Kitob va kitobxonlik — inson maʼnaviyati koʻzgusi

15:41 03 Iyun 2022 Madaniyat
1121 0

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi “Qorasaroy” mahalla fuqarolar yigʻinida yangi kutubxona bunyod etildi.

Ushbu ziyo maskanining ochilishiga bagʻishlab, “Kitob va kitobxonlik — inson maʼnaviyati koʻzgusi” mavzuida madaniy-maʼrifiy kecha tashkil etildi. 

Tadbir Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda tuman hokimligi hamkorligida oʻtkazildi.

Unda olimlar, ziyolilar, bolalar yozuvchilari, shoirlar, el suygan sanʼatkorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan eʼtibor, yoshlarni kitobga mehrini oshirish borasidagi saʼy-harakatlarga toʻxtalib oʻtib, bunga yoshlarimiz ham munosib javob qaytarayotganliklarini eʼtirof etishdi.

Jumladan, pedagogika fanlari doktori, professor, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi Oynisa Musurmanova mahallalarda bunyod etilayotgan maʼrifat oʻchoqlari-kutubxonalar aholi maʼnaviy olamini yanada boyitishga, farzandlarimizni ezgu gʻoyalar asosida, kitobga mehrli etib tarbiyalashda yaqindan koʻmak berishini eʼtirof etdi hamda ilmiy, badiiy, shu bilan birga tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan 10 dan ortiq turdagi kitoblar jamlanmasini kutubxonaga sovgʻa qildi.

Tadbir bahonasida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan mazkur koʻrkam va zamonaviy kutubxona fondiga yuzga yaqin nomdagi oʻzbek va jahon adabiyayoti durdonalaridan iborat qariyb 1000 nusхa badiiy kitoblar sovgʻa qilindi.

Madaniy-maʼrifiy tadbirda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari, pedagogika fanlari doktori, professor Zuhra Ismoilova, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Musallam Abdujabborova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Alisher Otaboyev, Muqumiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri aktyori Rasulxon Qodirxonov va Baxtiyor Ahmedov, kino aktrisasi Oydin Abdurahmonova, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari Adolat Ismoilova hamda Rustam Mirminov, Oʻzbekiston davlat Satira teatri aktyori Sherzod Boymurodov ishtirok etdi. Ularning chiqishlari madaniy-maʼrifiy tadbirga koʻtarinki kayfiyat baxsh etdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Dilshod Rajab esa oʻz ijodidan namunalar oʻqib berdi.

Shuningdek, ziyolilar, olimlar tadbirlar davomida mamlakatimizda kezib yurgan yangilanish nafasi, izchil islohotlar ortida turgan inson manfaati, olib borilayotgan obodonchilik ishlari har bir yurtdoshimizning koʻngliga koʻchayotgani haqida alohida toʻxtalib oʻtishdi.

— Mahallamizda 1160 ta xonadonda 7 607 nafar aholi vakillari istiqomat qiladi, — deydi mahalla faoli Nigora Xolmatova. — Shundan 2000 nafardan ortigʻi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan fuqarolardir. Shu mahallaning bir vakili sifatida biz yashayotgan goʻshada kutubxona tashkil etilganidan juda xursandman. Endi farzandlarimiz boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazib, foydali mashgʻulot bilan band boʻlishadi.

— Sevimli ijodkorim Xudayberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asari ham kutubxonamizdan joy olibdi, — dedi Ibrohim ismli bolakay. — Bugun mahallamizga koʻp sanʼatkorlar, xonandalar keldi. Kunimiz juda mazmunli va qiziqarli oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Olmazor tumanidagi oʻtkazilishi belgilangan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari joriy yilning yakuniga 12 ta yoʻnalish boʻyicha tashkil etiladi. Shuningdek, 33 ta turli maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar doirasida 20 000 nafardan ortiq aholi qamrab olinadi. 

Tumanda tashkil etilayotgan har bir tadbir davomida aholi kayfiyatini koʻtarish, hududda ijtimoiy-maʼnaviy holatni yanada yaxshilash, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida Vatanparvarlik ruhida tarbilashga alohida eʼtibor qaratiladi.

“Xalq soʻzi”.

Sirojiddin Vohidov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?