“Kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz” — Shuhrat Rizayev

20:29 08 Aprel 2021 Madaniyat
393 0

Shu yilning 7-aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan kino sanʼati va sanoati taraqqiyotiga xizmat qiluvchi bir yoʻla ikkita muhim hujjat — “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida”gi qaror imzolandi.

Xoʻsh, mazkur tarixiy hujjatlar milliy kino sanʼatimiz rivojiga qanday oʻzgarish va yangiliklarni olib kiradi?

“Oʻzbekkino” Milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev shular haqida intervyu berdi.

— Odatda katta-katta hodisalarning mohiyatini, ahamiyatini, koʻlamini birdaniga his qilib, uni idrok etish oson kechmaydi. Kuni kecha davlatimiz rahbari imzolagan — kino sanʼati va sanoati istiqbolidagi ezgu maqsadlarni belgilab bergan hujjatlar ana shunday jiddiy bir hodisa sifatida hammamizni nihoyatda mamnun qildi. Chunki Farmon va qaror bilan juda katta vazifalar qoʻyilyapti, ulkan marralar va maqsadlar belgilanyapti.

Bugun biz xohlaymizmi-yoʻqmi jahon taraqqiyotining gʻildiragi nihoyatda shitoblanib ketyapti. Mana shu jarayonda bizning taraqqiyotimizga toʻsiq boʻladigan muammolardan xolos boʻlib, yangi zamon talabi asosidagi islohotlarni amalga oshirishimiz kerak edi. Prezidentimizning sohaga oid qabul qilingan hujjatlari mana shu yoʻlda bizga muhim dasturilamal boʻladi.

Kinemotografiya sohasini rivojlantirishda biz uchun eng muhim omillardan boʻlgan kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bugun oʻsha tizim ishlamas ekan, kino sohasini rivojlantirish boʻyicha davlat tomonidan qilinadigan yordam va boshqalar aynan kinoni rivojlantirishga xizmat qilmaydi, degan masala qoʻyilyapti. Shundan kelib chiqib, kinoteatrlar tarmogʻiga alohida ahamiyat qaratilyapti. Davlatimiz rahbarining Farmon va qaroridan keyin kinoteatrlar tarmogʻi butunlay bir boshqa oʻzanga tushib, samarali harakatlar boshlanadi.

Afsuski, yillar davomida mavjud kinoteatrlardan unumli foydalanmadik, uni tanazzulga keltirib qoʻygan edik. Oʻz vaqtida qabul qilingan hujjatlar ushbu katta yoʻnalishni izga solish va tamomila oʻzgartirish yoʻlidagi katta qadamdir. Sohada boʻlayotgan oʻzgarishlar, yangi tartiblar talab darajasida ishlashimiz uchun imkoniyat ham yaratadi.

Qolaversa, Prezident qarori bilan Kinematografiya agentligi huzurida Oʻzbekiston kinematografiya akademiyasi oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladigan boʻldi. Bu esa kelgusida soha uchun malakali kadrlar tayyorlashda ayni muddao. Agar belgilangan vazifalar ijrosini hamjihatlikda amalga oshirsak, oʻylaymanki, yaqin kelajakda milliy kinomiz yangi nafaslar bilan, yangi kadrlar — rejissyor va operatorlar, ssenaristlar bilan boyiydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?