joylashgan boʻlib, yozda haroratning yuqori, qishda esa past boʻlishi bilan xarakterlanadi. Bunday sharoitda havo harakati sust kechadi, bu esa ifloslantiruvchi moddalar tarqalishini, yaʼni siyraklashishini qiyinlashtiradi, — deydi vazirlikning Atmosfera havosini muhofaza qilish va monitoring boʻlimi bosh mutaxassisi Nozim Nosirov. — Yaʼni inversiya hodisasi tez-tez kuzatiladi, bunda sovuq havo past qatlamda, iliq havo esa yuqorida toʻplanadi. Natijada ifloslantiruvchi gazlar va chang zarrachalari past qatlamda “qamalib” qoladi. Qish oylarida tuman va namlik koʻpayib, zararli zarrachalarning konsentratsiyasi keskin ortadi.
“Chang mavsumi” boshlandimi?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 2024-yil boshida Toshkent shahri atmosfera havosi ifloslangani haqida rasmiy bayonot berib, muammo yechimi yuzasidan bir qator takliflarni ham ilgari surgandi. Biroq vazirlikning ushbu chaqirigʻi samarasi amalda sezilmayapti. Aholi, ayniqsa, keksalar va bemorlar sovuq tushishi bilan poytaxt havosi yanada ogʻirlashib, nafas olish qiyinlashib ketishidan xavotirga tushmoqda.
Bu hadiklar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq, albatta. Iqlimshunoslar tahlillariga qaraganda, oktyabr oyidan poytaxtimizda “chang mavsumi” boshlanadi. Ha, yanglish eshitmadingiz. Boshqa davlatlarda yomgʻirlar, tumanlar mavsumi boʻlsa, bizda chang va gʻuborlar hodisasi kuzatilyapti. Bu holat olti oy, to martgacha davom etishi shahar ekologiyasi qanchalik abgor ekanligini aytib turibdi.
Oʻtgan yillar tajribasiga qaraganda, havo sifati, ayniqsa, yanvar oyida oʻta yomonlashish ehtimoli yuqori. Sababi, oʻsha paytda havoni ifloslantiruvchi barcha resurslar ishga tushadi. Bu yetmaganidek, qurgʻoqchilik oqibatida chang toʻzonlari ham koʻtarilib, vaziyatni battar ogʻirlashtirishi mumkin.
— Oldindan bunday prognoz qilishga hali hech qanday asos yoʻq, — deydi Nozim Nosirov. — Yurtimizda nafaqat Toshkent shahri, balki butun respublika miqyosida atmosfera havosini muhofaza etish, uning tabiiy tarkibini saqlash borasida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bunga misol tariqasida transport vositalarining salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida “AI-80” rusumdagi benzin yonilgʻisidan voz kechilmoqda. Yaʼni “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan sentyabr oyidan “AI-80” rusumidagi benzinni birja savdolariga chiqarish toʻxtatildi. Buning ahamiyatini anglash uchun transport vositalarining sifatli yonilgʻida harakatlanishi tufayli atmosfera havosini ifloslantirishda avtoulovlar ulushi 4 foizga kamayishini keltirish kifoya, nazarimda.
Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-sentyabrdagi tegishli qaroriga asosan 2030-yildan boshlab Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati hududlarida joylashgan isitish va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalarida yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. 2025-yilning kuz-qish mavsumidan boshlab zaxira yoqilgʻi sifatida mazutdan foydalanishga faqat hukumat qarori asosida ob-havo va texnologik rejimlardan kelib chiqqan holda yoʻl qoʻyilishi belgilangan.
Bizga taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, havoga zararli tashlamalarni kamaytirish maqsadida mazut yoqilgʻisidan foydalanadigan issiqlik markazlarini chang-gaz tozalash uskunalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bunday tadbirlar sanoat korxonalarida ham olib borilayotgani kishida havo musaffo boʻlishiga umid uchqunlarini uygʻotyapti. Masalan, 2024-yilda 185 ta sanoat korxonasida changni tozalash uskunalari modernizatsiya qilingan boʻlsa, 2025-yil 1-sentyabr holatiga koʻra, yana 75 ta sanoat korxonasida 140 ga yaqin changni tozalash uskunalari modernizatsiyasi bajarilgan.
Ekologik harakatlar hozircha sezilgani yoʻq
Ekspertlarning fikricha, Toshkent havosining sifat koʻrsatkichlari pasayib ketgan boʻlsa-da, ifloslanish manbalari boʻyicha real vaqtli monitoring yetishmaydi. Hozirgi tizim, asosan, reaktiv xarakterda boʻlib, muammo yuzaga chiqqanidan keyin chora koʻriladi, xolos. Shunda ham aniq bir profilaktik yondashuv yoʻqligi tufayli vaziyat ijobiy tomonga siljimayapti. Bu holatni oʻzgartirish uchun Toshkentning atmosfera dinamikasi boʻyicha yangilangan aeroiqlimiy xaritalar, ifloslanish tarqalishi modellari va real vaqtli sensor tarmoqlari asosida shaharni qayta ekologik balansga keltirish oʻta zarur.
Milliy qonunchiligimizda atmosfera havosining holati hamda uni muhofaza etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida tegishli davlat organlari oʻz vaqtida va ishonchli axborot berib borishi zarurligi belgilab qoʻyilgan. Masalaga ana shu jihatdan yondashadigan boʻlsak, oʻz-oʻzidan atmosfera havosi sifat koʻrsatkichini doimiy eʼlon qilib boradigan tablo va monitorlar oʻrnatish ishlari qanday kechayotgani ekologiyaga beeʼtibor boʻlmagan kishilarni qiziqtirishi tabiiy, albatta.
Gidrometeorologiya xizmati agentligidan bildirilishicha, 1970-yildan boshlab respublikaning 25 ta yirik va sanoatlashgan shahrida jami 65 ga yaqin havo sifatini oʻlchovchi statsionar postlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. “Oʻzgidromet” mazkur statsionar postlarda muntazam havoning sifatini oʻlchab keladi. Oʻz navbatida, Toshkent shahrida agentlikning 8 ta avtomatik fon monitoringini amalga oshiradigan “Horiba” rusumidagi avtomatik stansiyalar oʻrnatilgan.
— Hukumatning tegishli qarori bilan tuman va shaharlarda avtomatlashgan kichik stansiyalarni oʻrnatish boʻyicha manzilli roʻyxat tasdiqlangan, — deydi Nozim Nosirov. — Mazkur roʻyxatga asosan, atmosfera havosining sifat koʻrsatkichlari doimiy nazoratini olib borish maqsadida bugungi kunda 347 ta avtomatik monitoring stansiyasini xarid qilish uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanmoqda. Ushbu avtomatik monitoring stansiyalari oʻrnatilgach, bevosita “monitoring.meteo.uz” platformasiga integratsiyalanadi va respublika miqyosida atmosfera havosining sifat koʻrsatkichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Ochigʻi, Toshkent havosi birdaniga yomonlashib qolgani yoʻq. Tahliliy va qiyosiy maʼlumotlar koʻrsatishicha, bu jarayon 2016-yillardan boshlab tezlashgan. Yaʼni iqlim oʻzgarishi sharoitida haroratning muttasil yuqori koʻtarilib borish fonida mintaqada choʻl degradatsiyasi kuzatilmoqda. Bu esa havoda tabiiy ravishda chang massasi ortishi, urbanizatsiya esa shaharlarda ham tabiiy chang, ham qurilish va boshqa antropogen changlar koʻpayishiga olib keldi. Oqibatda Toshkent havosi iflosligi baland boʻlgan Fargʻona, Navoiy, Angren va Olmaliq shaharlarini ortda qoldirib, birinchi oʻringa chiqib oldi.
Poytaxt havosi sifatining yaxshi emasligini mutasaddi vazirlik va idoralar ham inkor etmayapti. Shu bilan birga, qachon uning inson salomatligi uchun xavfsiz darajada boʻlishi haqida ham aniq gap yoʻq.
Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning kuyinib aytishicha, poytaxt havosini yaqin yillarda tabiiy ravishda yaxshilanishidan umid yoʻq: yildan-yilga yomonlashib ketaveradi. Chunki vaziyatni yaxshilash borasida deyarli katta ekologik harakatlar haligacha boshlanmadi. Qurilish va loyihalashtirishda shamol esishini taʼminlash maqsadida aerodinamik usullar asosida arxitektura qurilish standartlari hamda shamol yoʻlaklarini inobatga olish tavsiya etiladi.
Ogohlik qoʻngʻirogʻi
Yoshi oltmishdan oshgan qoʻshnimiz uyini sotmoqchi boʻlganini eshitib, hayron boʻldim.
— Sogʻligʻim koʻtarmayapti, bu changli havoda nafasim qisib qolyapti, — deydi u. — Bilasizmi-yoʻq, bronxial astma azob berib keladi. Keyingi paytda bu dard kuchayib ketdi. Shifokorlar bahavo joylarda yuring, deydi. Noiloj, uyimni sotib, havosi toza joydan boshpana qilaman. Lekin bu yoshda begona joyda qoʻnim topish, ota qadrdonlarni tashlab ketish oson emas...
Basharti, vaziyat ogʻir ekan, chang taʼsirini kamaytirish, eng bebaho boylik sanalgan salomatlikni saqlash uchun nima qilmoq kerak? Axir, shifokorlar bot-bot ogohlantirayotganidek, chang sogʻliq kushandasidir. Havo ifloslanishi oqibatida chang zarrachalari ogʻiz-burun, hatto oʻpkaga taʼsir qilib, ilgari kashandalarda kuzatilgan kasalliklar koʻpayib borayotgani aytilmoqda. Bu ekologik boʻhron nafas yoʻllarida onkologik kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkinligi ham inkor etilmayapti.
Chang-gʻuborli noqulay ob-havo sharoitida qanday tibbiy tavsiyalarga amal qilish lozim?
— Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Roziqova. — Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik konyuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yoʻtal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yoʻli surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak. Chunki toʻzonli havo tarkibida oʻsimlik changlari, zamburugʻ sporalari juda katta konsentratsiyada boʻladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.
Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qoʻyish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qoʻyish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi. Derazalarni yopiq holda saqlash, koʻproq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Ogʻiz va burun boʻshligʻini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi. Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqish va ularni tez-tez almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor boʻlishlari tavsiya etiladi.
Tib ilmining asoschisi Abu Ali ibn Sino aytganidek, “Agar havoda chang va toʻzon boʻlmasa edi, kishi ming yil yashagan boʻlardi”. Shu maʼnoda, poytaxt havosining aholi salomatligiga koʻrsatayotgan taʼsirini ilmiy jihatdan tadqiq qilish zarur. Binobarin, vaziyat shunday davom etsa, yaqin kelajakda aholi emin-erkin nafas olishi uchun kislorod ballonlariga ehtiyoj sezishi prognoz qilinmoqda. Bu kelajagiga befarq boʻlmagan jamiyat uchun ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻlib jaranglashi shart!
Said RAHMON (“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring