Koʻp vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar dunyoqarashini haligacha oʻzgartirmagan — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida kun tartibidagi ikkinchi masala – xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari koʻrib chiqildi.
Joriy yilda Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflarda 39 milliard dollarlik 178 ta loyiha boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Oʻtgan hafta Samarqandda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 milliard yevro ajratishini maʼlum qildi.
Shularni hisobga olib, 2025-yilda:
- 42 milliard dollarlik xorijiy investitsiyani taʼminlash, shu jumladan xorijiy moliya institutlari ishtirokida 5,3 milliard dollarlik ishlarni bajarish;
- 81 ta yirik loyihani ishga tushirish, 8 mingdan ortiq oʻrta va kichik loyihani amalga oshirish;
- donor tashkilotlar bilan faol ishlab, 2 milliard dollar grant olib kelish;
- banklar bilan 6 milliard dollar resurs jalb qilish asosiy maqsad boʻlishi belgilandi.
Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga 8 milliard 600 million dollar investitsiya keldi.
“Lekin koʻp vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar “investitsiya oʻzi boʻlaveradi”, degan fikr bilan yuribdi, dunyoqarashini haligacha oʻzgartirmagan”, dedi Prezident.
Oʻtgan hafta sohadagi muammolar tanqidiy muhokama qilinib, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlariga “hayfsan” berilgan, Kattaqoʻrgʻon, Navoiy, Yangiyoʻl, Jizzax shaharlari, Yangiobod, Mirzaobod, Boʻka va Nukus tumanlari hokimlari ogohlantirilgan.
“Pul tikaman degan tayyor investorlarni masalasini tez-tez hal qilish oʻrniga, koʻp rahbarlar byurokratiya qilgani uchun, sarmoyadorlar ketib qolyapti”, deya qatʼiy eʼtiroz bildirdi davlatimiz rahbari.
Har bir hudud va tarmoq kesimida masʼul rahbarlar faoliyatiga baho berilishi va xulosa qattiq boʻlishi haqida ogohlantirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring