Koʻpincha biz oʻz qarichimiz bilan mamlakatning katta siyosatini oʻlchamoqchi boʻlamiz. Bu toʻgʻri emas...

Oʻzbekistonning tashqi qarzi bilan bogʻliq masala har doim va hamma uchun qiziq boʻlgan. Shu bois bu haqda turli fikr-mulohazalar va qarashlar bildirilayotganidan xabaringiz bor. Biz mazkur mavzuga chuqurroq yondashish, mavzu mohiyatini teranroq ochib berish maqsadida soha mutaxassislari bilan suhbatlashishni rejalashtirganmiz.
Bugungi suhbatdoshimiz — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi Sharofiddin Nazarov.
— Soʻnggi paytlarda Oʻzbekiston davlat qarzi, xususan, tashqi qarz va uning tarkibi boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilingach, jamoatchilik orasida davlatning tashqi qarzi bilan bogʻliq masalalarda turli qarashlar, munosabatlar bildirilmoqda. Kimdir sohani tushunib, kimdir esa tushunmasdan oʻz fikrini uqtirishga intilyapti. Mutaxassis sifatida bu borada qanday fikrdasiz, davlat tashqi qarzi qanday tushuncha va uning oshib borishi fuqarolarning shu kabi xavotirlariga asos boʻla oladimi?
— Haqiqatan ham, soʻnggi 3-4 yil ichida Oʻzbekistonning tashqi qarzi oshib borayotganini hammamiz kuzatib turibmiz. Dunyoda bu borada kechayotgan vaziyatni oʻrganadigan boʻlsak, shuni yaqqol koʻrishimiz mumkinki, mamlakat qanchalik boyib borgan sari, shunchalik koʻproq qarz ola boshlashi maʼlum.
Bugungi kunda eng katta qarzdor mamlakatlar — Yaponiya, AQSH va Yevropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlar hisoblanadi. Agar korporativ sektorning qarzini hisobga olmaganda, eng katta davlat qarzi AQSHda ekanligini ham koʻrish mumkin. AQSH hukumatining oʻz fuqarolari va boshqa davlatlardan qarzi 27 trillion dollardan ham oshib ketdi. Oʻz oldiga rivojlanish uchun katta maqsad qoʻygan mamlakat uchun katta miqdordagi investitsiya talab etiladi.
Demak, tashqi qarz olish jadallik bilan rivojlanayotgan davlatlar uchun xos boʻlib, maqsad imkon qadar koʻproq mablagʻlarni jalb etishga qaratiladi.
Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin, tashqi qarzimiz bundan 15 — 20 yil oldin ham bor edi, nega endi soʻnggi 3-4 yil ichida u sezilarli darajada oshdi, degan.
Buning bir qancha sabablari bor. Birinchidan, iqtisodiy islohotlar borasida amalga oshirilishi kerak boʻlgan bir qancha muhim vazifalar turli sabablarga koʻra kechiktirilgan. Ular anchagina yigʻilib qolgan edi. Birgina misol, milliy valyutamizning konvertatsiya qilinishi yoki soliq siyosatidagi muammolar. Taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimidagi holatlarni aytmasak ham boʻladi. Ochigʻini aytish kerak, bu sohalar rivojida jar yoqasiga kelib qolgan edik. Buni davlatimiz rahbari ham bir necha marotaba eʼtirof etdi. Mana shu masalalar keyingi yillarda ochiqlanib, muammolar tan olindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligiga kirishganidan soʻng bu masalalar oʻz yechimini topa boshladi. Tadbirkorlikka keng imkoniyatlar eshigi ochildi. Natijada elektr energiyasi, yoʻl, transport infrastrukturasi va boshqa manba hamda resurslarga boʻlgan talabni keskin oshirib yubordi. Mana shunday bir sharoitda ichki investitsiya manbalari yetarli boʻlmay qoldi. Tashqi manbalarni ham jalb qilishga ehtiyoj tugʻildi. Tashqi qarzlardan investitsiya manbasi sifatida koʻproq foydalanishimizga toʻgʻri kelyapti.
Bundan 5-6 yil avval bunday ehtiyoj bizda boʻlmaganmi? Haqiqatan ham, ehtiyoj boʻlgan. Ammo islohotlarni amalga oshirish borasidagi ishlar, loyihalar koʻlami bu darajada keng boʻlmagan. Ularning qamrovi va koʻlami boʻyicha ham oʻrtadagi farq juda katta. Oʻshanda ham Oʻzbekistonda chet eldan qarz olishga harakatlar boʻlgan. Lekin, ochigʻini aytishimiz kerak, qarz beruvchilarni topish qiyin kechgan.
Xalqaro moliya tashkilotlari, Xalqaro valyuta fondini olamizmi, Jahon banki yoki Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankini, boshqa kredit beruvchi potensial kreditor davlatlarni olamizmi, bizda oʻsha paytda olib borilayotgan islohotlarga ular ishonchsizlik bilan qarashgan. Shuning uchun qarz berish uchun juda ogʻir shartlarni qoʻyishgan. Endi mana, besh yil ichida Prezidentimiz tashabbusi bilan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilyapti. Oʻzbekiston dunyoga boshqacha yuz bilan ochildi, desak, toʻgʻri boʻladi. Xalqaro tashkilotlar va asosiy hamkorlarimizning bizga boʻlgan ishonchi, islohotlarimizga boʻlgan ishonchi kun sayin ortib boryapti. Boshqacha aytganda, mana shuning natijasida chetdan qarz olish imkoniyatimiz tobora kengayyapti. Bu Oʻzbekistonning tashqi dunyoda nufuzi ortib borayotganidan dalolat.
Yana soʻrashingiz mumkin, nega unda aholi sarosimaga tushyapti? Buning ham bir nechta sabablari bor. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ayrim fikrlarni asosli va oʻrinli, deb boʻlmaydi. Ular faqat xalqni chalgʻitadi, xolos. Biz shundan yiroq boʻlishimiz kerak.
Aksariyat oilalarda tijorat maqsadida yoki boshqa bir muhim ishlar uchun qarz olishni unchalik maʼqullashmaydi. Bu tushuncha ularning ongiga ota-bobolaridan meros boʻlib singib ketgan. Shuning uchun ham bizning mentalitetimizda qarzga nisbatan hadiksirash bilan qarash mavjud. Kishini tez qadrsizlantiradigan yoki obroʻsizlantiradigan narsa bu vaqtida qaytarilmagan qarz, deb qariyalar juda koʻp uqtirishadi. Yoki boʻlmasa, “koʻrpangga qarab oyoq uzat”, degan maqol ham bor. Albatta, oʻz oʻrnida bular toʻgʻri. Lekin bu naqllarni biz davlatning ijtimoiy-siyosiy loyihalariga va istiqboliga qoʻllashimiz qanchalik oʻrinli?
Mana masalan, shaxs yoki tadbirkorning qarzga boʻlgan munosabati bilan davlatning qarzga boʻlgan munosabati oʻrtasida juda katta farq bor. Koʻpincha biz moʻjaz qarichimiz bilan davlatning katta siyosatini oʻlchamoqchi boʻlamiz. Bu toʻgʻri ish emas.
Biror-bir yosh oila oyoqqa turishi uchun yoki oʻz ishini boshlashi uchun unga yordam koʻrsatadigan otasi boʻladi yoki onasi. Aka-ukasi, oshna-ogʻaynisi bor. Ota-ona oʻz ishini davom ettirishi uchun farzandiga meros qoldiradi. Oʻzbekistondek mamlakatning iqtisodiyotini rivojlantirishni olib qaraydigan boʻlsak, oyoqqa turayotgan yosh oiladek tasavvur qilish mumkin. Lekin farqi shundaki, mamlakatni oyoqqa turgʻazishda begʻaraz yordam beradigan otasi-onasi yoki aka-ukasi boʻlmaydi. Shunday ekan, alohida shaxs yoki tadbirkorning qarzga nisbatan munosabatini davlatning qarzi bilan tenglashtirgan holda xulosa qilish — nooʻrin masala, nazarimda.
Odamlarga oddiy qilib tushuntirish, kerak boʻlsa, maktab va oliygohlarda qisqa kurslar tashkil qilib, targʻibot ishlarini olib borishimiz zarur. Agar yoshlarda bu borada toʻgʻri fikrni shakllantirsak, ular oʻz oila aʼzolarini ham bundan xabardor qiladi. Xalqimiz bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, bugungi olib borilayotgan siyosatga nisbatan oʻzining toʻgʻri munosabatini bildira boshlaydi.
— Yaqinda davlatimiz rahbari yana shu masalaga toʻxtalib, tashqi qarzni jalb qilishning iqtisodiy va ijtimoiy zarurati xususida aholiga kengroq tushuntirish berish kerakligi haqida gapirgan edi. Bu boʻyicha ham maʼlumotlar bersangiz, yaʼni davlat tashqi qarzining iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy zarurati nimalardan iborat?
— Prezidentimiz qisqa qilib aytgan fikrlarining zamirida juda katta maʼno yotibdi. Biz ularni chuqur anglashimiz va magʻzini chaqishimiz kerak. Masalaning iqtisodiy va ijtimoiy mohiyati shundaki, biz bugun oldimizga mamlakatni barqaror rivojlantirish masalasini qoʻyganmiz. Bu iqtisodiyotni ijtimoiy soha hamda atrof-muhit muhofazasini saqlagan holda muvozanatli rivojlantirishga erishishga qaratilgan vazifalardan iborat. Oʻtgan yili koronavirus pandemiyasi oqibatida dunyoning aksariyat mamlakatlari iqtisodiyotida qisqarish kuzatilgan bir paytda, Osiyo mintaqasida faqatgina Oʻzbekistonda ijobiy oʻsishga erishildi. Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta. Bunga jalb etilgan tashqi va ichki investitsiyalar oʻzining ijobiy samarasini berdi, desak, toʻgʻri boʻladi.
Masalaning ijtimoiy zaruratini olib koʻradigan boʻlsak, bugungi kundagi sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasidagi islohotlarni olaylik. Yigʻilib qolgan muammolarni qanday yechish kerak? Yoki iqtisodiyot tarmoqlari bilan bu sohani taqqoslaydigan boʻlsak, iqtisodiyotdan ham ogʻirroq muammolar yigʻilib qolganiga guvoh boʻlamiz. Keyingi toʻrt yil ichida bu muammolar ochiq tan olindi. Ularning yechimi boʻyicha tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Bundan tashqari, aholining turmush sharoitini yaxshilash, uy-joy, elektr energiyasi, ichimlik suvi taʼminoti, kanalizatsiya borasidagi ishlar, xullas, ijtimoiy infratuzilma xizmatlariga boʻlgan talabini qondirish boʻyicha ham hukumat tomonidan dasturlar qabul qilinib, ularni amalga oshirish maqsadida 31 trillion soʻm mablagʻ sarflanyapti. Bu mablagʻ qayerdan olinadi, buning manbasi qayerda? Shularni oʻylab koʻrib, xohlaymizmi, yoʻqmi, tashqi qarz evaziga qilishimiz kerak. Chunki aholi talabi, xalqimizning turmush darajasini yaxshilash — ustuvor maqsadimiz.
— Soʻnggi savol — tashqi qarzdan foydalanish haqida. Bugun Oʻzbekistonda xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilingan qarzlardan samarali foydalanish maqsadida qanday ishlar olib borilyapti? Umuman, parlament nazorati instituti bu oʻrinda qanchalik muhim?
— Ayni paytda qoʻlimizdagi mavjud maʼlumotlarga koʻra, 2021-yil 1-yanvarda Oʻzbekistonning davlat qarzi jami 23,3 milliard dollar ekvivalentida, yoki YAIMning 40 foiziga yetgan. Xususan, bu mablagʻlarning 21 milliard dollarga yoki YAIMning 36,5 foizga teng qismi davlat tashqi qarzini tashkil qilyapti. Dunyo tajribasidan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, tashqi qarz parametrlari boʻyicha Oʻzbekistondagi holat tashvishlanarli emas. Mamlakatimiz bu borada jiddiy muammolarga duch kelayotgani yoʻq. Bunga esa davlat rahbarining uzoqni koʻzlab olib borayotgan iqtisodiy siyosatining natijasi sifatida qarash kerak.
Lekin tashqi qarzning qaysi maqsadlarga va loyihalarga yoʻnaltirilishi aslida bizni koʻproq bezovta qilishi lozim. Bu borada vakolatli davlat organlari, xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish, Investitsiyalar va tashqi savdo hamda Moliya vazirliklari tomonidan tizimli ishlar tashkil etilyapti. Ular tomonidan samarali loyihalarni tanlab olish va qarz mablagʻlaridan maqsadli foydalanish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, hech qanday tashvishli holatlar kelib chiqmaydi.
Bundan tashqari, davlat qarzini boshqarishning milliy strategiyasi qabul qilingan. Mazkur hujjat Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bilan uygʻunlashtirilgan. Ularning ijrosi oʻz vaqtida taʼminlansa, natija albatta, ijobiy boʻladi.
Bu boʻyicha parlamentning oldiga ham aniq vazifalar qoʻyilgan. Tashqi qarz evaziga amalga oshiriladigan loyihalar samaradorligini baholash va monitoring olib borish vazifasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi zimmasiga ham yuklatilgan.
Shunga koʻra, Hisob palatasi davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan hamda yakunlangan loyiha va dasturlarni auditdan oʻtkazadi. Audit natijalari boʻyicha axborotni har chorak yakunida quyi palataga kiritib boradi. Oʻz navbatida, bu hisobot tegishli vazirlik va idoralar ishtirokida Oliy Majlis palatalarining qoʻmitalarida muhokama qilinadi. Tegishli vazirliklar oʻzlarining taqdimotlari bilan ishtirok etadi. Sal avvalroq, sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilgan “Salomatlik-3” dasturi jiddiy tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Bir qancha kamchiliklar ochib tashlandi, mutasaddilar oldiga aniq vazifalar qoʻyildi.
Bu loyihalarning xalq vakillari tomonidan muhokama etilishi, monitoring qilinishi qarz mablagʻlaridan yana-da maqsadli va samarali foydalanish imkoniyatini beradi.
Bank-moliya sohasini rivojlantirishning bugungi holatidan kelib chiqib, ichki va tashqi qarz manbalarining Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun maqbul meʼyorlarini aniqlab olish va shunga mos ravishda qarz siyosatini olib borish ham dolzarb vazifalardan. Shu oʻrinda ichki qarz manbalarini, ayniqsa, korporativ sektorning qarzlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda ichki manbalarni topish va ulardan samarali foydalanish juda ham muhim. Gap shundaki, eng avvalo, kapital bozorni rivojlantirish hisobiga mablagʻlarni jalb etish lozim. Bu yerda nafaqat korxona tashkilotlar, korporativ sektor, balki aholining ham ishtirokini faollashtirish zarur. Bunda aholining boʻsh mablagʻlarini bank tizimi orqali akkumulyatsiya qilish va ularni faol investitsiya loyihalariga jalb etish muhim va dolzarb vazifa boʻlib turibdi.
Masalaning qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida ham Hukumat bilan birgalikda ish olib borilyapti. Soʻnggi bir yarim yil ichida kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha amaldagi qonunchilikka eng koʻp qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi. Hozirda Hukumat tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilishi moʻljallangan Nobank kredit tashkilotlarini rivojlantirish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish masalalari koʻrilyapti. Bu ishlar oʻz natijasini beradi. Oʻylaymanki, biz qanchalik ichki manbalarni faol investitsiyalarga jalb etishning yoʻllarini ochadigan boʻlsak, tashqi qarzga boʻlgan ehtiyojimiz ham shunchalik darajada sekin-asta kamayib, ichki va tashqi manbalar oʻrtasidagi eng maqbul muvozanat oʻrnatiladi. Bu esa iqtisodiyotimiz uchun ham, ijtimoiy sohalar taraqqiyoti uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochadi.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur. Tahririyat bu mavzuga yana qaytadi.
Munisxon KARIMOVA (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring