Kinoijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish tizimi yoʻq edi — Firdavs Abduxoliqov
“Oʻzbekkino” Milliy agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov kinematografiya sohasidagi soʻnggi yangiliklar haqida “Xalq soʻzi” nashriga intervyu berdi.
“Bugun oʻzbek kinematografiya dunyosi uchun tarixiy kun boʻldi, desam, mubolagʻa emas. Negaki, sohaning juda koʻp muammolarini bartaraf etishga qaratilgan — «Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni hamda “Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Taʼkidlashni istardimki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtgan davrda koʻplab huquqiy hujjatlar dunyo yuzini koʻrdi. Ularning ijrosi tufayli taraqqiyotdan ancha ortda qolgan milliy kino sanʼatimiz ancha jonlandi. Birgina kinomahsulotlar ishlab chiqarish uchun ajratiladigan mablagʻlar bir necha barobar oshdi. Xususan, 2017-yilda ushbu maqsadlar uchun 12 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 84 milliard soʻmga yetdi. Shunga mos ravishda davlat buyurtmasi asosida filmlar yaratish miqdori ham 30 tadan 74 taga oshdi.
Ammo bugungi shiddatli zamon sohaga yangi-yangi yondashuv va texnologiyalarni qoʻllashni talab etishi tayin. Ochigʻi, yaqin-yaqingacha kinematografiya sohasida chuqur ildiz otgan masalalar saqlanib qolgan, soha boshqaruvi, kinoijodkorlarga haq toʻlash tartibi mutlaqo eskirgandi. Xususiy sektor rivojlanmagan, kinoijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish tizimi yoʻq edi. Kinokompaniyalarning moddiy-texnika bazasini-ku, gapirmasa ham boʻladi. Milliy filmlar va mamlakat xronikasi yaratilmagani, xalqaro tajriba asosida taʼlim berish tizimi yoʻlga qoʻyilmagani, kinoteatrlar tarmogʻi rivojlanmay qolgani kinoijodkorlarni qiynab kelayotgandi.
Prezidentimizning Farmon va qarori esa shu va boshqa muammolar yechimini belgilab bergan tarixiy hujjat boʻldi. Ularda kinoijodkorlarni qiynab kelayotgan uzoq yillik masalalarni bartaraf qilish boʻyicha aniq mexanizm aks etgan.
Farmon bilan shu kungacha eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan eski tartib bekor boʻlib, yangi va zamonaviy tizim joriy etilyapti. Umuman, kino sanʼati jamiyatning maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalarida strategik manba sifatida gʻoyatda ahamiyatlidir.
Shuningdek, kino sanoati va kinoijodkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, kinoteatrlar moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash hamda ragʻbatlantirishning butunlay yangicha tizimi tatbiq etiladi. Misol uchun, endilikda film ijodkorlari va texnik xodimlar gonorari fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida erkin belgilanadi, ijodkorlarni sifatli kino olishga undash maqsadida bir yil davomida film foydasining 25 foizi ularni ragʻbatlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Ilgari qanday edi? Ijodkorlar filmni suratga olardi va shu bilan boʻldi: uning prokati bilan hech kim qiziqmasdi va bunga ishtiyoq ham boʻlmagan. Endi shu yoʻl bilan ijodkorlarga motivatsiya beriladi. Kinoprokat jonlansa, odamlar kinoga koʻproq tusha boshlasa, kino sanʼati ham, kino sanoati ham jonlanadi.
Baʼzida kinoni suratga olish davrida koʻzda tutilmagan tezkor xarajatlar qilishga toʻgʻri keladi. Buni biz tushunamiz, ammo byurokratiya tushunmasdi. Endi ijodkorlar ortiqcha byurokratiyadan xolos boʻlib, jarayon choʻzilib ketmasligi uchun naqd puldan foydalana oladi. Yaʼni hujjatda kinokompaniyalarga filmni ishlab chiqarish jarayonida film byudjetining 10 foizigacha miqdorda naqd pul bilan hisob-kitob qilishga ruxsat etildi.
Qolaversa, kinoijodkorlarning mualliflik huquqlarini jamoaviy asosda boshqaradigan Oʻzbekiston kino sanoati vakillari uyushmasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi tashkil etilishi, shuningdek, Toshkent xalqaro kinofestivalini “Ipak yoʻli durdonasi” nomi ostida taʼsis etish va kelgusi yildan muntazam oʻtkazilib borilishi diqqatga sazovor. Shu bilan birga, kinoteatrlar tarmogʻini rivojlantirish hamda audiovizual asarlar yaratishda respublika hududida amalga oshirilgan xarajatlarning bir qismini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish (“rebate”) boʻyicha tatbiq etilayotgan yangi tartib-taomillar kino sohasi va sanoati taraqqiyotida yangi ufqlarni ochishi shubhasiz», dedi F.Abduxoliqov.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring