Konstitutsiyaviy odil sudlov samaradorligini oshirish davr talabi

10:25 29 Dekabr 2025 Siyosat
127 0

Konstitutsiyaviy odil sudlov – demokratik huquqiy davlatning muhim institutidir. Konstitutsiyaviy odil sudlov zamonaviy demokratik davlatning alohida zaruriy instituti bo‘lib, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini yaratishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqaro va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish hamda konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirishning huquqiy mexanizmlari takomillashtirilmoqda. Fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Konstitutsiyaviy sudning faoliyati Konstitutsiyani himoya qilish, uning normalari va prinsiplarini hamda unda qat’iy mustahkamlangan inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan. Binobarin, Konstitutsiyaviy sudning mavjudligi Asosiy qonunning maxsus tarzda muhofaza qilinishidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda sud-huquq sohasini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga oid vazifalar, shuningdek davlat hokimiyati tizimini takomillashtirish va uni muntazam o‘zgarayotgan ijtimoiy munosabatlar bilan uyg‘unlashib borishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini ham takomillashtirishni taqozo qilmoqda.

2025 yil 18 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–253-sonli Farmoni mamlakatimizda konstitutsiyaviy nazoratning samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish kafolatlarini kuchaytirish hamda Konstitutsiyaviy sudning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi rolini yanada oshiradi. Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Farmon Konstitutsiyaning 55-moddasida mustahkamlangan har bir shaxsning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilishni yanada kuchaytirishga qaratilgan.

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur axborotda ko‘rsatilgan konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish davlat organlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega. Konstitutsiyaviy sudning mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotdagi taklif va tavsiyalarni ijrosini ta’minlash tartibi belgilanmaganligi natijasida taklif va tavsiyalari ijrosini to‘laqonli ta’minlash imkoni mavjud emas.

Endilikda yangi qabul qilingan hujjat bilan Konstitutsiyaviy sudning har yilgi axborotida davlat organlari faoliyatiga oid tavsiyalarni ular tomonidan ko‘rib chiqilishini majburiy etib belgilanishi hamda parlament nazoratini o‘rnatilishi, davlat organlarining mas’uliyati oshirilishiga, shuningdek belgilangan chora-tadbirlar ijrosini to‘liq ta’minlashga erishiladi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning 133-moddasiga muvofiq fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishga haqli.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi sub’yekti bo‘lmagan fuqaro va yuridik shaxs tomonidan sudga taalluqli masala yuzasidan murojaat qilishmoqda.

Farmon bilan Konstitutsiyaviy sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish huquqi sub’yekti bo‘lmagan fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan Konstitutsiyaviy sudga taalluqli masala yuzasidan yo‘llangan murojaatni Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’yektga yuborish, shuningdek, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’yekt tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxsning murojaatidagi masala Konstitutsiyaviy sudga kiritilmagan holatlarda muallifga uning murojaatidagi masalani Konstitutsiyaviy sudga kiritishga asos mavjud emasligini tushuntirgan holda xabar berish va Konstitutsiyaviy sudga axborot taqdim etish amaliyotini joriy etish belgilangan.

Yuqoridagi normalarning amaliyotga tadbiq etilishi, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub’yekt tomonidan fuqaro yoki yuridik shaxs manfaatida Konstitutsiyaviy sudga masala kiritilishini ta’minlaydi. 

Bu esa, o‘z navbatida, fuqaro va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, konstitutsiyaviy normalarni mustahkamlashga hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ta’minlashga keng imkoniyat yaratadi.

Xulosa o‘rnida aytib o‘tish joizki, mazkur Farmonning qabul qilinishi mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari to‘laqonli ta’minlashga, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlashga, konstitutsiyaviy nazoratning samaradorligini oshirishga hamda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

 

Shoxrux MAJIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi katta eksperti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?